YANGI ZAFARLARGA CHORLOVCHI E'TIROF

2020 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Xalqaro inson huquqlari kuni tadbirlarida ishtirok etganim va kamtarona xizmatlarim uchun «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan taqdirlanganimdan behad xursand bo'ldim.

Ayniqsa, ana shu anjumanda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, taniqli davlat arbobi, akademik Akmal Saidovning bizning kamtarin mehnatimizni e'tirof etib, sha'nimizga ko'p yaxshi fikrlar izhor qilgani meni yanada quvontirdi. Ilm-fanda yangidan-yangi asarlar yaratish, shogirdlar tarbiyalashga ilhomlantirdi.

O'zbekistonning podshohlik Rossiyasi va sovet mustamlakachiligi davrida yurtimiz, xalqimiz ozodligi yo'lida kurash olib borgan va shu muqaddas ish yo'lida mustabid rejim tomonidan qatag'on qilingan yurtdoshlarimizning ayanchli, fojiali taqdirini o'rganish va xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik, millatparvarlik ruhida tarbiyalash ishiga qo'shgan hissam davlatimiz, hukumatiz tomonidan munosib qadrlanayotganidan juda mamnunman.

1991 yili O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, 2019 yili «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangandim.

Mana endi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasiga Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida» farmoni ijrosini ta'minlash hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo'shgan fuqarolarni rag'batlantirish to'g'risidagi qarorini hayotga tatbiq etish doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni bilan taqdirlandim.

Istiqlol arafasi va mustaqillik yillarida sovet davridagi tariximizning fojiali, alamli sahifalari tarixini yaratishda ozmi-ko'pmi ish qilganimni qalban sezaman.

Sovetlarning O'zbekistonda amalga oshirgan kollektivlashtirish, quloqlashtirish va surgun qilish siyosati hamda amaliyotining fojiali oqibatlari haqida «O'zbekistonda sovetlarning quloqlashtirish siyosati va uning oqibatlari (Toshkent, 2001)», «Qishloq fojiasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun (Toshkent, 2003)», «Shimoliy Kavkaz surgunidagi yurtdoshlar qismati (Toshkent, 2005)», «Tarixning hasratli sahifalari (Toshkent, 2006)», 3 jildlik «Tragediya Sredneaziatskogo kishlaka (Tashkent, 2006)», «Sredneaziatskiy kishlak v godi Bol`shogo terrora (Andijon, 2007)», «Shimoliy Qozog'iston surgunidagi yurtdoshlar qismati (Toshkent, 2009)» monografik tadqiqotlarimiz e'lon qilindi.

1937-1938 yillardagi «Katta terror»da o'zbekistonliklardan 40 mingga yaqin yurtdoshlarimiz qatag'on qilingan. Ulardan 7 mingga yaqini otilgan, qolganlari GULAG lagerlari va qamoqxonalariga hukm qilingan, ko'plari o'sha joylarda halok bo'lgan.

Bu vatandoshlarimizning fojiali qismati, taqdiri haqida «Jertvi repressii», «Istiqlol yo'lida shahid ketganlar», 6 jildlik "Repressiya" – rus tilida, "Qatag'on" – o'zbek tilida, «O'zbekistonda sovetlarning qatag'on siyosati va uning oqibatlari», «Andijon, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari bo'yicha qatag'on qurbonlari», «Qatag'on qilingan yurtdoshlarni xotirlab» nomli kitoblarimiz nashr yuzini ko'rdi va ular keng jamoatchilik tomonidan e'tirof etilmoqda.

So'ngi yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmoyishlarida belgilab berilgan podshohlik Rossiyasi va sovet davrida O'zbekistondagi qatag'on siyosati va uning oqibatlari bo'yicha xotira kitoblarini yaratish, O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shgan hissasi mavzulari bo'yicha tadqiqot ishlarini olib bormoqdamiz.

Yuqori malakali mutahassis kadrlar yetishtirish bo'yicha ham faoliyat qizg'in bormoqda. Andijon davlat universitetida O'zbekiston tarixi sohasida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladigan Ixtisoslashgan Kengash 1993-1998-2005, 2018-2020 yillar davomida faoliyat ko'rsatmoqda.

Shundan beri Kengashga raislik qilmoqdamiz. Bu orada 20 dan ortiq dissertatsiya himoya qilindi. Hozirgacha shogirdlarimizdan 2 nafari fan doktori, 9 nafari tarix fanlari nomzodi ilmiy unvonlariga egadir. Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ustida ish olib borayotgan shogirdlarim 5 nafar.

2018 yildan Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori va universitet professori lavozimida mehnat qilib kelmoqdamiz.

Shuni ham aytishimiz lozimki, 1994 yildan hozirgacha Oliy o'quv yurtlari uchun yozgan O'zbekiston tarixi o'quv qo'llanmasi darsligi 5 marotaba qayta nashr qilinib, o'quv jarayonida foydalanilmoqda. 2016 yildan «Vodiynoma» jurnali bosh muharriri vazifasida xizmat qilmoqdamiz.

So'ngi 4 yil ichida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti O'zbekiston tarixi faniga, umuman tarixiy merosimizga juda katta e'tibor qaratmoqda. Bu borada tegishli qaror, farmoyish va ko'rsatmalar bermoqdaki, ular biz tarixchilarni nihoyatda quvontiradi.

Shu bois bir g'ayratimizga o'n g'ayrat qo'shilib, ilmiy tadqiqot ishlarimiz yanada samarali bo'lishi uchun ientilayapmiz. Biz yozgan asar va maqolalar xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik, millatga, yurtga sadoqat bilan xizmat qilish ruhida tarbiyalashi uchun bor imkoniyatimizi safarbar qilamiz.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori;
«Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni sohibi

Powered by GSpeech