Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganing 32 yilligini nishonlaymiz. Konstitutsiya va uning asosidagi qonun ustuvorligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni. So‘nggi yillarda barcha islohotlar ayni shu tamoyil asosida amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston xalqining vakolatli vakillari bo‘lmish parlament a’zolari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli o‘laroq, mamlakatimiz Asosiy qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilindi. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir.
Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston – inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi, xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi, «odamlar tashvishi bilan yashash», barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Asosiy qonunning 7 moddasi, ikkinchi bandida yana bir umume’tirof etilgan tamoyil mustahkamlangan. Unga ko‘ra davlat hokimiyati faqat «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi». Konstitutsiyadagi ushbu qoidalar 10-moddaning «O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin», degan birinchi bandida yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya’ni jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas. Demak, Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi belgilangan ekan, ana shu qoidadan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilyapti.
Xususan, 27 oktyabr kuni mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilab berilgan qoidalar asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu safargi saylovlar mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda, parlament va mahalliy kengashlarning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni va vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tkazilgani mamlakatimizning xalqaro imijiga kuchli ijobiy ta’sir qilgan muhim voqelik bo‘ldi. O‘zbekistondagi dinamik islohotlar fuqarolik jamiyati rolini kuchaytirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etib, demokratik boshqaruvni rivojlantirishga va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bu galgi saylovlarda eng ko‘zga ko‘ringan o‘zgarishlardan biri bu ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida 40 foizini tashkil etishi belgilangani bo‘ldi. Oldin ayol nomzodlar uchun gender kvotasi 30 foiz edi. Saylov kodeksining 70 va 91-moddalarida ushbu o‘zgarishlarning aks etishi saylovda ayollarning keng ishtirokini ta’minladi. Natijada xotin-qizlar Qonunchilik palatasidagi 150 o‘rindan 47 tasini egalladi, bu umumiy nomzodlarning 45 foizini tashkil etadi. Mazkur ijobiy o‘zgarish xotin-qizlarning mamlakatimiz siyosiy hayotiga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotgani, gender tenglikka rioya qilinayotganidan dalolat.
Ta’kidlash joizki, ushbu siyosiy jarayonga tayyorgarlik ancha oldin boshlandi. 2023 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun – O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va “Referendum to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha konstitutsiyaviy qonun asosida tayyorgarlik ko‘rildi. Ya’ni, saylovlar ilk bor aralash – mojaritar va proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazilishi belgilandi. Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rishda yuksak mahorat namoyish etdi. Yig‘ilishlarning muntazam ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilishi, qarorlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi jarayonning shaffofligini ta’minladi. Natijada 20 millionga yaqin saylovchi ro‘yxatga olindi va saylovchilar ro‘yxati jamoatchilik nazorati uchun ochiq bo‘ldi.
Bu galgi saylovning yana bir muhim jihati shundaki, unda 2023 yil umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, aholining ayrim guruhlari uchun saylov huquqlarini cheklash bekor qilindi. Bu xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. Bundan tashqari, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra senatorlar soni 100 tadan 65 taga qisqartirildi va hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratining yangi mexanizmlari joriy etildi.
Saylov tizimini isloh qilish bo‘yicha qonunchilik jarayoni rasmiy ravishda jamoatchilik maslahatini o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu fuqarolarga o‘z takliflarini bildirish imkonini berdi. Siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini turli usullardan – yopiq yig‘ilishlardan tortib, internetdagi reklamagacha erkin o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Saylov uchastkalarida nomzodlar haqidagi axborot plakatlaridan faol foydalanildi. Saylovchilarni xabardor qilish maqsadida teleko‘rsatuvlar tashkil etildi.
Inklyuzivlik ham e’tiborga molik muhim masalalardan bo‘ldi.
MSK munozaralar davomida Brayl alifbosidagi materiallar va surdo-tarjimonlar mavjudligini ta’minlash orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishtirokini yaxshilash bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Saylov byulletenlari o‘zbek va mahalliy tillarda chop etildi, bu esa saylov jarayonining barcha aholi qatlami uchun ochiq bo‘lishiga xizmat qildi.
Bu yilgi saylovda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, saylovchilarga, saylov tashkilotchilariga qulaylik yaratish, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovda ishtirokini raqamli texnologiyalar ko‘magida tashkil etish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birga “E-Saylov” axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari va tuman, shahar saylov komissiyalari o‘rtasida bo‘ladigan muloqotlar, hujjatlar va axborot almashinuvi aynan “E-Saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirildi. Bu esa saylov komissiyalari o‘rtasidagi hujjat almashinuvini tezlashtirdi, ortiqcha vaqt yo‘qotilishining oldini oldi. Eng muhimi, mazkur tizim saylovchilarga qulaylik yaratdi. Ular “E-Saylov” tizimi orqali o‘z hududidan ko‘rsatilayotgan nomzodlar va ularning dasturlari haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa saylov kunigacha saylovchilarning nomzodlar haqida aniq bir to‘xtamga kelishiga asos yaratdi.
Xorijdagi vatandoshlarimizning saylov huquqlarini ta’minlash masalasi ham MSKning doimiy e’tiboridagi masala bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga mas’ul hisoblanib, chet elda tashkil etilgan uchastkalarda vatandoshlarimizning proporsional tizim orqali siyosiy partiyalarga ovoz berish imkoniyatini yaratdi. Zero, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bosib o‘tgan chuqur islohotlar yo‘li dunyo miqyosida tan olinmoqda. Ayni yangilanishlar saylov islohotlarida ham yaqqol namoyon bo‘lyapti. Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi va takomillashgan Saylov kodeksi shundan darakdir. O‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etishga e’tibor oshdi.
Parlament saylovi haqida so‘z borganda uning oldingilaridan farqlanadigan ba’zi tomonlariga e’tibor qaratish zarur. Ayniqsa, aralash saylov tizimiga o‘tish – muhim yangilik. Mazkur o‘zgarish Konstitutsiya hamda Saylov kodeksidan eskirgan qoidalarni olib tashlanganini anglatadi. So‘nggi saylovgacha yurtimizda saylov jarayonlari mojaritar tartibda o‘tkazilib, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu saylov tizimi asosida, ya’ni hududiy bir mandatli okrug bo‘yicha saylanardi. O‘zbekistonda amalda bo‘lgan davrdagi amaliyot va umuman xorijiy davlatlar tajribasi mojaritar saylov tizimining ijobiy jihatlari bilan birga, bir qator o‘ziga xos kamchiliklarini namoyon etdi. Amalda bo‘lgan ushbu mojaritar saylov tizimida siyosiy partiyalar faoliyatini samarali rivojlantirish, ularni huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining qudratli instrumentiga aylantirishga to‘sqinlik qiluvchi qator konseptual muammolar mavjud edi. Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalar raqobat kurashi samaradorligini oshiradi. Partiyalararo raqobat siyosiy tizimning sog‘lom ishlashini ta’minlaydi, aholini siyosiy faol bo‘lishga undaydi va bu bilan jamiyat rivojiga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalarning saylovchilar bilan ishlashini samarali tashkil etishga xizmat qiladi, ular oldidagi mas’uliyat va hisobdorligini kuchaytiradi. Bu esa joylarda keng ommaning, aholining siyosiy partiyalarga bo‘lgan ishonchini oshiradi, saylovchilarni faol bo‘lishga undaydi. Aralash tizim tufayli qonunchilik faoliyati sifati yaxshilanadi, aholining deputatlarga qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha murojaatlari soni va ayni paytda deputatlar tomonidan qonunchilikka tuzatishlar kiritish bo‘yicha faolligi oshadi, qonun chiqaruvchilarning qonun loyihalarini tayyorlash va ularni amalga oshirish yuzasidan mintaqalarning ijro etuvchi hokimiyat rahbarlariga talabchanligi oshadi. Natijada xalqning siyosiy jarayonlarga qiziqishi ortadi. Bu professional parlament shakllanishiga xizmat qiladi. Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarni Siyosiy partiyalar faol va tashabbuskor bo‘lar ekan, aholi ham o‘z-o‘zidan siyosiy faol bo‘ladi, siyosiy ongi va madaniyati yuksaladi.
Xalqimiz saylovda o‘zining faolligini namoyish etdi. Unda ovoz berish huquqiga ega saylovchilarning 72 foizdan ortig‘i qatnashdi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida saylovchilarning ishtiroki 30-40 foizni tashkil etayotgan bir paytda mamlakatimizda xalqning faollik ko‘rsatishi ularning mamlakat taqdiri va kelajagiga befarq emasligini ko‘rsatdi. Buni xalqaro kuzatuvchilar ham e’tirof etdi. Ta’kidlash joizki, yurtimizda adolatli va sog‘lom raqobatga asoslangan saylovlarning tashkil etilishida yurtdoshlarimizning 2023 yil 30 aprel kuni muhim tarixiy siyosiy jarayon – yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda o‘z kelajagi, mamlakatimiz ertasi uchun ijobiy ovoz bergani sabab bo‘ldi. Aynan shu kuni tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqladi. Bu bilan yurtimizda demokratlashuv jarayoni jadallashtirildi, yurtdoshlarimizning barcha Konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlandi.
