Shuningdek, qonun loyihasiga kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yoʻllarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda. Yoʻllarda katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda. Ajratilgan va yoʻl boʻyi mintaqalarida xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda.
Qonun loyihasining yana bir asosiy jihati, bu pulli yoʻllar tarmogʻini barpo etishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Ushbu yoʻnalishda investorlarga imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chogʻda zaruratiga alohida eʼtibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar boʻyicha bir qator savollarni oʻrtaga tashlashdi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib, bildirilgan ayrim takliflar qonun loyihasini takomillashtirish va maromiga yetkazishda eʼtiborga olinishini qayd etdilar.
Ushbu qonun loyihasi sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, yoʻl sifatini yaxshilash orqali mavjud avtomobil yoʻllari tarmogʻini uzoq vaqtgacha soz holda saqlab turish, pulli yoʻllar tarmogʻini barpo etish hamda sohaga investitsiyalarni, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishga qaratilgan.
Bahs-munozaralar va savol-javoblardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»