9 may - Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlanadi

Mustaqillik yillarida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etildi, ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ayniqsa, keyingi davrda siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot natijalari, badiiy va hujjatli asarlarni keng jamoatchilikka yetkazish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.

         Yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan chop etilgan "Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)" nomli kitobi ham ayni shu mavzuda yozilgan. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo qalamiga mansub qissa tarixiy hujjatlar va shaxsiy xotiralar asosida bitilgan.

Hurmatli gazetxon! Ushbu qissada XX asrning 37-50-yillaridagi katta qatag‘on qurboni bo‘lgan ota-bolalar Mirza So‘fi To‘laev va Abdirayim Mirzaevga nisbatan adolat tiklangani, ya’ni oradan 70 yil o‘tib ularning aybsizligi aniqlangani hamda oqlangani haqida hikoya qilingan.

         Qissadan mo‘jaz bir faslni e’tiboringizga havol qilishga jazm etdik. Sizga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.

  

GULAGdan keyin: bobomning hayoti

 

         Mirza So‘fi bobom 1956-yillar atrofida jazo muddatini o‘tab, GULAGdan (sho‘rolar davrida qamoqxonalar bosh boshqarmasi va unga qarashli lagerlar ma’lum vaqtgacha shunday qisqartma nom bilan yuritilgan – G‘.M.) qaytib kelgan. Ammo, tez orada besh yilcha muddatga Mirzacho‘l dashtlariga surgun qilingan. Chunki, tribunal hukmiga ko‘ra, bobom shuncha muddatga huquqlaridan ham mahrum etilgandi.

         Bunga qadar, ya’ni 1955 yil 27 mayda aksilinqilobiy jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan shaxslar ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zSSR komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tgan. Ushbu majlisning 29-son bayonnomasi ko‘chirmasida qayd etilishicha, Komissiya Mirza To‘laevning 4-son ishini ko‘rib chiqqan va quyidagi qarorga kelgan:

         "Turkiston harbiy okrugi harbiy tribunaliga Mirza To‘laevning mehnat-tuzatish lageridagi jazo muddatini 6 yilgacha kamaytirish masalasida protest kiritilsin".

         Ushbu protest Turkiston harbiy okrugida ko‘rib chiqilgan. Bu haqda harbiy prokurorning 1956 yil 16 martda chiqarilgan qarori Turkiston harbiy okrugi harbiy prokurori o‘rinbosari, adliya podpolkovnigi Pastushenko tomonidan tasdiqlangan. Qarorni Harbiy prokuror yordamchisi, adliya kapitani Lisak imzolagan.

         Qarorning mazmuni"Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevning ishi bo‘yicha hukm asosli chiqarilgan, deb hisoblanadi".

         Shu munosabat bilan Turkiston harbiy okrugi harbiy prokurori quyidagi qarorga kelgan:

         "Mirza To‘laevni O‘zSSR Jinoyat kodeksining 14, 125-moddalari "g" bandi va 66-moddasi 1-qismi bo‘yicha hamda Abdirayim Mirzaevni O‘zSSR Jinoyat kodeksining 125-moddasi "g" bandi bo‘yicha ayblashga doir ish yuzasidan nazorat jarayoni to‘xtatilsin. Ish arxivda saqlash uchun qaytarib yuborilsin".

         Agar bobom 1949 yili 10 yil muddatga qamalgani nazarda tutilsa, 1956 yilgacha jazoning 7 yilini o‘tagan bo‘ladi. Turkiston harbiy okrugi harbiy prokurori qaroridan ko‘rinib turibdiki, bobomning jazo muddatini kamaytirish borasida Xrushchyovning "iliqlik mavsumi", afsuski, yordam bermagan.

         Mirza So‘fi bobomga halol mehnati tufayligina ozodlik hukmda belgilanganidan ko‘ra sal vaqtliroq nasib etgan. Ya’ni, har bir mehnat kuni ikki kunlik jazo muddati deb hisoblangani evaziga bobom qamoqda 10 yildan kamroq muddat bo‘lib qaytgan.

         Sho‘rolar hokimiyati bobomni kechirmagan va unutmagan. Shu kabi, bobom ham bu zo‘ravon hokimiyatga nisbatan xuddi shunday mazmunda yo‘l tutgan, desam, yanglishmayman.

         Bobom umrining oxiriga qadar biron-bir sovet tashkiloti yo korxonasiga, hatto kolxozga ham kirib ishlamagan. Mirzacho‘ldagi surgun davrida ham, Xushvaqt qishlog‘imizga qaytganidan keyin ham faqat yakka dehqon xo‘jaligi va tomorqa ziroatchiligi bilan kun ko‘rgan. Asosan qovun, tarvuz, bodring, shuningdek uzum yetishtirgan va shu orqali tirikchiligini o‘tkazgan.

         Sho‘rolar turmush tarzi va qonunchiligiga xilof ravishda,  bobom musulmonchasiga ko‘pxotinlilik aqidasiga amal qilgan. Diniy  faoliyatini, baribir, davom ettirgan. Arab imlosidagi kitoblardan iborat shaxsiy kutubxonasini qayta tiklagan.

         Xushvaqt masjidini yana obod qilish harakatiga tushgan. Qishlog‘imizdagi yuk mashinalari haydovchilariga pul berib, beton ustunlar va sim to‘r xarid qilgan. Bu, o‘z navbatida, qarovsiz qolgan davrida anchagina nuragan masjid binosining atrofini ixotalash imkonini bergan.

         Masjidga tutash joydagi tepalikda har yili qishloq ahli uchun hayit sayillari va yilboshi (Navro‘z kunlari) o‘tkazilgan. Bu kabi bayramlarni tashkil etishga ham bobom bosh-qosh bo‘lgan.

         Mirza So‘fi bobom masjidning gumbazini qaytadan tiklash uchun yana Samarqandga, usta O‘ljani yo‘qlab borgan. Ammo, usta keksayib qolganini aytib uzrxohlik qilgan.

         Usta tavsiya etgan shogirdi masjidda qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarishga rozi bo‘lgan. Ammo buning uchun sho‘ro hokimiyatining ruxsati zarurligini aytib, avval, shu haqda bir parcha qog‘oz olib kelishini bobomdan so‘ragan.

         Bobom, baribir, masjid gumbazini tiklash orzusini ro‘yobga chiqarish yo‘lidan qaytmagan, qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urmagan. Aksincha, shu ish bilan "qog‘ozbozliklarsiz" shug‘ullanishga ko‘nadigan biron-bir "yuragi botir" shogirdi topilsa, Qarshiga yuborishini usta O‘ljaga tayinlab, qishloqqa qaytgan.

         Ustaning tavsiyasiga amal qilib, mustahkam gumbaz tiklashga asqotadigan "o‘tga chidamli" maxsus pishiq g‘ishtdan ko‘p miqdorda sotib olgan. G‘ishtlarni ikki yuk mashinasida qishloqqa tashib keltirib, masjidning ichkarisiga taxlab qo‘ygan.

         Afsuski, umr bevafo ekan. Mirza So‘fi bobom 1985 yil yozida Samarqanddan keladigan ustaning yo‘liga intizor ko‘z tikib turgan kunlaridan birida falakdan ajal farishtasi yo‘qlab keladi...

 

G‘ulom Mirzoning

"Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)"

nomli kitobidan

Powered by GSpeech