Oliy Majlis Senatining yaqinda bo'lib o'tgan o'ninchi yalpi majlisida «O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonun ma'qullandi. Mazkur Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarga yolg'on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilash to'g'risida yangi moddalar kiritilgani dolzarb va muhimdir.
Bu haqda so'z borganda, Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti va YUNESKO kabi hukumatlararo tashkilotlar tomonidan ochilgan bir qator veb-saytlarda pandemiya haqidagi ishonchli axborotlar joylashtirib borilayotganiga qaramay, koronavirus haqida yolg'on axborotlar tarqalishi bilan bog'liq tashvishli holat jahon miqyosida nihoyatda keng tus olganini alohida ta'kidlash lozim.
Shuning uchun xalqaro hamjamiyat COVID-19 haqidagi yolg'on ma'lumot virusning o'zidan ham ko'ra xavfli ekaniga qayta-qayta e'tibor qaratib, barchaga rasmiy manbalardan foydalanishni tavsiya etdi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta'kidlaganidek, butun dunyo nafaqat koronavirusga qarshi, balki COVID-19 haqida noto'g'ri axborot ko'payishiga qarshi ham kurashmoqda. Bosh kotibning fikricha, mamlakatlar muntazam rasmiy ma'lumotlarni e'lon qilib borishlari zarur. Chunki hozirgi vaqtda pandemiyaga qarshi eng yaxshi qurol – bu ishonchli axborotdir.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2020 yil 14 aprel` kuni xalqaro jamoatchilikni COVID-19 bilan bog'liq dezinformatsiya, ya'ni yolg'on axborotlar to'lqiniga to'siq qo'yishga chaqirdi. BMT Bosh kotibi bu borada yangi tashabbusni ilgari surdi: Internetdagi mish-mishu uydirmalarga qarshi ilmiy va asosli dalillarni taqdim etish kerak.
Antoniu Guterrish o'z videomurojaatida hozirgi kunda dunyo ahli Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr mobaynida kuzatilmagan o'ta jiddiy inqirozni keltirib chiqargan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish uchun jipslashganini qayd etdi. «Ammo bugun biz yana bir xavfli epidemiya – uydirma axborotlar epidemiyasiga duch kelib turibmiz», – deb ta'kidladi u.
BMT Bosh kotibi ta'biri bilan aytganda, bugun hamma joyda turli maslahatgo'ylaru emchilar ko'payib ketdi. Bundaylar tomonidan tavsiya etilayotgan har xil "dori-malhamlar" pirovardida inson sog'ligiga tuzalmas ziyon-zahmat yetkazishi mumkin.
Havo to'lqinlarida ham ochiqdan-ochiq yolg'on ma'lumotlar tarqatilmoqda. Internet tarmoqlari kasalga qarshi qaytariq qilish, afsun o'qish va shu kabi safsatalarga to'lib-toshgan. Fitna, nafrat, alohida insonlar va butun boshli guruhlarni nohaq ayblash va qoralash holatlari tobora avj olmoqda.
«Butun dunyo mana shu xastalikka qarshi kurashish yo'lida ham birlashishi darkor. Bu kasallikning eng maqbul davosi – ishonchdir», – dedi. Ilm-fanga, mas'ul institutlarga, insonlar o'rtasida o'zaro ishonch juda muhimdir.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilikni yanglishtiradigan uyum-uyum maqola va munosabatlar orasidan aniq dalillarni uydirmalardan ajratib, alohida saralab taqdim etayotgan jurnalistlarning xizmatini e'tirof etdi.
Shu bilan birga, uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalar COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq adovatli va zararli bayonotlarga yanada qat'iyatliroq qarshi turishlari zarur.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, mustaqil, professional jurnalistika inqiroz haqida aniq, haqqoniy dalillarga asoslangan axborotlarni tarqatish orqali har xil yolg'on-yashiqlarni fosh etishda yetakchi rol` o'ynashi mumkin.
Matbuot erkinligi qadrli ne'mat ekaniga hech qanday shubha bo'lishi mumkin emas va har qachon – ayniqsa, hozirgi qaltis davrda ushbu ne'matni toptamaslik, aksincha, imkon qadar asrab-avaylash taqozo etiladi.
Davlat tashkilotlari esa fuqarolarning ishonchini qozonishi uchun, birinchidan, o'z faoliyatiga o'ta mas'uliyat bilan yondashishi, ikkinchidan, ishonchli axborotga tayanishi taqozo etiladi. Bosh kotibning ta'kidlashicha, hozirgi inqirozni yengib o'tishda o'zaro hurmat va inson huquqlariga amal qilish mezonlari barchamiz uchun yo'lchi yulduz vazifasini o'tashi lozim.
Antoniu Guterrish BMTning yangi tashabbusini e'lon qilar ekan, bundan buyon "Internetni aniq dalillar va ilmiy asoslangan ma'lumotlarga to'ldirib tashlash"ga chaqirdi. Shundagina «dezinformatsiya to'lqini»ga bas kelsa bo'ladi.
BMT Bosh kotibi uydirma va yolg'on axborotga nisbatan «og'u» ta'rifini qo'lladi. Darhaqiqat, og'u bilan yolg'on axborotning salbiy ta'siri o'xshashdir. Ikkalasi ham insonning sog'ligiga putur yetkazishi, hatto hayotiga zomin bo'lishi mumkin.
Mamlakatimizda, 2020 yil 15 aprel holatiga ko'ra, karantin qoidalariga amal qilmaslik bo'yicha 42 ming 782 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo'lsa, ushbu huquqbuzarliklarning atigi 10 tasi ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz ma'lumotlar tarqatish bilan bog'liqdir.
Ammo, COVID-19 haqidagi noto'g'ri va chalg'ituvchi ma'lumotlar koronavirusdan ham xavfli ekani e'tiborga olinsa, bunday huquqbuzarlikning asoratlari qanchalik jiddiyligini anglash qiyin emas.
COVID-19 haqidagi noto'g'ri va chalg'ituvchi ma'lumotlar koronavirusdan ham xavfli ekanini e'tiborga olgan holda, ilg'or xalqaro tajriba va xorijiy amaliyotga tayanib, O'zbekistonda ham soxta axborotlarga raddiyalar uchun mo'ljallangan bir qator yangi Internet saytlari, jumladan, «Antifake.uz» deb nomlangan Telegram kanali tashkil etildi.
«Antifake.uz» kanalida asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan koronavirus bilan bog'liq "feyk" xabarlar haqida doimiy ravishda ma'lumot berib borilmoqda. Bunday tashabbuslar Internetda tarqatiladigan har xil mish-mishlarni fosh etish, shuningdek yolg'on va noxolis axborotlarga qarshi kurashish uchun juda muhimdir.
Ayni chog'da, pornografik, zo'ravonlik va shafqatsizlikni targ'ib qiluvchi mahsulotlar kishining xulq-atvoriga salbiy ta'sir etib, yosh avlodning axloqiy va huquqiy ongi buzilishiga sabab bo'lishini ham unutmaslik kerak. Afsuski, ushbu mahsulotlarni OAV, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlari orqali tarqatish hollari tobora ko'paymoqda.
Shu jihatdan, pornografik, zo'ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ'ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, uni reklama qilish, tarqatish hamda OAV, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirish uchun ham javobgarlik belgilandi. O'z navbatida, bu boradagi huquqbuzarlik uchun jazo chorasi ham kuchaytirildi.
Eng muhimi, xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko'tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylanish uchun astoydil intilmoqda.
Binobarin, bu borada yuksak natijadorlik qo'lga qiritilgan taqdirdagina jamiyatimiz va davlatimiz yangi O'zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini qo'yish hamda dunyoning 50 ta eng rivojlangan davlati safidan joy olishdek o'z oldiga qo'ygan ulug'vor maqsadlariga tom ma'noda erisha oladi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 24.12.2020
- Ko'rishlar: 3705
- Chop etish