Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning vatanparvar, fidoyi va tashabbuskor bunyodkorlari

Munosabat

Ertamiz egalariga ishonch bildirilsa, iste’dodi qo‘llab-quvvatlansa nimalarga erishsa bo‘ladi? Bu savolga yoshlarimiz erishayotgan natijalarni javob sifatida ko‘rsatish mumkin. 

Prezidentning yoshlarga qarata har bir yutug‘ingiz – butun xalqimizning yutug‘i degani millionlab qalblarga o‘ziga xos g‘ayrat bag‘ishladi. Azmu shijoatingiz, sog‘lom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz – millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir deya ishonch bildirilgani esa ularni yanada ruhlantirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi. O‘zbekiston yoshlarini ushbu qutlug‘ ayyom bilan tabrikladi.

Tadbir ishtirokchilaridan bir qanchasini suhbatga chorladik.

Davron KARIMOV,

O‘zbekiston davlat filarmoniyasining xor jamoasi artisti, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi:

– Mukofotni davlat rahbarining qo‘lidan olar ekanman endi zimmamdagi mas’uliyat nechog‘lik jiddiy ekanini yanada teran his qildim. Prezident bizga qarata ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz, deya ishonch bildirdi. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz dedilar.

 Maqom san’atimizni dunyoga taratishga, uning avlodlar kamolotidagi o‘rnini mustahkamlashga harakat qilib kelyapman. Bu san’at Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jadal rivojlanib, yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan. Bugun Uchinchi Renessans poydevorini yaratayapmiz. Bu o‘rinda biz san’at ahli ham faol bo‘lishimiz kerak. Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk bobolarimiz ko‘plab musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Biz shu ajdodlarga munosib bo‘lishimiz kerak. Buning uchun mamlakatimizda barcha sharoit bor. Prezidentimiz e’tibori bilan san’atimiz ravnaqi yangi bosqichga chiqdi. Bugungi kunda maqom butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Bu yo‘nalishda sermahsul ijod qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida milliy tanlovlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi.

Rayyona IBROHIMOVA,

Andijon shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi: 

– Men hali o‘quvchiman, lekin zimmamdagi Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini doim teran tuyib turaman. Shuning uchun mamlakatimizda biz, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi uchun yaratilayotgan sharoitlardan to‘laligicha foydalanishga harakat qilaman. Bugun men kelajak bunyodkorlari safida ekanimdan faxrlanaman. Davlatimiz rahbari hozirgi vaqtda dunyo notinch va murakkab bo‘lib borayotganini, tinchlik – eng buyuk ne’mat, inson qadri va adolat – eng oliy qadriyatligini alohida ta’kidladi. Bu gaplarning ma’nosini yaxshi anglasak, o‘z-o‘zidan g‘ayratimiz ortaveradi. 

Shu o‘rinda bir raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman. O‘tgan yili 150 mingdan ziyod opa-akalarimiz, tengdoshlarimiz xalqaro til sertifikatlarini olgan ekan. Bu raqamni undan oldingi yil bilan solishtirsak, ikki baravar ko‘p degani. O‘zim ham Germaniyada o‘tkazilgan Jahon nemis tili olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Oddiy maktab o‘quvchisining yetmishga yaqin davlatdan eng sara tilchilar ishtirok etgan bahslarda peshqadam bo‘lishi nimaning hisobiga? Javob oddiy, maktabimizda ta’lim olishimiz uchun hamma sharoit bor. Biz esa faqat yaxshi o‘qishimiz kerak. Kelajakda rejalarimiz juda katta.

Jamshidbek ISMOILOV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi:

– Prezidentning mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak degan gaplari hammamizning yurak-yuragimizga kirib borishi kerak. Faoliyatimdan kelib chiqib aytaman, mamlakatimizda yoshlar siyosati masalasiga e’tibor mana shunday jiddiy ahamiyatga ega. Davlat rahbari biz bilan muloqotda yoshlarning tilini yoshlar tushunadi dedilar. Bir-birimizdan o‘rnak olishimiz, bir-birimizga motivatsiya berishimizga e’tibor qaratdilar. Demak, O‘zbekistondagi 9 mingdan ziyod mahallada faoliyat olib borayotgan men kabi yoshlar yetakchilari yanada faol bo‘lishimiz kerak. Bu tizim orqali uch yil davomida ko‘p narsa o‘rganildi. Yetarli tajriba orttirdik.

Prezidentimiz endi bizga maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashni o‘rganishimiz kerakligini aytdilar. Biz bu chorlovga, albatta, labbay deb javob qaytaramiz. Tan olish kerak, mahallalarimizda hozir ham uyushmagan yoshlar, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilganlar bor. Prezidentimiz mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sog‘lom muhit kimga bog‘liq degan savolni qo‘yar ekan, javobni ham o‘zlari aytdilar. Bu biz mahalla yettiligiga, hudud faollariga bog‘liq. 

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech