Yangi O'zbekiston: inson huquqlariga e'tibor yuksalmoqda

So'nggi to'rt yil mobaynida “Yangi O'zbekiston” degan ijtimoiy real voqelik asosida mamlakatimizda inson huquqlariga e'tibor kun sayin yuksalmoqda. Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yuksak minbaridan turib, sof o'zbek tilida sayyoramizdagi yoshlarning huquqlari bo'yicha Konventsiyani qabul qilish taklifini kiritganida ham ko'rish mumkin.

Ayniqsa, mamlakatimiz Prezidentining bevosita tashabbusi bilan Inson huquqlari O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlangani va amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor. Milliy strategiya BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, jumladan, inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish bo'yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o'rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo'llash amaliyoti va ilg'or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgani juda muhim.

Mazkur tarixiy hujjatda O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha davlat siyosatini amalga oshirishning ustuvor vazifa hamda yo'nalishlari belgilab berilgan. Bu borada, xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining samarali faoliyatini e'tirof etish zarur, deb hisoblayman.

Bu haqda fikr yuritganda, Milliy strategiya ijrosi doirasida joriy yilning 12-13 avgust kunlari nufuzli xalqaro, mintaqaviy va nodavlat notijorat tuzilmalar jumladan, BMT va uning agentliklari, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot, YUNISEF, BMT Aholishunoslik fondi (YUNFPA), BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, Parlamentlararo ittifoq, YEXHT, YEXHTning Parlament Assambleyasi, Yevropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyo Parlament Assambleyasi, Afrika ittifoqi, SHHT, MDH vakillari ishtirokida yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab Samarqand veb-forumi o'tkazilganini alohida ta'kilash lozim.

Binobarin, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bu borada asosiy mezbon tashkilotchilardan bir bo'ldi.

Xalqaro anjuman yakunida “Yoshlar-2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat, o'z navbatida, BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.

Haqiqatan ham, mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga  qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

Inson huquqlari sohasida  uzoq muddatli Milliy strategiyaning qabul qilinishi mazkur tizimda davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, jamiyatda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'si mustahkamlanishiga zamin yaratadi.

Shu bois masalaning ilmiy asosiga e'tiborni kuchaytirish har tomonlama manfaatli ekanligini nazardan qochirmaslik kerak.

Bugungi kunda respublikamizda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o'qituvchilari, xodimlari va talabalari aholining huquqiy madaniyatini rivojlantirishda, birinchi navbatda, inson huquqlarini ta'minlashning ilmiy yechimiga bag'ishlangan ilmiy-nazariy tadqiqotlar yaratish hamda zamonaviy vositalar asosida targ'ib etishda faol ishtirok etayotgani ham e'tiborga molik.

Bu boradagi shaxsiy hissamga kelsak, men tomonimdan "Davlat va huquq nazariyasi", "Davlat va huquq tarixi", "Siyosiy va huquqiy ta'limotlar tarixi" fanlaridan o'quv qo'llanama va monografik ilmiy ishlar yozilgan. Yuzga yaqin, monografiya, risola, o'quv va uslubiy qo'llanma hamda darsliklar muallifiman.

Bunga qadar esa kamina Alisher Navoiyning davlat va huquq qarashlari bo'yicha yuridik fanlari nomzodliligi dissertatsiyasini hamda “O'zbekistonda XIV-XV asrlarda siyosiy va huquqiy ta'limotlarning asosiy yo'nalishlari" mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

“O'zbek davlatchilik tarixi to'g'risida”gi 3 jildlik kitobimiz hammualliflik asosida tayyorlangan.

O'zbekistonda birinchi marta o'zbek tilida mening rahbarligimdagi mualliflar jamoasi tomonidan “Inson huquqlari” o'quv qo'llanmasi nashr etilgan.

Shuningdek, o'nlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilib, huquq sohasida bir qancha shogirdlar tayyorladim.

Chorak asrdan buyon, ya'ni 1995 yildan hozirgi kunga qadar Toshkent davlat yuridik universitetida ta'lim-tarbiya va ilmiy faoliyat masalalari bilan shug'ullanib kelmoqdaman. Mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash ishiga ozmi-ko'pmi xizmatim singayotganidan mamnunman.

Halimboy BOBOEV,
O'zbekiston Respublikasi Fan arbobi,
yuridik fanlar doktori, professor;
«Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni sohibi

Powered by GSpeech