Mo‘g‘uliston matbuoti O‘zbekiston haqida

“Montsame” axborot agentligi “O‘zbekiston – tub islohotlarni boshdan kechirayotgan yangi Osiyo yo‘lbarsi” sarlavhali maqola e’lon qildi. Muallif yurtimiz so‘nggi bir necha yil ichida misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotganiga e’tibor qaratgan.

– Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch, Qarshi kabi qadimiy Ipak yo‘lidagi shaharlari bilan mashhur O‘zbekiston ming yillar davomida sivilizatsiyalar chorrahasi vazifasini bajargan uzoq tarixga ega mamlakat, – deya boshlangan maqolada.

Shundan so‘ng oxirgi 10 yilda iqtisodiyotimiz yiliga o‘rtacha 5,9 foiz o‘sgani, 2017 yil boshlangan islohotlar izchil davom etayotgani, Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha strategik siyosat muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratilgan:

– O‘zbekistonni xalqaro kuzatuvchilar “Osiyoning beshinchi yo‘lbarsi” deb atayotgani bejiz emas, – deydi muallif. – Ma’lumki, Osiyoda 1960-1990 yillarda “to‘rt yo‘lbars” paydo bo‘lgan – Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan va Gonkong. 1990 yil “Ikkinchi to‘lqin yo‘lbarslari” – Indoneziya, Malayziya, Vetnam va Tailand maydonga chiqdi. Mana endi O‘zbekiston “yangi yo‘lbarslarning uchinchi avlodi” qiyofasini namoyon etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar amalga oshirish imkoniyati isbotlangan qat’iy ilmiy hisob-kitobga asoslangani, mamlakatni har tomonlama rivojlantirish, xalqaro maydondagi mavqeini kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlangan:

– Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida turli imtiyozlar orqali qulay sarmoyaviy muhit yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, jumladan 70 milliard xorijiy investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Respublika iqtisodiyoti yanada ochiq bo‘lgani sari xorijiy sarmoyadorlar ishtirokidagi korxonalar soni keskin oshmoqda.

Nashr yurtimizdagi mavjud mo‘l-ko‘l mineral resurslar, yetarli ishchi kuchi, aholining yuqori ta’lim darajasi, nisbatan kam tashqi qarz, islohotlarni davom ettirish ishtiyoqi kuchli hukumat – bularning bari jadal taraqqiyotni ta’minlash uchun qulay shart-sharoit garovi ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonni 2022-2026 yillarda rivojlantirish strategik rejasi”da atrof-muhit muhofazasiga alohida urg‘u berilgani, “Yashil maydon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekish maqsad qilingani qayd etilgan.

Muallif bundan ikki yil oldin Yangi “aqlli” Toshkent shahrini bunyod etish uchun tamal toshi qo‘yilganiga ham to‘xtalgan:

– Hozir O‘zbekiston poytaxtida aholi soni jadal oshib borishi, turar-joy binolari va boshqa ob’ektlar qurilishi hisobiga infratuzilma yuki ortib boryapti. Yaqin kelajakda urbanizatsiya yanada kuchayishi kutilyapti. Shuning uchun ham Toshkent shahrini rivojlantirish rejasini ishlab chiqishda davlat rahbari 15-20 yillik vaziyatni oldindan ko‘ra bilib, arxitektura taraqqiyotining istiqboldagi tendensiyalarini inobatga olgan holda, poytaxtni hozirgi joyidan uzoq bo‘lmagan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlariga ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bundan ikki yil avval yangi shaharning tamal toshi qo‘yildi. Bu ulkan loyihaning dastlabki bosqichida 20 000 gektar yer alohida davlat ehtiyoji uchun ajratilib, 100 000 kishi uchun uy-joy, infratuzilma yaratiladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech