O‘zbekistonda nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanishi kutilmoqda.
11 fevral kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonunda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.
Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda.
Nikohdan ajratish masalasi o‘z vaqtida hal qilinmasligi ayrim hollarda ayollarning o‘z joniga qasd qilishi, bevaqt o‘limi kabi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bu normaning amaliyotga joriy etilishi muntazam tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘lgan nizoli oilalarda og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lishining oldini oladi. Ushbu qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar huquqlarini yanada mustahkamlashga, ularning turar-joy masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qiladi.
Majlis so‘nggida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 13.02.2025
- Ko'rishlar: 316
- Chop etish