O‘zbekiston Respublikasining «Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Loyihada O‘zbekiston tomonidan xorijdagi vatandoshlarga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Loyihada xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari, rag‘batlantirish usullari belgilanmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari va O‘zbekiston xalqaro shartnomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston madaniy, ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, uni dunyoda o‘rganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida o‘zbek tilini, madaniyatini va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan vatandoshlarimizning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va do‘stona munosabatlarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishni istagan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash nazarda tutilgan.
O‘zbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoyadorlik, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratiladi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston madaniyat, ilm-fan, ta’lim va axborot sohalarida hamda iqtisodiy sohada xorijdagi vatandoshlar va ularning tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ular bilan hamkorlikda O‘zbekistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkil qiladi.
Taklif etilayotgan loyihaning qabul qilinishi natijasida xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.
Xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari, rag‘batlantirish usullari belgilanadi. Xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirishga erishiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA
- Qo'shildi: 18.07.2024
- Ko'rishlar: 1238
- Chop etish