O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishda huquq ustuvorligining ahamiyati

2020 yil 7 dekabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida Inson huquqlari haftaligi boshlandi. Haftalik doirasidagi tadbirlar 13 dekabrga qadar davom etadi. Mazkur haftalik doirasida inson huquqlariga bag'ishlangan bir qator tadbirlar, jumladan, viktorina, olimpiada, yuridik klinikada vebinar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilning 7 dekabr kuni “O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishda huquq ustuvorligining ahamiyati” mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi. Davra suhbati davomida haftalikning ochilish marosimi o'tkazildi.

Tadbirda TDYUU rektori Rahimjon Hakimov tabrik so'zi bilan ishtirok etib, inson huquqlari – O'zbekiston davlat siyosati va xalqaro hamkorligining muhim yo'nalishi ekanligini qayd etdi. Shuningdek, oxirgi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari sohasida keng qamrovli chora-tadbirlar qabul qilinganligi va ular xalqaro hamjamiyatning e'tirofiga sazovor bo'lganligi ta'kidlandi.

Shundan so'ng BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi rahbari Rishard Komenda O'zbekiston tomonidan inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarga yuqori baho berdi hamda joriy yilda Inson huquqlari kunining shiori – “dunyoni “avvalgidan ham yaxshiroq” tamoyili bo'yicha qayta tiklash uchun birlashamiz” ekaniga e'tiborni qaratdi.

Tadbir davomida Ombudsmanning inson huquqlarini ta'minlashdagi roli (A.Yunusova), huquq ustuvorligini ta'minlash masalalari (N.Gafurova), BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga O'zbekistonning saylanishi (M.Tillaboev), inson huquqlari sohasida ta'lim (O.Narziev), inson huquqlari sohasida qonunchilikni rivojlantirishning asosiy tendentsiyalariga (M.Maxamatov) bag'ishlangan ma'ruzalar tinglandi. 

Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev o'z ma'ruzasida ta'kidlaganidek, 2020 yil 13 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga saylandi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylanishi uchun O'zbekiston nomzodini ilgari surish vazifasi davlatimiz rahbari tomonidan 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgandi. Shu asosda o'tgan davrda  kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va izchillik bilan amalga oshirildi.

O'zbekistonning BMT organiga a'zolik uchun intilgani bejiz emas. Bu samarador sa'y-harakat davlatimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosiga yuklatiladigan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qat'iy bel bog'laganidan dalolatdir.

Davra suhbatida xalqaro ekspertlar, xususan, M.O. Auezov nomidagi Janubiy Qozog'iston davlat universiteti vakili YE.Nurtazin va Bogdan Xmelnitskiy nomidagi Cherkass milliy universiteti vakili N.Popova Qozog'iston va Ukrainada huquq ustuvorligini ta'minlash tajribasiga bag'ishlangan ma'ruzalar bilan ishtirok etdi.

Ma'ruzalardan so'ng inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish masalalari bo'yicha qiziqarli munozaralar bo'lib o'tdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech