27 yanvar – Xolokost qurbonlari xotirasi xalqaro kuni

Har yili 27 yanvar kuni butun dunyoda Xolokost qurbonlari xotirlanadi. Bu haqdagi rezolyusiya (60/7) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2005 yil 1 noyabrda qabul qilingan. Isroil, Kanada, Avstraliya, Rossiya, AQSh ushbu hujjatni qabul qilish tashabbuskorlari bo‘lgan, shuningdek 90 dan ortiq davlat unga hammualliflik qilgan.

Xolokost qurbonlari xotirasi kuni ramziy ma’noga ega. Ushbu sana sovet qo‘shinlari tomonidan “Osvensim-Birkenau” (nemischa: “Konzentrationslager Auschwitz-Birkenau”) o‘lim lageridagi asirlar ozod qilinganiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu voqea 1945 yil 27 yanvarda yuz bergan.

1941-1945 yillarda “Osvensim”da 1,5 millionga yaqin odam o‘ldirilgan  va shundan 1 millionga yaqini yahudiylar bo‘lgan. Turli ma’lumotlarga qaraganda, bu lagerda 1,5 milliondan 4 milliongacha odam o‘ldirilgan.

Shunday bo‘lsa-da, hech kim aniq raqamlarni keltira olmaydi. Chunki, natsistlar tomonidan ko‘plab hujjatlar urush yakunlanishii arafasida yo‘q qilingan. Bundan tashqari, natsistlar tomonidan o‘ldirib yuborilgan odamlarning hisobi aniq yuritilmagan.

Sovet qo‘shinlari o‘lim lagerini ozod qilganda, u yerda 7 mingga yaqin odam bo‘lgan. “Osvensim” natsistlar o‘lim lagerlarining eng kattasi bo‘lgani va eng uzoq vaqt faoliyat ko‘rsatgani uchun u Xolokostning asosiy ramzlaridan biriga aylandi.

Xolokost – qadimgi yunoncha holocaust so‘zidan olingan bo‘lib, “kuydirilgan”, “olov bilan yo‘q qilingan”, “qurbonlik” degan ma’nolarni anglatadi.

Xolokost atamasi tor ma’noda natsistlar Germaniyasi va ittifoqchilarining 1933-1945 yillarda olti million yahudiyni tizimli ravishda ta’qib qilish va ommaviy qirib tashlash siyosatini anglatadi.

Keng ma’noda esa, Xolokost – natsistlar tomonidan turli xil etnik yoki ijtimoiy guruh vakillari, sovet harbiy asirlari, polyaklar, yahudiylar, masonlar, lo‘lilar, og‘ir kasal yoki nogironlar, gomoseksuallar va boshqalarni ta’qib qilish va ommaviy qirib tashlash siyosatini ifodalaydi.

Xolokostni yuzaga keltirgan asosiy sabablardan biri –natsistlarning irqiy siyosatidir. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ba’zi olimlar oriylarni go‘yoki boshqa irqlardan ustun bo‘lgan “afsonaviy irq”ga aylantirgan. Vaholanki, oriylarning qandaydir alohida irq sifatida ifodalanishining o‘zi noto‘g‘ri edi, shunday ekan “oliy oriy irq” ham mavjud emas.

Germaniyada esa natsistlar bu noto‘g‘ri tushunchani targ‘ib qildilar. Bunda ular nemislarni oriylar irqi vakillari sifatida ulug‘ladilar va yahudiylar, qora tanlilar, lo‘lilarni “oriy bo‘lmaganlar” maqomiga tushirdilar.

Natsistlarning irqiy siyosati bir irq vakillarining boshqalaridan ustunligiga asoslanadi. Oliy irq vakili bo‘lgan nemislarning vazifasi o‘z sof irqini saqlab qolishdan iborat bo‘lgan.

Natsislar tomonidan ishlab chiqilgan “Nyurenberg qonunlari” deb nom olgan va 1935 yil 15 sentyabrda qabul qilingan “Reyx fuqaroligi haqida”gi hamda “Nemis qoni va obro‘sini qo‘riqlash to‘g‘risida”gi qonunlarga ko‘ra, Germaniyada davlat miqyosida irqchilik va millatchilik tartibi o‘rnatilgan. Ushbu qonunlarda yahudiylarning umuman Uchinchi reyx fuqarosi bo‘lishi mumkin emasligi va hech qanday huquqlardan foydalana olmasligi belgilangan.

Germaniyada yahudiylarni ta’qib qilish 1933 yilda, natsistlar hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng darhol boshlangan. Biroq, ular Ikkinchi jahon urushi davrida muntazam ravishda ommaviy qirg‘in qilingan: dastlab ular Markaziy va Sharqiy Yevropada gettolarga, ya’ni ozchilikning ixtiyoriy yoki majburiy yashashi uchun ajratilgan yopiq, izolyatsiya qilingan aholi punktlariga joylashtirilgan. 1941-1945 yillarda esa yahudiylar o‘lim lagerlarida qiynoqlarga solingan va ommaviy qatl qilingan.

Dastlab natsistlarning bu boradagi siyosati yahudiylarni o‘z nazorati ostidagi mamlakatlarga ommaviy ravishda majburan ko‘chirishga qaratilgan edi. Ular yahudiylarni Germaniya iqtisodiyotidan butunlay chetlatishni, hech qaysi nemis millatiga mansub shaxs yahudiy bilan bir tom ostida yashamasligi kerakligini maqsad qilgan.

Shu maqsadda yahudiylar uchun alohida katta rezervatsiyalar (Madagaskar va Lyublinda) yaratish g‘oyasi ilgari surilgan. Biroq, urush boshlanishi bilan millionlab yahudiylar, masalan, birgina Polshaning o‘zida 2 mln yahudiy natsistlar nazoratiga o‘tgan.

Urushning tobora uzoqroq davom etishi yahudiylarni ommaviy majburiy ko‘chirish g‘oyasini imkonsiz ishga aylantirib qo‘ygan. Shunda natsistlar yahudiylarni ommaviy yo‘q qilishga qaror qilgan.

Shunday qilib, natsistlar yahudiylarni bosib olingan hududlarda ommaviy chuqurlar qazdirib otib o‘ldira boshlagan. Bu vazifa bilan maxsus tashkil qilingan o‘lim guruhlari, qurolli kuchlar tarkibidagi “aynzas guruhlar” (Einsatzgruppen der Sicherheitspolizei) shug‘ullangan.

“Aynzas guruhlar”ning nishonida yahudiylar, lo‘lilar va boshqa “irqiy jihatdan past” deb ataladiganlar, siyosiy ziyolilar, kommunistlar, qarshilik harakati a’zolari turgan. 1941 yil 29–30 sentyabr kunlari, ya’ni ikki kun ichida Kievning shimoli-g‘arbidagi Babiy Yar jarligida natsistlar tomonidan 33 ming 771 kishi otib tashlangan bo‘lib, ularning 30 mingga yaqini yahudiylar edi.

Vaqt o‘tishi bilan, ommaviy qatllar “aynzas guruhlar” a’zolari ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi va ularning ayrimlari bunday qotilliklarga qarshi chiqdi. Bundan xavotirga tushga natsistlar yahudiylarni o‘ldirishning boshqa usulini qidirdi. Xususan, shu maqsadda “Gazvagen”ni qo‘llashga o‘tilgan.

“Gazvagen”da (nem.: Gaswagen – gaz mashinasi yoki gaz kamerasi) bir vaqtning o‘zida 30 nafardan 100 nafargacha odamlar joylangan hamda uglerod oksidi va chiqindi gazi yuborish orqali zaharlab o‘ldirilgan. Ammo natsistlar uchun bu ham ancha sekin jarayon edi.

Millionlab yahudiylar, harbiy asirlar, lo‘lilar va boshqa dushmanlarni o‘ldirish uchun juda uzoq vaqt talab qilinardi. Shu sababli “Gazvagen” o‘z o‘rnini gaz kameralariga bo‘shatib berdi. Bugungi kungacha birorta “Gazvagen” saqlanib qolmagan, urush yakuni arafasida natsistlar o‘z jinoyatlarini yashirish maqsadida barcha mashinalarni yo‘q qilgan.

1941 yil 31 iyulda Germann Geyring Reynxard Geydrixni “yahudiylar masalasining yakuniy yechimi” uchun mas’ul etib tayinlash to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan. Bu buyruq mohiyatan yahudiylarni ommaviy ravishda jismonan yo‘q qilishni anglatardi. 1941 yil oktyabr oyining o‘rtalarida Germaniyadan yahudiylarni Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari va Belorussiya gettolariga deportatsiya qilish boshlangan.

1942 yil yanvar oyida Vanze konferensiyasida “Yahudiylar masalasining yakuniy yechimi” dasturi tasdiqlangan. Bu qaror ochiq e’lon qilinmagan. Yevropa yahudiylari sharqqa – Polsha, Belorussiyadagi lagerlar va gettolarga yuborilib, ularga bunday ko‘chirishning vaqtinchalik ekanligi aytilgan. Polshada balki yangi kelganlarni tezda yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan o‘lim lagerlari yaratilgan.

Yangi kelgan yahudiylar yoki harbiy asirlar zudlik bilan saralash jarayonidan o‘tishardi. Erkaklar ayollar va bolalardan ajratilardi. Odatda SS shifokori bo‘lgan natsist hammani tezda tekshirib ko‘rar va ularning sog‘lomligi yoki majburiy mehnatga yetarlicha kuchi bor yoki yo‘qligini baholardi. Keyin ularni chap yoki o‘ng tomonda turishga buyurgan. Mahbuslarning o‘zlari ham ayni vaqtlarda ularning hayot-mamot masalasi hal qilinganini tushunishmagan. Go‘daklar, bolalar, homilador ayollar, qariyalar, nogironlar va bemorlarning birinchi tanlovdan o‘tish imkoniyati juda oz bo‘lgan.

O‘limga mahkum qilinganlar gaz kameralariga olib borilgan. Vahima uyg‘onishining oldini olish maqsadida lager qo‘riqchilari mahbuslarga bitlarga qarshi dush olishlari lozimligini tushuntirishgan. Qo‘riqchilar barcha qimmatbaho buyumlarini topshirishni va yechinishlarini talab qilgan. Keyin ularni yalang‘och holda “dush”ga olib borishgan. Qo‘riqchi temir eshikni yopib, qulflab qo‘ygan.

Ba’zi o‘lim lagerlarida uglerod oksidi quvurlar orqali kameraga yuborilgan. Boshqalarida esa lager qo‘riqchilari kalamush va hasharotlarni o‘ldirishda qo‘llaniladigan o‘ta zaharli “Siklon B” granulalarini ventilyatsiya shaxtasiga tashlagan.

Odatda, gaz kameralariga kirgandan keyin bir necha daqiqa ichida barcha mahbuslar kislorod yetishmasligidan vafot etgan. Qo‘riqchilar nazorati ostida boshqa mahbuslar jasadlarni qo‘shni xonaga sudrab olib borgan va u yerda jasadlardan sochlar, tilla tishlar va plombalarni olib tashlagan.

Keyin jasadlar krematoriy pechlarida yoqib yuborilgan yoki umumiy qabrlarga ko‘milgan. Tirik qolganlar majburiy mehnatga duchor bo‘lgan yoki ular ustida tibbiy eksperimentlar o‘tkazilgan.

Bularning barchasi natsistlar tomonidan vahshiylarcha sodir etilgan genotsid jinoyati edi. Ular urush davomida 6 mln nafar yahudiyni, 19,7 mln.dan 23,9 mln nafargacha slavyanlar, xususan, 1,9 mln. nafar polyak, 3 mln nafar ukrain, 1,5 mln nafar belorus, 1,6 mln nafar ruslarni (harbiy asirlardan tashqari), 220 mingga yaqin lo‘li, 2 mingga yaqin “Iegova shohidlari”, 80 mingdan 220 ming nafargacha frankmasonlarni o‘ldirib yuborgan.

Germaniyaning o‘zida ham oziq-ovqat tanqisligi ro‘kach qilinib, yaratuvchilik va mehnatga qobilyatsiz bo‘lgan barcha kishilar, qariyalar, ruhiy bemorlar, tutqanoq kasali bilan og‘rigan bemorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar “T 4” dasturi doirasida qirib yuborilgan. Germaniyaning 275 ming nafar aholisi o‘ldirilgan.

Xolokost qurbonlari xotirasiga jahonning ko‘plab mamlakatlarida memorial yodgorlik va muzeylar tashkil qilingan. Bunga Quddusdagi Yad Vashem muzeyi, Vashingtondagi Xolokost memorial muzeyi, Moskvadagi Yahudiylar merosi va Xolokost muzeylari, Amsterdamdagi Anna Frank uy-muzeyi, Parijdagi Hujjatlar va memorial markazi, Xirosimadagi 1,5 million yahudiy bolalari xotira muzeyini misol sifatida keltirish mumkin.

Natsistlar tomonidan sodir etilgan Xolokost dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlariga chuqur ta’sir ko‘rsatdi. Bugunga kelib jahon hamjamiyati oldida fojia oqibatlarini bartaraf etish, qurbonlar xotirasini saqlash, tarixiy obidalarga g‘amxo‘rlik qilish, ta’lim va tadqiqotlarni rag‘batlantirishdek umumiy mas’uliyat turibdi.

Ushbu mas’uliyat yoshlarga bunday jinoyatlarning sabab va oqibatlarini tushuntirish orqali yoshlarda nafrat mafkurasiga qarshi immunitetni shakllantirishga xizmat qilishi lozim. Dunyoning bir qancha mintaqalarida genotsid va ommaviy vahshiyliklar davom etayotgan bir paytda bu ezgu ishlar har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu ma’noda, Xolokost qurbonlarini xotirlash xalqaro kuni –antisemitizm va genotsidning har qanday ko‘rinishlariga qarshi global norozilik sanasi hisoblanadi. Ayni vaqtda bu sana nafaqat tirik qolganlarga va xolokost qurbonlari xotirasiga hurmat ko‘rsatish, balki bu yo‘lda muayyan sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chorlov hamdir.

Binobarin, yildan-yilga ushbu dahshatli voqealar ishtirokchilari tobora kamayib bormoqda. Ammo ular haqidagi iztirobli xotiralar ko‘pchilikning qalbida saqlanib qolgan.

 

 

Rustam Atovulloev,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh yuriskonsulti

Powered by GSpeech