2022 yil 31 yanvar kuni Bryussel shahrida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mongoliya bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisining o‘rinbosari Atidje Alieva-Veli boshchilik qildi.
Yevropa ommaviy axborot vositalari va madaniy-gumanitar sohalar vakillari ishtirokidagi matbuot tadbirlari doirasida bir qancha uchrashuvlar ham tashkil etildi.
O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: o‘zaro hamkorlik natijalari
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqini o‘zining eng asosiy xalqaro hamkorlaridan biri sifatida ko‘radi. Binobarin, ushbu nufuzli xalqaro tashkilot demokratiyaning umuminsoniy qadriyatlarini ilgari surish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, tinchlikni saqlash, hamkorlik va barqaror taraqqiyotga erishish borasida ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida jadal rivojlanayotgan o‘zaro hamkorlik munosabatlarining ko‘lami va qamrovi tobora kengayib bormoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, xususan, 2019 yilda mamlakatimizga Yevropa kengashi Prezidenti Donald Tusk tashrif buyurgani va Prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashganini ta’kidlash lozim.
Shuningdek, 2020 yil apreli va 2021 yil avgustida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqotlari ham samarali bo‘ldi.
O‘tgan yilning avgust va noyabr oylarida esa mamlakatimizga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel hamda Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas tashrif buyurdi. Yevropa Ittifoqining har ikki yuqori mansabdor shaxsi davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilindi.
Ayni chog‘da o‘zaro savdo hajmi jadal ortmoqda, Yevropa yetakchi kompaniyalarining ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini jalb qilgan holda yirik investitsiya loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Ta’lim, xavfsizlik sohalarida, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasida muhim qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikka oid ayrim ahamiyatli dalil va raqamlarni keltiramiz.
Birinchidan. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning koronavirus pandemiyasiga qarshi tizimli kurashini rag‘batlantirish maqsadida 10 million yevro ajratganini alohida qayd etish zarur.
Ikkinchidan. Yevropa tomoni joriy yilning 10 aprelidan boshlab O‘zbekistonga “Preferensiya bosh tizimi qo‘shuv” (“GSP+”) tizimida ishtirok etadigan benefitsiar-mamlakat maqomini taqdim etmoqda. Buning natijasida mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bozoriga eksport qiladigan to‘qimachilik mahsulotlari hajmini har yili kamida 300 million AQSh dollari miqdoriga oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, elektr texnikasi, kimyo, rangli metallar va milliy iqtisodiyotmizning boshqa sohalarida ishlab chiqarilgan 6 ming 200 xil nomdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga boj to‘lovlarisiz eksport qilishimiz mumkin.
Uchinchidan. O‘zbekiston Orol muammosini hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan tuzilgan Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondiga katta ishonch bilan qaraydi. Shu nuqtai nazardan, Yevropa tomoni ushbu Fondga 5,2 million yevro miqdorida moliyaviy ulush qo‘shganini nihoyatda qadrlaymiz.
To‘rtinchidan. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun faol ish olib bormoqda. Yevropa Ittifoqi bu intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlagan holda, ayni yo‘nalishda texnik ko‘mak uchun 5 million yevro miqdorida mablag‘ ajratdi.
Yevroparlamentda “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” e’tirof etildi
«O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining Bryusselda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida Yevropa vakillariga Prezident Shavkat Mirziyoevning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” ma’no-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha axborot taqdim etildi. Yevroparlament deputatlari O‘zbekiston tomonining ushbu dasturulamal hujjatni amalga oshirishga qaratilgan intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.
Yig‘ilish davomida Oliy Majlis bilan Yevropa parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarning joriy holati va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar:
- O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini berayotgani;
- mamlakatda investitsiya muhiti yaxshilangani;
- ayni yo‘nalishda bozorlarimizning ochiqligi va texnik hamkorlikka shayligimiz;
- ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, energetika va infratuzilma sohalari bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishni yanada kengaytirish;
- atrof muhitni himoya qilish, suv resurslarini boshqarish, qishloq joylarni va ekologik barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish omillarini hisobga olgan holda, pandemiya sharoitida o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Ayniqsa, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, savdo-sotiq yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash, mintaqaviy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy-texnikaviy jihatdan ko‘maklashish, turizm va ta’lim sohasidagi almashinuvlarni rag‘batlantirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlardagi ikki tomonlama hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ijobiy baholandi. Tomonlar hamkorlik munosabatlarining turli bosqichlarida, shu jumladan, oliy darajada faol aloqalar muhimligini qo‘llab-quvvatladilar.
Ma’lumki, 2019 yilda Yevroparlamentga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar bo‘lib o‘tgani, shuningdek, koronavirus pandemiyasi tufayli «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini o‘z vaqtida o‘tkazish imkoni bo‘lmadi. Shu munosabat bilan tomonlar parlamentlararo aloqalarni jadallashtirish choralarini ko‘rish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrga keldilar.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish borasidagi muzokaralarda sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdilar. Ayni jarayonni tezroq yakuniga yetkazish va O‘zbekiston Prezidentining joriy yilda Bryusselga rejalashtirilayotgan oliy darajadagi tashrifi chog‘ida ushbu hujjatni imzolanishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Yevropa tomoni O‘zbekistonda adliya, ichki ishlar, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy siyosat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi. Yevroparlament 2021 yil oktyabrida tarixda ilk bor o‘z delegatsiyasini O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi jarayonlarini kuzatish uchun yuborgani ushbu ishonchli hamkorlikning izchilligini tasdiqlaydi.
Yig‘ilishda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning ayrim jihatlari yuzasidan ham fikr almashindi. Xususan, Afg‘onistondagi vaziyat va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish haqida so‘z yuritildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini kelgusi yili Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldilar.
Muloqotlar asnosida Yevropa tomoni Yevropa Ittifoqi uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi hamkor ekanini tasdiqlagan holda, o‘zaro hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdan manfaatdorligini ta’kidladi.
O‘zbekiston – tahdidlarga bardoshli va barqaror mamlakat
2022 yil 31 yanvar kuni mamlakatimiz parlamenti delegatsiyasi Yevropa parlamenti vitse-prezidenti Xaydi Xautala bilan uchrashdi. Uchrashuvda o‘zaro manfaatli sohalardagi ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
X.Xautala pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng O‘zbekiston parlamenti a’zolari Yevropa parlamentiga tashrif buyurgan ilk rasmiy delegatsiyalardan biri ekanini qayd etdi. Yevropa parlamenti vitse-prezidenti mamlakatimiz qonun ijodkorlariga dunyo bo‘ylab harakatlanish chegaralangan va sanitariya cheklovlari amalda bo‘lgan og‘ir bir sharoitda tor doirada bo‘lsa ham yuzma-yuz uchrashuvga tashrif buyurganlari uchun minnatdorchilik izhor etdi.
«O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining yig‘ilishi ochiqlik, o‘zaro hamjihatlik va amaliy muloqot ruhida o‘tdi. Shu asnoda “Evroparlament – O‘zbekistonning do‘sti, ba’zan tanqidiy jihatdan yondashishiga qaramay, sodiq va haqikiy do‘stidir”, deya ta’kidladi X.Xautala.
Tomonlar o‘zaro siyosiy muloqotlar samaradorligini oshirish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokara jarayonlarini jadallashtirish hamda mintaqalararo aloqalarni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
X.Xautala qayd etganidek, Yevropa va Markaziy Osiyo ayni vaqtda murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Bu o‘rinda Afg‘oniston, Qozog‘istondagi vaziyat, xalqaro diniy aqidaparastlik va terrorizm tahdidi tobora ortib borayotgani, shuningdek jahon bozoridagi moliyaviy beqarorlik nazarda tutilmoqda.
Shunday tashvishli holatlarda O‘zbekiston o‘zining bu kabi tahdidlarga bardoshli va barqarorligini baralla namoyon etayotgan kamsonli mamlakatlardan biri hisoblanadi, deya e’tirof etdi X.Xautala. U Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida inson huquqlari va qonun ustuvorligi ta’minlanishiga taalluqli masalalarni fuqarolik jamiyati hamda akademik doiralar vakillari ishtirokida muhokama qilish taklifini ilgari surdi.
Yevropa parlamenti vitse-prezidentining fikricha, Yevropa Ittifoqi mamlakatimiz bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, iqlim o‘zgarishi va boshqa shu kabi turli tahdidlarga qarshi kurashish borasida hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, inson omili bilan bog‘liq muloqotlarni kengaytirishdan manfaatdordir.
Shu nuqtai nazardan, “Bugungi kun tartibimizda mustahkamlashimiz zarur bo‘lgan o‘zaro hamkorligimiz miqyoslari o‘z aksini topgan. Qolaversa, unda oldimizda turgan katta ishlarning butun ko‘lami ham mujassamdir”, dedi u.
O‘zbekiston tomoni X.Xautala xonimga mamlakatda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovini kuzatish jarayonida Yevroparlamentning nufuzli delegatsiyasi tarkibida shaxsan ishtirok etgani uchun minnatdorchilik izhor etdi. Binobarin, ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirga Yevropa tomoni faol ishtirok etib, o‘zining xolis va amaliy bahosini bergan.
Yevropa parlamenti vitse-prezidenti X.Xautala bilan muloqot yakunida istiqboldagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining shakllari, daraja va mavzulari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Yevroparlament – O‘zbekistonning do‘sti
2022 yil 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasi Yevropa parlamenti deputati, Yevroparlament huzuridagi “Evropa Ittifoqi – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Richard Charneskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Evropa Ittifoqi – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi Yevroparlament huzurida 2021 yil 29 aprelda ta’sis etilgan. Uning ta’sischilari Yevropa parlmentining 8 nafar deputati: R.Charneskiy (Polsha), F.Martushello (Italiya), A.Vaskes Lasara (Ispaniya), A.Alieva-Veli (Bolgariya), T.Mariani (Fransiya), T.Jdanoka (Latviya), I.Vinkler (Ruminiya) va N.Ninas (Germaniya) hisoblanadi. R.Charneskiy – mazkur do‘stlik guruhining raisi, I.Tekdemir esa siyosiy maslahatchisidir.
R.Charneskiy Prezident Shavkat Mirziyoev tasdiqlagan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, u keyingi yillarda O‘zbekistonda parlament institutlarini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni ijobiy baholadi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikning tomonlar manfaatlariga bevosita xizmat qiladigan sohalariga taalluqli dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Yevroparlament deputati “Evropa Ittifoqi – O‘zbekiston” do‘stlik guruhining ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan faoliyati haqida so‘zlab berdi. U O‘zbekiston manfaatlarini Yevropa qonun ijodkorlari orasida ilgari surishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Muloqot yakunida bir qator amaliy natijalarga erishildi.
Birinchidan, “Evropa Ittifoqi – O‘zbekiston” do‘stlik guruhining onlayn shakldagi ilk qo‘shma majlisini o‘tkazish va oldinda turgan tadbirlar hamda o‘zaro hamkorlik rejalarini batafsil muhokama qilishga kelishib olindi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bryusselga tashrifi arafasida “Evropa Ittifoqi – O‘zbekiston” do‘stlik guruhining parlament forumini o‘tkazishga qaror qilindi. Bu anjumanda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalalarini atroflicha muhokama qilish mo‘ljallanmoqda.
Yangi O‘zbekistondagi islohotlar – Yevropa jamoatchiligining doimiy e’tiborida
2022 yil 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Yevropa ommaviy axborot vositalari va madaniy-gumanitar sohalar vakillari ishtirokidagi matbuot tadbirlari doirasida bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdi.
«Diplomatic World» jurnali Bosh muharriri Barbara Ditrix va «Diplomatic World Institute» tahliliy markazining loyihalar bo‘yicha menejeri Alberto Turkstra bilan bo‘lib o‘tgan o‘zaro muloqot shular jumlasidandir.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoev tasdiqlagan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning ma’no-mohiyati va ahamiyati haqida mufassal axborot berildi. Muloqot ishtirokchilari bu borada taqdim etilgan ma’lumotlarni alohida qiziqish bilan qabul qildilar.
Xususan, B.Ditrix inson huquqlari, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlarini amalga oshirish juda muhimligini qayd etdi. U mamlakat rahbariyatining ayollar ta’lim olishi va mehnat qilishi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga doir rejalariga ijobiy baho berdi.
Jurnalist, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekistonning “Huquq ustuvorligi indeksi”da yuqori darajaga erishgan mamlakatlar safidan o‘rin olishi maqsad qilib qo‘yilganini olqishladi. Uning fikricha, bu Yevropa jamoatchiligining doimiy e’tiborida turadigan masaladir.
Muloqot yakunida «Diplomatic World» jurnalining navbatdagi sonida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga bag‘ishlangan maqola chop etilishi haqida kelishib olindi.
O‘z navbatida, A.Turkstra Taraqqiyot strategiyasida davlat hokimiyati organlarini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur sohani takomillashtirishni izchil davom ettirib, ixcham va samarador boshqaruv tizimini yaratish nihoyatda muhim.
«Diplomatic World Institute» tahliliy markazi vakili O‘zbekistonda sud-huquq tizimi, advokatura instituti, huquqni himoya qiluvchi organlarning tadbirkorlar va mulkdorlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyatini isloh etish borasida belgilab olingan istiqboldagi rejalarni ham ijobiy baholadi.
A.Turkstraning fikricha, bunday oqilona maqsadlarga erishilishi, shubhasiz, mamlakatda aholi daromadlarining oshishi va yalpi farovonlik yuksalishiga olib keladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda “yashil” va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotgani Yevropada ayniqsa katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Taniqli jurnalist va adib Remko Reyding bilan uchrashuv
Gollandiyalik jurnalist, yozuvchi va tarixnavis Remko Reyding nomi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish hamda juda qadrlidir. Chunki u Ikkinchi jahon urushi boshida Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Gollandiyadagi “Amersfort” konslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan fidoyi ijodkor hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasi rahbari uchrashuv chog‘ida qattol urushning o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rgangani hamda ana shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida alohida kitob yozgani uchun Remko Reydingga chuqur minnatdorchilik izhor etdi.
2022 yil 30 yanvar kuni Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2020 yili Toshkent shahrida ochilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibida 101 nafar o‘zbek jangchisi xotirasiga bag‘ishlab “Konslager” yodgorligi bunyod etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida ayni mavzuni yoritishga qaratilgan maxsus pavilon ishlab turibdi.
G‘alabaning 75 yilligi arafasida o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan millatimizning go‘zal siyratini, azaliy odobi va insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida “101” nomli badiiy film tasvirga olingan. Bu haqda kitoblar chop etilmoqda, ommaviy axborot vositalarida atroflicha ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.
Remko Reyding hozirgi vaqtda Gollandiyaning “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlayotganini qayd etdi. Ushbu nomdagi yodgorlik majmuasi Amersfort shahrining “Rastxof” qabristoniga tutash hududda joylshgan bo‘lib, bu yerda 865 nafar sovet askari, jumladan, 101 nafar o‘zbek jangchisi dafn etilgan.
R.Reyding ana shu qurbonlarning shaxsini aniqlashtirish uchun 20 yildan buyon izchil izlanishlar olib bormoqda. Uning aytishicha, bu yerda xoklari ko‘milgan 101 nafar o‘zbek jangchisi 1941 yilda asirga olingan va 1942 yil 8 aprelda qatl etilgan. “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi har yili shu qayg‘uli sanada sobiq “Amersfort” konslagerining yurtdoshlarimiz otib tashlangan maydonida xotira tadbiri o‘tkazib keladi.
Joriy yilda ana shu mash’um sanaga 80 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan R.Reyding bu galgi xotira tadbiriga O‘zbekiston vakillarini ham taklif etdi.
Tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar. R.Reydingning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Remko Reydingga 2021 yili O‘zbekistonda o‘zbek, ingliz va rus tillarida katta adadda nashr etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdim etildi.
Yekaterina Saranok: “O‘zbekiston olimlari bilan yuridik ta’lim sohasida hamkorlikka shaymiz”
2022 yil 30 yanvar kuni «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bryusselga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining delegatsiyasi Belgiyaning “Modern Education & Research Institute” (MERI) ta’lim instituti direktori Yekaterina Saranok bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim ravnaqiga alohida ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Ayni vaqtda mamlakatda 142 ta oliy o‘quv yurti mavjud bo‘lib, ular orasida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari ko‘pchilikni tashkil etadi.
O‘z navbatida, Ye.Saranok Bryusselda joylashgan MERI ta’lim institutiga 2016 yilda oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritadigan notijorat tashkilot sifatida asos solinganini ma’lum qildi. Mazkur institut ta’limni baynalmilallashtirishga ko‘maklashish hamda oliy ta’lim tizimiga global miqyosdagi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasida o‘qituvchilar va universitetlar ma’muriyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
MERI ta’lim institutida muntazam ravishda xalqaro ilmiy konferensiyalar, malaka oshirish dasturlari, ta’limning innovatsion usullarini tatbiq etish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi. Bu yerda, monografiya va ilmiy tadqiqotlar taqdimotlari uchun ham keng shart-sharoit yaratilgan.
Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari muhokama qilindi. MERI ta’lim instituti direktori o‘zbek olimlarini, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti huquqshunos mutaxassislarini Lyoven universitetida tajriba (stajirovka) o‘tash hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi huzuridagi Yevropa huquqi markazi faoliyatini o‘rganish uchun taklif etishga yordamlashgani tayyor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, Ye.Saranok o‘zi rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasi O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirishga shayligini qayd etdi. Bu o‘rinda turli sohalar bo‘yicha saboq beradigan o‘qituvchilar malakasini oshirish va oliy o‘quv yurtlarining xalqaro ko‘lamdagi faolligini kuchaytirish masalalari haqida so‘z bormoqda.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan muayyan kelishuvlarga erishildi.
Parlamentlararo hamkorlik istiqbollari: tahlil va takliflar
O‘zaro hamkorlik yo‘lidagi izchil va amaliy muloqotlar samaralarini bermoqda. Aytaylik, Yevropa Ittifoqi mamlakatimiz taraqqiyoti uchun taqdim etayotgan qulaylik va yengilliklar nihoyatda muhimdir.
Birgina misol: O‘zbekistonning “GSP+” tizimida ishtirok etadigan benefitsiar-mamlakat maqomiga ega bo‘lishi eksport salohiyatimizni oshirishi bilan bir qatorda, boshqa ko‘plab ilg‘or sohalardagi natijalarimizni ham yaxshilashga xizmat qiladi. Bu o‘rinda, albatta, zamonaviy standart va texnologiyalarni tatbiq etish, zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, har bir sohada sifat ko‘rsatkichlarining zarur darajada bo‘lishiga erishish haqida so‘z bormoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni inson huquqlari sohasidagi tegishli 33 ta xalqaro konvensiya doirasida zimmasiga olgan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib borish uchun zarur barcha choralarni ko‘rmoqda. Shu maqsadda Oliy Majlis tomonidan qat’iy parlament nazorati o‘rnatilgan.
Mamlakatimizda ana shu konvensiyalarning bajarilishini monitoring qilish uchun tashrif buyuradigan Yevrokomissiya delegatsiyasini kutib olish va o‘zaro hamkorlikda ishlashga hamisha tayyormiz.
Bu yil fevral oyida Yevropa parlamenti Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi D.Makallisterning yurtimizga tashrifi kutilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining tarixiy va taqdirulamal davriga qadam qo‘ydi. Mamlakatni modernizatsiya qilish hamda inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralarning izchil amalga oshirilishi natijasida tom ma’noda demokratik huquqiy davlat – Yangi O‘zbekiston qiyofasi shakllanmoqda.
Endilikda yurtimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va saylov jarayonida o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan bu muhim konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik. Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoev Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan 2020 yil aprelida bo‘lib o‘tgan muloqotida O‘zbekistonda “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Vazirlar konferensiyasini o‘tkazish taklifini ilgari surgani bejiz emas. Zero, ushbu anjuman nafaqat mintaqamizda, balki mintaqalarimizda ham o‘zaro hamjihatlik va barqaror taraqqiyotga erishish uchun muhim ahamiyat kasb etishi tayin.
O‘zbekiston tomoni ushbu tadbirni joriy yilning 22 iyulida Samarqandda o‘tkazishni taklif etmoqda. Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi ro‘yobga chiqsa, savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamlashtirish va boshqa istiqbolli sohalarda samarali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyati tug‘iladi.
Yana bir muhim taklif – turizm bo‘yicha “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” forumini joriy yilning ikkinchi yarmida Xiva shahrida o‘tkazish bilan bog‘liq. Bu anjuman bizga va mintaqamiz hamda Yevropadagi hamkorlarimizga pandemiyadan keyingi davrda sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun nihoyatda qo‘l keladi.
Xulosa qilib aytganda, «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining 15-yig‘ilishi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligimiz tarixida birinchi marta O‘zbekiston inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi borasidagi vaziyat uchun tanqidga uchramagan, aksincha, yevropalik hamkasblarimiz bilan o‘zaro muzokaralar g‘oyat ijobiy ruhda o‘tgan dastlabki o‘ziga xos tadbir bo‘ldi.
Eng muhimi, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishlarda, ayniqsa, so‘nggi yillarda muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgani Yevroparlament deputatlari tomonidan alohida e’tirof etildi.
Akmal SAIDOV,
«O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qo‘mitasining O‘zbekiston tomonidan hamraisi
- Qo'shildi: 14.07.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish