Yurtimizda inson huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlangan

So'nggi to'rt yilda O'zbekistonda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadigan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida aniq maqsadga yo'naltirilgan tizimli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Birinchidan, mamlakatimizda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi, sohaning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.

Ushbu islohotlar jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi hamda xalqimizni hayotdan rozi qilish, yurtdoshlarimiz uchun farovon va munosib turmush sharoiti yaratish, ularning yurtimiz kelajagiga bo'lgan ishonchini mustahkamlash va dunyoqarashini o'zgartirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, qonun ustuvorligini ta'minlashga ham xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, bugungi kunda mamlakatimizda sud tizimining mustaqilligi va odil sudlovni samarali ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan izchil ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 30 iyun` kuni odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Sud binosiga kelgan har bir inson O'zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak" deb alohida ta'kidlandi.

Haqiqatan ham, so'nggi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar amaliy natijasini bermoqda. Bu yo'nalishda yangi qabul qilingan qonunlar, joriy etilayotgan ta'sirchan aniq mexanizmlar, miqdori tobora ortib borayotgan oqlov hukmlari – bu kabi ijobiy holatlar yurtdoshlarimizda adolat, baxtli hayot va kelajakka ishonchni yanada mustahkamlamoqda.

Xususan, islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.

Shuningdek, jinoyat yo'liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo'llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olingan. Inson huquqlarini buzganligi uchun huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Sud-huquq sohasidagi sa'y-harakatlar samaralari xalqaro doirada ham e'tirof etilmoqda. Jumladan, yaqinda BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, shuningdek AQSH Davlat departamenti o'z hisobotlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli o'zgarishlar, xususan, diniy e'tiqod erkinligini ta'minlash va odam savdosiga barham berish borasidagi islohotlarga ijobiy munosabat bildirdi.

BMTning Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan o'z ma'ruzasini BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etdi. Ushbu ma'ruzada O'zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalar alohida ta'kidlangan.

Uchinchidan, mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda tubdan yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi printsiplarini ro'yobga chiqarish borasida tizimli huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. 

Bunda shaxsning huquq va erkinliklariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash, jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shaxsga e'lon qilingan ayblov, yarashuv institutini keng joriy etish va jamiyatda qonunga itoatgo'ylik ruhini shakllantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

To'rtinchidan, O'zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlarini himoya qilish borasidagi davlat siyosati hayotga faol tatbiq etilayotgani va mamlakatimiz ushbu yo'ldan sobiqadamlik bilan ilgarilab borayotganini alohida ta'kidlash joiz. 

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarishda axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari mustaqilligi va jurnalistlik faoliyati daxlsizligini mustahkamlash, so'z erkinligini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilayapti.

Bu borada o'ndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi. Hozirgi kunda ilg'or xalqaro va xorijiy tajribani chuqur o'rganish, jamiyatimizning yangilanish jarayonlari va qonuniyatlarini inobatga olgan holda, milliy qonunchiligimizga tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilishni nazarda tutuvchi qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlanmoqda. Jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari bugungi kunda joylardagi xalqimizni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni ro'y-rost ochib berayotgan, qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat ko'zgusi” vazifasini bajarayotgan, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotgan, jamoatchilik fikrini shakllantirayotgan katta ta'sirchan kuchga aylandi.

Ma'lumki, O'zbekiston so'roviga asosan Bishkekda qo'lga olingan jurnalist Bobomurod Abdullaev mamlakatimizga ekstraditsiya qilindi.

B.Abdullaevga O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan insonparvarlik printsipi qo'llanildi, xususan, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi o'zgartirilib, u ozodlikka chiqarildi.

O'zbekiston ushbu siyosatga sodiq qoladi va jurnalistning jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog'idagi daxlsizligi, tanqidiy materiallar e'lon qilganligi uchun ta'qib qilinmasligi, huquqlari, sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilinishi masalalariga davlat siyosatining eng ustuvor vazifalari sifatida qaraydi.

Beshinchidan, O'zbekistonda fuqarolar huquq va erkinliklari, mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini ta'minlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar va sa'y-harakatlar nafaqat mamlakatimizda, balki BMT, YEXHT va nufuzli halqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar rahbarlari, ekspertlari tomonidan ham alohida e'tirof etilmoqda.

Shu ma'noda, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni davom ettirish, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish davlat hokimiyati organlarining bosh vazifalaridan biri bo'lib qoladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech