Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik
Joriy yilda mamlakatimizda eng muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ushbu saylov O‘zbekistonni, ta’bir joiz bo‘lsa, butun Markaziy Osiyo mintaqasini o‘rta va uzoq istiqbolda yanada barqaror rivojlantirish yo‘lida hal qiluvchi o‘rin tutadigan g‘oyat muhim qadam bo‘ladi.
Keyingi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida Yangi O‘zbekistonning demokratiya yo‘lida izchil rivojlanishi, tashqi dunyoga ochiqligi va raqobatbardoshligini ta’minlash doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Mamlakat fuqarolarining davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash borasidagi izchil islohotlar shular jumlasidandir.
Avvalambor, umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan erkin va adolatli saylovlarni ochiq hamda shaffof tarzda o‘tkazishga taalluqli huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan uzviy chora-tadbirlar ko‘rildi. Chunki erkin va ochiq, qonuniy va adolatli, xolis va shaffof saylovlar demokratik huquqiy davlatning yuzi hamda hozirgi zamon demokratik saylov tizimini mustahkamlash va rivojlantirishning ajralmas belgisi hisoblanadi.
Bu o‘rinda O‘zbekiston saylov qonunchiligi muntazam o‘tkazib kelinayotgan saylovlar davomida to‘plangan milliy saylov amaliyoti negizida jadal sur’atlarda takomillashtirilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu jarayonda, albatta, xalqaro talablar va andozalar, fuqarolarning siyosiy ongi va saylov (elektoral) madaniyati o‘sib borishi, joriy demokratik yangilanishlarning talab hamda mezonlari ham o‘z vaqtida hisobga olinmoqda.
Shu nuqtai nazardan, bugungi Yangi O‘zbekiston saylov qonunchiligi taraqqiyotida uch bosqichni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Ayrim saylov qonunlaridan – Saylov kodeksi sari
Qonunchilikni kodifikatsiyalash, ya’ni kodekslashtirish – amaldagi qonun hujjatlarini chuqur va har tomonlama qayta ishlash yo‘li bilan tizimlashtirilgan yagona normativ-huquqiy hujjatni yaratish bo‘yicha amalga oshiriladigan faoliyatdir. Bunda, bir tomondan, eskirgan normativ-huquqiy me’yorlardan voz kechilsa, ikkinchi tomondan, milliy huquqiy tizimni yalpi rivojlantirishga qaratilgan yangi huquqiy qoidalar ishlab chiqiladi.
Xorijiy davlatlarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari odatdagi qonunlar, konstitutsiyaviy qonunlar yoki saylov kodekslari qabul qilinishi orqali tartibga solinadi. Bunda dunyoning 30 dan ortiq davlatida saylovlarni Saylov kodeksi asosida tartibga solish bilan bog‘liq huquqiy amaliyot (model) qo‘llanilishini ta’kidlash lozim.
Yangi O‘zbekistonda ham saylov qonunchiligini kodekslashtirish yo‘li tanlandi. 2019 yilda ilgari saylov tizimimizda amalda bo‘lgan 5 ta qonun (1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonun; 1993 yil 28 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi qonun; 1994 yil 5 mayda qabul qilingan «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi qonun; 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi qonun; 1994 yil 5 mayda qabul qilingan «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun) o‘rniga yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Saylov kodeksi mamlakatimizning barcha ijtimoiy-siyosiy kuchlari – siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida, umumxalq muhokamasi negizida ishlab chiqildi.
Bu jarayonda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda Yevropa Kengashining Venesiya komissiyasi tavsiyalari, shuningdek Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kabi bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan xorijiy kuzatuvchilar missiyalarining tegishli xulosa hamda fikrlari ham hisobga olindi.
Xususan, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonda 2016 – 2019 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlar yakunlari bo‘yicha o‘z tavsiyalarini taqdim etgandi. Milliy saylov qonunchiligiga shu tavsiyalarning 29 tasi – to‘liq, 8 tasi – qisman implementatsiya qilindi, boshqalari esa ekspertlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Saylov kodeksining qabul qilinishi Yangi O‘zbekistonning jamiyatni demokratlashtirish va erkinlashtirish, fikrlar xilma-xilligi hamda ko‘ppartiyali tizimni mustahkamlash yo‘lidan qat’iy odimlayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Saylov kodeksining eng muhim yangiliklari, jumladan, quyidagi xususiyatlarida ko‘rinadi:
birinchi xususiyati: milliy saylov qonunchiligiga saylov to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarning parlament palatalaridan hech bo‘lmaganda bittasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov o‘tkazilishini ta’minlashga qaratilgan asosiy qoidalari to‘la implementatsiya qilindi. Qonunchilikdan parlament quyi palatasida deputatlik o‘rinlari uchun O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti chiqarib tashlanib, bunda Qonunchilik palatasida amaldagi deputatlik o‘rinlari (150 o‘rin) saqlab qolindi;
ikkinchi xususiyati: saylovchilarga saylovda bittadan ortiq partiya ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati berildi. Ya’ni siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta partiyani qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yish huquqi mustahkamlandi;
uchinchi xususiyati: qonunchilikda Prezidentlikka nomzodlarni, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ilgari surish huquqiga siyosiy partiyalar ega ekani belgilangan. Bunda siyosiy partiyalar o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni nomzod sifatida ko‘rsatish vakolatiga ega;
to‘rtinchi xususiyati: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi norma chiqarib tashlandi;
beshinchi xususiyati: nomzodlarga siyosiy partiyalardan biriktiriladigan ishonchli vakillar soni ko‘paytirildi. Endilikda Prezidentlikka nomzodlar uchun – 15, parlament deputatligiga nomzodlar uchun – 10, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlar uchun – 5, tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar uchun – 3 kishi ishonchli vakil bo‘lishi mumkin;
oltinchi xususiyati: siyosiy partiyalardan qo‘yiladigan kuzatuvchilarning saylovlar oshkora va demokratik ruhda o‘tishini ta’minlashdagi roli kuchaytirildi. Ular saylov komissiyasi ovozlarni sanash yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzganidan so‘ng darhol saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlar nusxalarini olishlari mumkin. Saylov komissiyasining ovozlarni sanash yakunlari bo‘yicha bayonnomasini ko‘pchilikning tanishib chiqishi uchun kamida 48 soat muddatga saylov uchastkasiga zudlik bilan ilib qo‘yish tartibi o‘rnatildi;
yettinchi xususiyati: saylovlarni tashkil etish, o‘tkazish va yakunlarini chiqarishga doir masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining saylov komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi. Bundan tashqari, endilikda nomzod yo kuzatuvchi saylov jarayonlarining har qanday bosqichi, shu jumladan ovozlarni qayta sanab chiqish yoki saylov natijalarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Saylov komissiyalari, shu jumladan Markaziy saylov komissiyasi qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi uzil-kesil mustahkamlab qo‘yildi. Bu borada sudga ariza bergan shaxslar o‘z murojaatining ko‘rib chiqilishida bevosita ishtirok etish huquqiga ega hisoblanadi;
sakkizinchi xususiyati: ilgari Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi nizom bekor qilinib, Senat a’zolarini qonunchiik darajasida saylash tartibi belgilandi;
to‘qqizinchi xususiyati: Saylov kodeksida siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan saylovoldi targ‘ibotini amalga oshirish turlari, shakllari va usullari qat’iy belgilab qo‘yildi;
o‘ninchi xususiyati: kuzatuvchilar, partiyalarning vakolatli vakillari, ommaviy axborot vositalari faoliyati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Saylov kodeksida saylov jarayoni ushbu ishtirokchilarining huquqlari doirasi mustahkamlandi. Zero, ularning ishtiroki tufayli saylov jarayoni shaffofligi ta’minlanadi.
Saylov komissiyalari majlislarida siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotchilar kuzatuvchilari ishtirok etishi mumkin. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq tarzda o‘tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda ommalashtiriladi;
o‘n birinchi xususiyati: O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, davlat axborot resursi hisoblanadigan ushbu ro‘yxatda saylovchi-fuqarolar, ularning doimiy yashash manzillari va vaqtincha turar joylari haqidagi ma’lumotlar jamlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, 2019 yilda davlat hokimiyati vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar davrida Saylov kodeksi sinovdan yaxshi o‘tdi. Ushbu Kodeks fuqarolarning saylovga taalluqli konstitutsiyaviy huquqlariga demokratiya va adolat, xolislik va ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik prinsiplari asosida so‘zsiz rioya etilishiga, saylovchilarning saylovda erkin ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilishiga, siyosiy partiyalar va nomzodlarga esa saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlar taqdim etilishi ta’minlanishiga xizmat qilishi o‘z tasdig‘ini topdi.
Saylov komissiyalari faoliyatining mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar
Mamlakat saylov qonunchiligi va saylov tizimini demokratlashtirishning ikkinchi bosqichi 2021 yilning fevralida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani bilan bevosita bog‘liqdir. Bunda, jumladan, quyidagi ustuvor vazifalarni hal etishga asosiy e’tibor qaratildi.
BIRINCHI USTUVOR VAZIFA – saylovlarda barcha fuqarolarning faol ishtirok etishini hamda qaerda joylashgani va vaqtincha yashab turganidan qat’i nazar, ularning saylov huquqlari amalga oshirilishini ta’minlash.
Qonunchiligimizda ilk bor xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini, ularning diplomatik vakolatxonalarda konsullik ro‘yxatiga olingani-olinmaganidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi hamyurtlarimizning yashash yoki ish joyi bo‘yicha ko‘chma saylov qutilarida ovoz berishlari uchun huquqiy asoslar yaratildi.
IKKINCHI USTUVOR VAZIFA – saylov tashkilotchilarining barcha tizimlari, ya’ni Markaziy saylov komissiyasi boshchiligida barcha darajalardagi saylov komissiyalari mustaqilligini yanada mustahkamlashga katta e’tibor qaratildi, binobarin bu demokratik saylovlarning zaruriy va muhim shartidir.
Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi va saylov komissiyalari a’zolarining maqomi qonuniy asosda belgilandi. Saylov tashkilotchilarining faoliyatiga xos bo‘lmagan vazifalar chiqarib tashlandi. Xususan, bundan buyon saylov komissiyalari o‘z vakolatiga kirmaydigan ish – nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish bilan shug‘ullanmaydi.
Saylov komissiyalari tizimi ham maqbullashtirildi. Tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti qisqartirildi. Bunday maqbullashtirish tufayli 5 ming 739 ta ortiqcha okrug saylov komissiyasi tugatilib, natijada katta miqdordagi mutaxassislar zaxirasi – 54 mingdan ziyod inson keraksiz vazifalardan ozod etildi.
Shu tariqa saylov komissiyalari davlat hokimiyatining barcha organlaridan mustaqil faoliyat yuritishi uchun tegishli huquqiy shart-sharoitlar yaratildi. Bugungi kunda saylov o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy darajasi, saylov natijalarining qonuniyligi asosan saylov jarayoni barcha sub’ektlari qonunchilik talablariga nechog‘lik aniq amal qilishiga bog‘liqdir.
UCHINCHI USTUVOR VAZIFA – siyosiy partiyalar targ‘ibot olib borishi, umumpartiyaviy saylov tadbirlari, jumladan, saylov kampaniyasi doirasida ommaviy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishi uchun imkon qadar qulay huquqiy sharoitlar yaratish.
Shuni ham qayd etish joizki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tegishli konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida emas, balki oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Saylov o‘tkazishning konstitutsiyaviy muddatini boshqa sanaga ko‘chirishdan oldin, albatta, ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirni demokratik asosda, xolis va adolatli tarzda tashkil etishni ta’minlash borasidagi milliy, xorijiy va xalqaro amaliyot sinchiklab o‘rganildi hamda bu boradagi eng ilg‘or tajribalarga tayanildi.
TO‘RTINCHI USTUVOR VAZIFA – saylov kampaniyasi davrida davlat resurslaridan foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining turli a’zo-davlatlardagi saylovlarni kuzatish missiyalari o‘z yakuniy ma’ruzalarida, odatda, bir aniq ustuvor tavsiyani bildiradi. Bu ham bo‘lsa, “ma’muriy resurslarning suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik va/yoki bunday suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilgani holati bo‘yicha shikoyatlarni samarali va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish mexanizmini yaratish” to‘g‘risidagi amaliy tavsiyadir.
Bu boradagi milliy va xorijiy tajribani hisobga olgan holda, O‘zbekistonda ham davlat xizmatchisi (agar u ishonchli vakil hisoblanmasa), shuningdek harbiy xizmatchilar, diniy tashkilotlar xodimlari va sudyalarning saylov davrida targ‘ibot bilan shug‘ullanishi qonuniy asosda taqiqlangan. Ushbu omil saylovlarni xolis, qonuniy va adolatli asosda o‘tkazish yo‘lidagi yana bir muhim qadam hisoblanadi.
Ikkinchi bosqichning eng muhim yangiliklari haqida so‘z borganda, siyosiy partiyalar va ularni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikning Saylov kodeksi talablariga moslashtirilgani, Prezident va parlament saylovlari, shuningdek mahalliy vakillik organlariga saylovlarni davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi o‘rnatilgani, saylov komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddati 10 kundan 5 kunga qisqartirilgani kabi holatlarni alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.
Eng asosiysi, mamlakat saylov qonunchiligi va saylov tizimini demokratlashtirishning ikkinchi bosqichi fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan saylov huquqlari yanada to‘liq amalga oshirilishiga, ularning saylovlardagi ishtiroki kengayishiga ko‘maklashadi, demokratik saylovlar o‘tkazish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Adolatli saylovning huquqiy asoslari
Yangi O‘zbekistonning zamonaviy saylov tizimi – ko‘p yillik tadrijiy taraqqiyot va ko‘p tomonlama siyosiy muloqot samarasidir. Zotan, saylov qonunchiligi saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan qanchadan-qancha o‘zgartirishlarni boshidan o‘tkazdi.
Modomiki, ushbu o‘zgartirishlarning eng kichigi, arzimas bo‘lib tuyulganining ortida ham katta va og‘ir mehnat, oldingi saylov kampaniyalarining chuqur tahlili va shu asosda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdek murakkab jarayonlar yotibdi.
Shunday qilib, saylov tizimi yillar davomida izchil sur’atlarda rivojlanib bordi. O‘z navbatida, ushbu yangilanishlar mamlakatni siyosiy-huquqiy rivojlantirishning uzviy va mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi.
Bu o‘rinda, albatta, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Saylov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqqani haqida so‘z bormoqda. Ushbu qonunchilik tashabbusi saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish, xalqaro andozalarga muvofiq holga keltirish hamda tom ma’noda demokratik saylovlar o‘tkazish borasidagi eng maqbul amaliyotlarga moslashtirishga qaratilgani bilan alohida diqqatga sazovordir.
Bu borada bir qator masalalarda yangilanishlar ko‘zda tutilgan.
Birinchidan, davlat hokimiyatining ta’sis etuvchi (ya’ni, Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi saylov komissiyalari tizimi) va sud hokimiyati tarmoqlari faoliyatida tiyib turish va o‘zaro muvozanatni ta’minlash maqsadida ular o‘rtasidagi vakolatlarni taqsimlash ishlarini davom ettirish.
Avvalambor, joriy etilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, bir tomondan, uchastka saylov komissiyalarining qarorlar qabul qilish borasidagi mustaqilligi va mas’uliyatini kuchaytirishni nazarda tutadi. Ikkinchi tomondan, saylov komissiyalarining harakatlari va qabul qilgan qarorlari yuzasidan fuqarolar hamda saylov jarayonlari boshqa ishtirokchilarining murojaatlari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish borasida sudlarning rolini oshirishga xizmat qiladi.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tavsiyalarini hisobga olgan holda, Saylov kodeksida shunday muhim bir norma mustahkamlandiki, unga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalarining harakatlari va qabul qilgan qarorlari yuzasidan saylovchilar hamda saylov jarayonlari boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqmaydi.
Shu yo‘l bilan ariza va murojaatlar taqdim etishning “qo‘shaloq” tizimiga, demakki Markaziy saylov komissiyasi bilan sudning bir-biriga zid qarorlar qabul qilishi ehtimoliga ham barham berildi. Bu masalalar faqat sudlarning vakolatiga kiritiladigan bo‘ldi.
Ayni chog‘da, fuqarolarning saylovga taalluqli huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlari sezilarli darajada kuchaymoqda. Bugungi kunda Saylov kodeksiga muvofiq:
- har qanday fuqaro saylovchilar ro‘yxatidagi xato yoki noaniqliklar yuzasidan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi murojaatni 24 soat ichida o‘rganib, xato yoki noaniqliklarni bartaraf etishi yoxud murojaatchiga murojaatining ko‘rib chiqilmasligini asoslangan javob orqali bildirishi zarur. Bunda uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin;
- saylov komissiyalarining qarorlari ustidan siyosiy partiyalar organlari, ularning nomzodlari, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin;
- Markaziy saylov komissiyasi qarorlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Saylov kodeksida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida qabul qilingan qarorlar ustidan saylov huquqi sub’ektlari tomonidan shikoyat qilinishining aniq tartib-qoidalari ko‘zda tutilgan. Kodeksda saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish va saylov yakunlariga doir masalalar bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Bularning barchasi fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ajralmas huquqlari amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Ya’ni nizoli holatlarni faqatgina sud ko‘rib chiqishi va adolatli qarorlar chiqarishi lozim.
Ta’sis etuvchi hokimiyat faqat saylovlarni tashkil etishga doir vazifalar bilan shug‘ullanishi zarur. Ular fuqarolarga saylovda o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun sharoit yaratib berishi darkor. Saylov komissiyalarining bu jarayondagi harakati yoki harakatsizligini baholash esa sudlarning vazifasiga kiradi.
Ikkinchidan, saylov davrida siyosiy partiyalar tomonidan tashkil etiladigan ommaviy yig‘inlar, miting va namoyishlar uchun xabardor qilish tartibini tatbiq etish.
Gap shundaki, 2019 yili bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari arafasida siyosiy partiyalar tomonidan butun mamlakat bo‘yicha 800 tadan ziyod ommaviy miting o‘tkazilgan. Bunga hech qanday to‘sqinlik qilinmagan va partiyalar tomonidan o‘zlarining ommaviy tadbirlar o‘tkazishga doir huquqlari buzilgani to‘g‘risida biron-bir murojaat bo‘lmagan.
Ammo o‘shanda qonunchilikda bu borada bo‘shliq mavjud bo‘lganidan ko‘z yumolmaymiz. Shuning uchun Saylov kodeksida shunday norma mustahkamlandiki, unga ko‘ra partiyalar ommaviy tadbirlar o‘tkazishdan kamida uch kun oldin – hokimliklarni ushbu tadbirni o‘tkazish joyi va vaqti haqida barvaqt xabardor qilishlari zarur. Ya’ni bunda “ruxsat kutish” emas, balki “xabardor etish” tartibi amal qiladi.
Uchinchidan, Prezident saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari salohiyatini mustahkamlash.
Hozirgi vaqtda, qonunchilikka muvofiq, saylovga kamida yetmish kun qolgan davrda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya tarkibi uning raisi, rais o‘rinbosari, kotib va 6-8 nafar boshqa a’zolardan iborat bo‘ladi.
Lekin bunda bir holatni hisobga olish kerak. Ya’ni parlament saylovi uchun bitta saylov okrugi doirasida 70 tadan 120 tagacha uchastka saylov komissiyasi shakllantirilsa, Prezident saylovi davrida qariyb 1000 ta uchastka saylov komissiyasi tuziladi.
Demakki, Prezident saylovi davrida uchastka saylov komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi anchagina murakkablashadi. Shu munosabat bilan Saylov kodeksida uchastka saylov komissiyalari a’zolarining soni 11 – 18 nafarga oshirilgan.
Bundan tashqari, uchinchi bosqichda oldingi saylovlar davrida aniqlangan texnik va tashkiliy masalalarni hal etishga qaratilgan boshqa bir qator yangiliklar ham nazarda tutilgan. Bularning barchasi, adolatli va haqiqiy demokratik saylovlar o‘tkazishning umume’tirof etilgan xalqaro prinsiplarini hisobga olgan holda, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini demokratlashtirishga qaratilgani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Aholining saylov madaniyatini yuksaltirish dasturi
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, shuningdek fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining tobora yuksalib borayotgan siyosiy hamda huquqiy ongi darajasi – mamlakatimiz saylov tizimini yanada takomillashtirish uchun muhim va mustahkam zamin hisoblanadi.
Yaqinda O‘zbekiston Parlamenti BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Konvensiyaning 29-moddasiga ko‘ra, ishtirokchi-davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar siyosiy huquqlarga ega bo‘lishini va bu huquqlaridan boshqalar qatori foydalanishini kafolatlaydi. Shuningdek, nogironlar siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki o‘zlari erkin saylagan vakillari orqali samarali va har tomonlama ishtirok etishini, saylash va saylanish huquqiga ega bo‘lishini hamda ovoz berish imkoniyatidan foydalanishini ta’minlash majburiyatini zimmasiga oladi.
Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ovoz berish yo‘li bilan ishtirok etishga doir huquqlarini amalga oshirishning barcha mexanizmlari o‘z mujassamini topgan. Xususan, ushbu Kodeks talabiga binoan, ovoz berish binosida jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun pandus mavjud bo‘lishi hisobga olinishi zarur. Ovoz berish xonalaridagi texnologik uskunalar – stollar, ovoz berish kabinalari va qutilari – bularning barchasi nogironlik aravachasida ovoz berish uchun keladigan saylovchilarning talablarini inobatga olgan holda o‘rnatilishi darkor.
2019 yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovlar davrida turli darajalardagi saylov komissiyalari nogironligi bo‘lgan 4 ming 158 nafar shaxs bilan ish olib borgandi. 2021 yil may oyida Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzoladi.
Shu asosda saylov komissiyalari tomonidan nogironligi bo‘lgan saylovchilarga imkon qadar yengil va qulay sharoitlar yaratish uchun bir qator tashkiliy tadbirlar o‘tkaziladi hamda zarur axborot materiallari tayyorlanadi. Saylov uchastkalarining axborot stendlarida mamlakat Prezidenti lavozimiga nomzodlari ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar tegishli tartibda joylashtiriladi.
Masalan, ko‘rish qobiliyati bo‘yicha nogironligi bo‘lgan saylovchi to‘ldirilmagan byulletenni Brayl alifboli qolipga joylashtirib, barmoqlari ko‘magida ro‘yxatdan o‘tgan nomzodning ism-familiyasini topishi va tegishli tuynukchadagi katak ichiga istalgan belgini qo‘yishi mumkin bo‘ladi. Eshitish qobiliyati sust va kar saylovchilar uchun, talabnoma kelib tushgan taqdirda, saylov kuni saylov uchastkasiga surdotarjimonlar taklif etilishi ham mumkin.
Saylovoldi teleko‘rsatuvlari surdotarjimon va subtitr (izohlovchi yozuvlar) bilan birga namoyish etiladi. Ko‘zi ojizlar uchun esa Brayl alifbosida maxsus jurnallar nashrdan chiqariladi.
Bu amaliy choralarning barchasi, shubhasiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar saylovda o‘z xohish-irodalarini erkin ifoda etishlariga yaqindan yordam beradi. Binobarin, nogironligi bo‘lgan shaxslar bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol ishtirokchilari hisoblanadi.
Saylovchilarning saylov madaniyati va faolligini oshirish, ularning saylov institutiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bugungi davr talabidir. Yangi O‘zbekiston jamiyatida davlat hokimiyatini shakllantirish hamda yangicha sharoitlarda konstitutsiyaviy prinsiplarni ro‘yobga chiqarishning yagona zamonaviy va demokratik mexanizmi – bu saylov ekani haqida komil ishonch mustahkam qaror topishi taqozo etiladi.
Bu muhim omillar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlari amalga oshishining zaruriy shartidir. Ana shu maqsadlarga erishish uchun, jumladan, quyidagi vazifalarni mutlaqo yangicha negizda bajarish lozim:
birinchidan, saylov tashkilotchilarining kasb ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining huquqiy bilimlarini oshirish tizimini takomillashtirish, bu ishlarning aniq maqsadli, ochiq va kompleks tarzda amalga oshirilishiga e’tibor qaratish;
ikkinchidan, saylov jarayonining turli toifadagi ishtirokchilari, ayniqsa, yoshlarning yalpi huquqiy va saylov madaniyatini oshirish;
uchinchidan, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni yaxshilash, jurnalistlarning saylov jarayoni to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, ularni saylovning barcha bosqichlarida ishonchli axborot tarqatish jarayoniga jalb etish, shuningdek jamiyatda mediamadaniyatni yuksaltirish;
to‘rtinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarini saylov jarayonining demokratik asoslarda, qonuniy va adolatli o‘tkazilishini ta’minlashga jalb etish, davlat organlarining saylov jarayoni barcha ishtirokchilari, saylovchilar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyatida ularning imkoniyatlaridan ham unumli foydalanish darkor.
Bunda jamoatchilik fikrini chuqur o‘rgangan holda qonun loyihalarini ishlab chiqish, davlat ahamiyatiga ega qarorlar qabul qilish va jamiyat uchun o‘ta muhim choralarni amalga oshirishda aholi faolligini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratish o‘rinlidir. Masalan, “regulation.gov.uz” yoki “Mening fikrim” portallari faoliyati orqali aholini shunday ijtimoiy ishlarga jalb etish juda muhim;
beshinchidan, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-huquqiy ta’lim resurslarini shakllantirish va rivojlantirish lozim.
Eng muhimi, ushbu choralarning barchasi, bir tomondan, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini ifoda etish kafolatini ta’minlaydi, ikkinchi tomondan, fuqarolarda vatanparvarlik va daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytiradi, uchinchi tomondan, jamiyatda siyosiy barqarorlikni mustahkamlaydi, to‘rtinchi tomondan esa, aholining huquqiy savodxonligini oshiradi.
Shuni unutmaslik kerakki, saylov tizimini rivojlantirish va takomillashtirish jarayoni, xuddi saylov to‘g‘risidagi qonunchilik singari hali to‘la yakuniga yetmagan. Zero, dunyo tajribasi ko‘rsatishicha, deyarli har bir navbatdagi saylov kampaniyasi yangi muammolarni ochib bermoqda.
Biz ayni paytda taraqqiyotning shunday bir bosqichida turibmizki, zarur hollarda to‘plagan tajribamizdan unumli foydalanib, taklif qilinayotgan o‘zgartirishlardan qaysi biri qanday holatda va qay tarzda samarali qo‘llanilishi mumkinligini chamalab, shu asosda dadil ish tutishimiz taqozo etiladi.
Saylov tashkilotchilari qonunlarni yaxshi bilishi va qonunlarga tayanib ish ko‘rishi shart. Parlamentimiz tomonidan tayyorlangan Aholining saylov madaniyatini oshirish bo‘yicha milliy harakat dasturi bu borada muhim ko‘makchi bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Muhimi – kasbiy malakani oshirishga, qonunning ma’no va mazmunini teran anglagan holda, aynan qonunga xizmat qilish uchun astoydil intilishdir.
Shunday qilib, Yangi O‘zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyoti taraqqiyotining uch bosqichi jamiyatni siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy jihatdan yangilash hamda mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan uyg‘unlikda quyidagi natijalarga olib keladi:
birinchi natija: mamlakatda real ko‘ppartiyali tizim sezilarli darajada rivojlanadi va mustahkamlanadi. Binobarin, yurtimizda partiyalararo sog‘lom raqobat muhiti yaratilgan bo‘lib, barcha siyosiy partiyalar uchun saylov kampaniyalarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘larni adolatli tarzda taqsimlash, ovoz berishni haqqoniy va saylovlarni qonuniy asosda o‘tkazish borasida teng sharoitlar muhayyo etilgan.
Boshqacha aytganda, bo‘lajak Prezident saylovi ko‘ppartiyali muhitda, nomzodlarning bellashuvlari, ochiqlik, fikr erkinligi va haqiqiy saylov talablari asosida bo‘lib o‘tadi, deb ishonch bilan ta’kidlash uchun barcha asoslar mavjud;
ikkinchi natija: saylovlarda fuqarolik jamiyati institutlari, ko‘ngillilarning ishtirok etish imkoniyatlari kengayadi va roli kuchayadi, fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlar sur’atlarini baholash borasidagi talabchanligi hamda did-saviyasi sezilarli ravishda ortadi;
uchinchi natija: O‘zbekistonda siyosiy partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari saylov kampaniyasi davomida o‘z huquqlari hamda majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur bo‘lgan barcha huquqiy shart-sharoitlar yuzaga keladi;
to‘rtinchi natija: saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish va ularni huquqiy tartibga solish imkoniyatlari kengayadi;
beshinchi natija: koronavirus pandemiyasi inson hayotining barcha sohalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Hozir saylovlar yangicha sharoitlarda o‘tkazilmoqda, ya’ni dunyo saylov tizimi tarixida birinchi marotaba saylovchilar saylov uchastkalariga qat’iy ravishda niqob taqqan va antiseptik vositalardan foydalangan holda kiritilmoqda. Shuning uchun pandemiya sharoitida saylov jarayonini tashkil etishda muayyan jihatlarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.
Birinchi jihat – saylovning umumiy tashkilotchilik ishlariga taalluqli. Ya’ni ovoz berish binolari va xonalarini pandemiya sharoitiga moslash, masofadan harorat o‘lchash, saylovchilar oqimini tartibga solish, ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish va sanitayzerlardan foydalanish kabi omillarga jiddiy e’tibor qaratish lozim.
Ikkinchi jihat – saylovchilarga qo‘yiladigan talablar. Saylovchilar, albatta, niqob taqishi, antiseptikdan foydalanishi va masofa saqlashi zarur.
Uchinchi jihat – saylov jarayoni ishtirokchilari faoliyati bilan bog‘liq. Ovoz berish kuni uzoq muddat saylov uchastkalarida bo‘lishi taqozo etiladigan kishilar, ya’ni saylov komissiyasi a’zolari, kuzatuvchilar, ishonchli vakillar ham pandemiya sharoiti talablariga qat’iy amal qilishlari darkor.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovlar tom ma’noda davlat hokimiyatini shakllantiradigan va uning o‘tuvchanligi, ya’ni izchilligini namoyon etadigan hamda mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlaydigan samarali mexanizmga aylanmoqda.
- Qo'shildi: 26.10.2021
- Ko'rishlar: 5588
- Chop etish