Munosabat
Joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqand shahri tarixiy ahamiyatga ega muhim siyosiy voqea – “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”ning birinchi sammitiga mezbonlik qildi. Bu kabi yuqori darajadagi xalqaro uchrashuvlar ko‘pincha kishida diplomatik muloqot, siyosiy izohlar va rasmiy bayonotlar bilan bog‘liq, degan tasavvurni uyg‘otadi. Biroq, bu galgi sammit tashabbuslar va kelishuvlar siyosiy doirasida cheklanib qolmay, balki har bir fuqaroning kundalik hayotida aks etishi lozim bo‘lgan aniq va amaliy natijalarni nazarda tutdi.
Jumladan, sammit doirasida qabul qilingan qarorlar, ilgari surilgan tashabbuslar qator muhim yo‘nalishlarda – yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish, mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, “yashil energetika” hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash, transport va hududiy bog‘liqlikni mustahkamlash, sayyohlik va madaniy almashuvni jonlantirishni ko‘zda tutgan. Shuningdek, xavfsizlik va inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish orqali har bir fuqaroning farovonligiga xizmat qiladi.
Shu bois ham, Samarqand sammiti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘yish bilan birga, fuqarolar manfaatlari yo‘lidagi amaliy harakatlar maydonini kengaytirayotgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Sammitda ishtirok etgan Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen “Global Gateway” tashabbusi doirasida Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro miqdorida strategik investitsiya yo‘naltirilishini qayd etdi. Mablag‘lar transport infratuzilmasi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, raqamli aloqalar hamda muhim strategik xomashyo materiallariga oid loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Bunda avvalo, qurilish, logistika, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Ikkinchidan, yirik infratuzilmaviy loyihalar orqali mintaqada transport va energetika tarmoqlari modernizatsiya qilinib, xalq xo‘jaligi tarmoqlari o‘rtasidagi bog‘liqlik mustahkamlanadi.
Eng muhimi, ushbu loyihalar nafaqat iqtisodiy faollikni kuchaytiradi, balki aholi uchun yangi imkoniyatlar, qulay sharoitlar va mustahkam ijtimoiy infratuzilmani yaratadi. Bunda shahar va qishloqlarning turmush darajasi yaxshilanib, transport, energetika ta’minotining sifati va raqamli xizmatlarga kirish imkoniyati ortadi, fuqarolarning hayotida tub yangilanishlar kuzatiladi.
Shuningdek, Sammit doirasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Yevropa bozorlariga olib chiqish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bunday imkoniyatlar mahalliy tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar bilan ishtirok etish salohiyatini mustahkamlaydi. Albatta, bunda texnik reglamentlar, mahsulot standartlari va sertifikatlashtirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining institutsional ko‘magi muhim o‘rin tutadi. Bu esa milliy mahsulotlarning xalqaro talablarga mosligini ta’minlab, ularni tashqi bozorlarga chiqarish jarayonini ancha yengillashtiradi. Iqtisodiy o‘sish barobarida ijtimoiy barqarorlik ham mustahkamlanadi.
Sohalar bo‘yicha muhim kelishuvlar
Sammit doirasida ta’lim sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturini kengaytirish va Markaziy Osiyo yoshlari uchun qo‘shimcha kvotalar ajratish shular jumlasidandir. Bu har yili yuzlab yoshlarga Yevropa universitetlarida ta’lim olish, malaka oshirish va xalqaro akademik muhitda tajriba orttirish imkonini beradi.
Shuningdek, O‘zbekistonda “Ufq – Yevropa” (Horizon Europe) ilmiy-tadqiqot dasturining mintaqaviy vakolatxonasini ochish taklif etildi. Mazkur platforma orqali sun’iy intellekt, yirik hajmdagi ma’lumotlar, raqamlashtirish va kosmik tadqiqotlar kabi zamonaviy sohalarda qo‘shma ilmiy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’lim va ilmiy hamkorlikning bu tarzda yo‘lga qo‘yilishi farzandlarimizning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni chuqur egallash imkoniyatini kengaytirib, ularning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshiradi. Eng muhimi, bu jarayon mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishga qodir, yuksak salohiyatga ega kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Demak, bu – faqat ta’lim emas, balki yoshlarimiz va mamlakatimiz kelajagiga kiritilayotgan eng muhim strategik sarmoyalardan biridir.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar energiya balansida qayta tiklanadigan manbalar ulushini 54 foizga yetkazishni strategik maqsad qilib belgilagan. Bunga erishishda Yevropa Ittifoqi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Sammit doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalari – quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, elektr energiyasini Yevropa bozorlariga eksport qilish, “yashil” energetika bo‘yicha investitsiya platformalarini rivojlantirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, uglerod kreditlari bozorini shakllantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha siyosatni muvofiqlashtirish, ushbu yo‘nalishdagi vazirliklar o‘rtasida ishchi guruhlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbuslar faqat energetika sohasini modernizatsiya qilish emas, balki atrof-muhitni muhofaza qilish va aholiga toza, xavfsiz yashash muhitini yaratishga ham qaratilgan.
Bunday yondashuv, o‘z navbatida, aholining sog‘lig‘i, turmush sifatini yaxshilash, iqlimning mo‘’tadilligini saqlash va barqaror muhitda yashash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, iqtisodiy faollik va ishlab chiqarish hajmlarining ortishi ekologik masalalarga nisbatan mas’uliyatli va zamonaviy yondashuvni talab etadi. “Yashil” energetika loyihalari ana shu talablarga javob berishi, iqtisodiy rivojlanish bilan bir qatorda, ekologik barqarorlikni ham ta’minlashi lozim. Demak, bu sohadagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va ekologik jihatdan ham samarali natijalarga olib kelishi mumkin.
Yana bir muhim masala, bu – Transkaspiy transport yo‘lagini kengaytirish, mintaqadagi logistika tizimini yangilash va mintaqalararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvlardir. “Global Gateway” tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqi 10 milliard yevro miqdorida investitsiyalarni yo‘naltirish niyatida ekanligini bildirgan edi. Sammit davomida ushbu loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bu kabi infratuzilmaviy hamkorlik mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Yevropa bozoriga chiqishni ancha yengillashtirib, logistika xarajatlarini kamaytirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti va umumiy iqtisodiy kayfiyatga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Umuman olganda, Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish, nafaqat geoiqtisodiy loyiha, balki mamlakatlar o‘rtasidagi yaqinlashuv va fuqarolar manfaatini ta’minlashga qaratilgan strategik amaliy qadamdir.
Ushbu nufuzli sammitning ahamiyati haqida so‘z ketar ekan, faqat iqtisodiy yoki geosiyosiy masalalar emas, balki jamiyatlar o‘rtasidagi insoniy va madaniy yaqinlashuv masalalari ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, mintaqalarimiz aholisini bir-biriga yaqinlashtirish, madaniy almashuvni rag‘batlantirish va umumiy tarixi hamda urf-odatlarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni shu maqsadda Sammitda 2025 yilda Buxoro shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sayyohlik forumi haqida alohida fikr bildirildi. Ushbu forum mintaqa davlatlari va Yevropa o‘rtasidagi sayyohlik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, “Bir tur – butun mintaqa” konsepsiyasi asosida yagona Markaziy Osiyo vizasi tizimini joriy etish tashabbusi ham ilgari surildi.
Bu, o‘z navbatida, xalqaro sayyohlar oqimining keskin oshishi, mahalliy iqtisodiyot, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik sohalarining jadal rivojlanishi, eng muhimi, aholi daromadlarining oshishi va ijtimoiy faollikni kuchaytiradi. Shuningdek, har bir mintaqa o‘z madaniyati, tarixiy merosi va milliy qadriyatlarini jahon hamjamiyatiga namoyon qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Demak, sayyohlikdagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va ma’naviy yaqinlashuvning samarali vositasidir.
Xavfsizlik va inson huquqlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammit arafasidagi chiqishida ta’kidlaganidek, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun doimo eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan va bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ham xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni ikki tomonlama munosabatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etdi.
Shu bois, Sammit doirasida kiberxavfsizlikni mustahkamlash, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish, chegaralarni muhofaza qilish va radikallashuvning oldini olish kabi muhim yo‘nalishlarda yangi hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu borada “BOMCA” (Border Management Programme in Central Asia) kabi dasturlar doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, inson huquqlari, gender tengligi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdagi doimiy va ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olindi. Ushbu sohalardagi qo‘shma tashabbuslar huquqiy-ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlash bilan bir qatorda, har bir fuqaroning xavfsizligi va erkinligi ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xavfsizlik va inson huquqlariga oid masalalardagi bu kabi keng qamrovli kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, aholi farovonligini kafolatlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda, shubhasiz muhim omilga aylanadi. Sammitning ushbu jihati mintaqaviy barqarorlik, shuningdek, umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilishda ham amaliy natijalarni berishi kutilmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Samarqand bo‘lib o‘tgan sammitga nafaqat diplomatik muvaffaqiyat, balki har bir fuqaroning hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratuvchi strategik voqelik sifatida qarash lozim. Zero, qayd etilgan investitsiyalar, ta’lim va energetika sohalaridagi hamkorlik, transport va logistika loyihalari, savdo-iqtisodiy kelishuvlar, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar oddiy aholining farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Ushbu tarixiy sammit ikki mintaqani – Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqini iqtisodiy, madaniy, fan-ta’lim va siyosiy jihatdan ham yaqinlashtirdi. Bugungi beqaror global sharoitda shunday ochiq, ishonchli va uzoqni ko‘zlagan hamkorlik platformalari mintaqaning rivojiga o‘z hissasini qo‘shishiga umid qilamiz.
Eng muhimi, sammitda belgilangan maqsad va kelishuvlarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdir. Shundagina har birimiz ushbu yuqori darajadagi uchrashuvning oddiy fuqarolar hayotiga qay tarzda ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini aniq his qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Eldor TULYAKOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
ijrochi direktori
- Qo'shildi: 09.04.2025
- Ko'rishlar: 275
- Chop etish