2020 yil 10 dekabr kuni Xalqaro inson huquqlari kuniga bag'ishlangan “Yangi O'zbekiston va inson huquqlari” mavzuida xalqaro tadbir doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Inson huquqlari bo'yicha Malayziya komissiyasi o'rtasidagi o'zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: Komissiya 1999 yilda qabul qilingan Malayziyaning Inson huquqlari bo'yicha komissiyasi to'g'risidagi Qonuniga binoan tashkil etilgan.
Komissiyaning asosiy vakolati Malayziya hukumatiga qonun hujjatlari ishlab chiqilishida maslahat va yordam berish, shuningdek zarur choralar ko'rish hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar va boshqa xalqaro hujjatlarga qo'shilish va ratifikatsiya qilish bo'yicha tavsiyalar berish va inson huquqlarining buzilishi bilan bog'liq shikoyatlarni ko'rib chiqish shuningdek inson huquqlari sohasida xabardorlikni oshirish va ta'lim berishni qo'llab-quvvatlashdan iborat.
Ushbu memorandum O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyasi to'g'risidagi 6012-sonli Farmoni hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risidagi 4056-sonli Qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tuzildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inosn huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Inson huquqlari bo'yicha Malayziya komissiyasi raisi Tan Shri Osman bin Xoshim, O'zbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmanov, Malayziyaning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Xendi Assan ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbirda O'zbekiston Respublikasining vazirlik va idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar va O'zbekistondagi diplomatik korpus vakillari qatnashdilar.
Ushbu memorandum inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik, inson huquqlari sohasidagi xalqaro konventsiyalar va bitimlar bo'yicha davlat majburiyatlariga rioya etishga ko'maklashish, fuqarolarning huquq va asosiy erkinliklarini himoya qilish masalalari bo'yicha axborot va adabiyotlar almashish, ularni himoya qilish shakllari va usullari bo'yicha o'zaro tajriba almashishga qaratilgan.
Memorandumning asosiy yo'nalishlaridan biri - mahalliy, milliy va xalqaro darajada inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida qo'shma amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari, axborot-ma'rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, treninglar tashkil etish hamda tomonlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish sohasida tajriba, axborot va tahliliy materiallar almashishdir.
Anjuman davomida zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash sohasidagi O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik doirasida inson huquqlarini himoya qilish va unga rioya etish masalalari bo'yicha muntazam ikki tomonlama maslahatlashuvlar o'tkazish rejalashtirilgan.
Tomonlar ushbu Memorandum doirasida va o'z davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida tenglik, o'zaro hurmat va o'zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
2020 yil 10 dekabr
- Qo'shildi: 12.12.2020
- Ko'rishlar: 3623
- Chop etish