Yurtimizdagi inson qadrini ko‘zlagan siyosat natijasida Yangi O‘zbekistonimizda parlamentning vakolati kengaydi, ayniqsa, hukumat soati degan institutning paydo bo‘lishi parlament, deputatlarimizning ijtimoiy hayotdagi rolining ortib borishiga olib keldi. Har oyda bir marotaba eng dolzarb masalalar bo‘yicha deputatlar, partiyalar va ularning fraksiyalarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha hukumat hisobotini eshitayotganligi buning yaqqol dalilidir.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishda Konstitutsiyamizni takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etdi. Ya’ni, Asosiy qonunga o‘zgarishlar kiritilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yanada jadallashtirishda, uni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilini saylash, Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish (78-modda), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish», Prezidentning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish (80-modda), O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari qonunchilikka oid takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishga haqli kabi o‘zgartish va qo‘shimchalarning aks etgani Parlament vakolatlarini kengaytirishga, ularning mas’uliyati oshishiga bevosita xizmat qilmoqda.
Parlament vakolatlarini kengaytirish orqali xalq o‘zi saylagan deputatlar orqali davlatni boshqarishda bilvosita ishtirok etadi. Agar deputatlarning vakolatlari imkoniyatlari kuchaytirilsa, vakillik organining mavqei mustahkamlansa, demak xalqning ham jamiyat va davlat hayotiga oid muhim masalalarni hal qilish imkoniyatlari ko‘payaveradi. Shu sababdan Konstitutsiyaga kiritilgan aynan mazkur o‘zgarishlar juda muhim.
Darhaqiqat, so‘nggi besh-olti yil ichida mamlakatimizda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni, erishilgan marralarni tahlil qilar ekanmiz, «O‘zbekiston Prezidenti tanlagan yangi siyosiy yo‘l o‘zini oqladi», deb ishonch bilan ayta olamiz. Zero, «inson huquqlari va erkinliklari», «ochiqlik va oshkoralik», «jamoatchilik nazorati», «xususiy mulk daxlsizligi» kabi tushunchalar aynan Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik faoliyati bilan birga insonlarning real hayotiga chuqur kirib, amaliy ahamiyat kasb etib bordiki, bundan buyon odamlar o‘z taqdirini ushbu tushunchalarsiz tasavvur eta olmaydi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Harakatlar va so‘ngra Taraqqiyot strategiyalari demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlisning rolini yanada kuchaytirish borasida muhim omil bo‘ldi. Ushbu tarixiy hujjat o‘tgan qisqa davrda xalq saylagan vakillik organlari – parlament va xalq deputatlari Kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyatini tubdan o‘zgartirdi. Davlat rahbarining o‘zi ham O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda turgan o‘ta dolzarb va murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish uchun avvalo, qonun ijodkorligi sohasida ishni butunlay yangicha tashkil etish masalasini olg‘a surdi. Chunki qabul qilinayotgan qonunlarning har jihatdan mukammal bo‘lishi aholi farovonligini oshirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash demakdir. Qonun ijodkorligi faoliyati «Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart» degan ustuvor tamoyilga asoslandi. Bu esa Qonunchilik palatasini har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam «demokratiya maktabi»ga aylantirdi.
Alohida ta’kidlashni istardim, Konstitutsiyaga parlament vakolatlarini kengaytirish yuzasidan kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tufayli parlamentimiz haqiqiy xalq vakillariga aylandi, uning faoliyati yanada shaffoflashib boryapti, deputatlarimizning xalq manfaatlari yo‘lida ilgari suradigan takliflari soni ko‘paydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida parlament vakolatlarining kengayishi hokimiyatning uch bo‘g‘ini o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga, o‘zaro bir-birini tiyib turishga, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada yaxshilashda muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, qonunlarni qabul qilish jarayonida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, bunda fuqarolarning xohish-istaklariga quloq tutish, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazish huquqiy hujjatlarning sifatli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshpo‘lat Matibayev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,
Sotsiologiya fanlari doktori, professor.
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 183
- Chop etish