«Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum
Samarqand, 2022 yil 5-6 dekabr
PRESS-RELIZ
Toshkent, 2022 yil 2 dekabr. 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.
Global forumning Milliy tashkilotchisi – O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi.
Samarqand Global forumi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi; Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi; BMTning mamlakatimizdagi jamoasi; BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi; YuNISEF; Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi; YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi; Yevropa Kengashi, Fridrix Ebert jamg‘armasi bilan hamjihatlikda tashkil etilmoqda.
Global forumda dunyoning turli davlatlaridan inson huquqlari sohasidagi ta’lim mutaxassislari, xorijiy va xalqaro ekspertlar, davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar – jami 120 dan ortiq xorijlik mehmon ishtirok etadi.
Samarqand Global forumining BMT shafeligida gibrid formatda o‘tkazilishi butun dunyodan yanada keng auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi.
Samarqand Global forumining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning murojaati o‘qib eshittirilishi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning videomurojaatlari namoyish etilishi, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Raisi Elchi Federiko Vilegas, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Direktori Matteo Mekachchi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo‘yicha direktorati Bosh direktori Yakumopulos Kristos kirish so‘zlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Global forum ishida O‘zbekiston tomonidan – hukumat a’zolari, Oliy Majlis palatalari va qo‘mitalari rahbarlari, vazirlik va tashkilotlar, o‘quv va ilmiy-ma’rifiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashadi.
Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bag‘ishlanadi. Mazkur Deklaratsiya 2011 yil dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.
BMT Bosh Assambleyasi 2004 yil 10 dekabrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini ham e’lon qilgan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon ta’lim dasturi bajarilishinining muvofiqlashtiruvchisi etib belgilangan.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. O‘tgan davrda Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar uchta bosqichda bajarildi va 2024 yilga qadar davom etadigan to‘rtinchi bosqich izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Samarqand Global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilish, dan iborat. Shuningdek, ayni sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, inson huquqlari sohasidagi ta’lim tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Global forumning birinchi yalpi majlisi “BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi: natijalar va zamonaviy muammolar” mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda ushbu Deklaratsiyasini amalga oshirish, inson huquqlari bo‘yicha samarali ta’limni ta’minlash tamoyillari va yondashuvlar, texnologik o‘zgarishlar negizida erishilgan yutuqlar va olingan saboqlar, dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida mavjud zamonaviy muammolar muhokama qilinadi.
Global forumning birinchi kuni, shuningdek, 4 ta parallel sessiya tashkil etiladi.
Birinchi sessiya: “Maktab yoshidagi bolalar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar”;
Ikkinchi sessiya: “Oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi ta’lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar (COVID-19, texnologiyalarni rivojlantirish, internet resurslari, geosiyosat va boshqalar)”;
Uchinchi sessiya: “Kasbiy institutlar (sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura) orqali inson huquqlari sohasida uzluksiz ta’limni ta’minlash: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar”;
To‘rtinchi sessiya: “Fuqarolik jamiyati uchun inson huquqlari bo‘yicha norasmiy ta’lim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar (gender, inklyuzivlik, migratsiya va ommaviy axborot vositalariga e’tibor qaratgan holda)”.
Global forumning ikkinchi kuni “Xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish” mavzusidagi ikkinchi yalpi majlis bilan boshlanadi. Bunda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda fikr almashinib, tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Parallel tadbir (Side-event) doirasida “Inson huquqlari bo‘yicha master-klasslar” tashkil etiladi. Onlayn va oflayn rejimda turli guruhlar uchun 6 ta mavzuda ma’ruzalar tinglanadi va muhokama qilinadi.
Shu kuni “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tadqiqotlar” mavzusidagi respublika tanlovi g‘oliblari hamda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimlari ham bo‘lib o‘tadi.
Global forum yakunida Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha yakuniy hujjatning taqdimoti va qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
******************
Batafsil ma’lumot olish uchun:
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy sayti (insonhuquqlari.uz) va Global forum veb-saytiga (asianforum.uz) kirishingiz;
- ushbu saytlarda joylshtirilgan Global forum Konsepsiyasi, Dastur loyihasi va ishtirokchilar uchun muhim boshqa ma’lumotlar bilan tanishishingiz;
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ullari bilan globalforum@nhrc.uz; info@nhrc.uz elektron pochta manzillari va (+ 998 71) 239 47 22 telefon/faks raqami orqali bog‘lanishingiz mumkin.
- Jurnalistlar murojaat qilishlari uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati (Matbuot kotibi G‘ulom Mirzaev) telefonlari: (+ 998 71) 239-15-09; +998 99 48 555 48).
- Qo'shildi: 02.12.2022
- Ko'rishlar: 8664
- Chop etish