ABDULLA ORIPOV SHE’RIYATIDA BAHOR TIMSOLI

Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,

Topay dedim qirdan izingni.

Yonog‘ingdan rang olgan dedim –

Lolazorga burdim yuzimni,

Uchratmadim ammo o‘zingni,

– Sen bahorni sog‘inmadingmi?

 

 

Xalqimizga yod bo‘lib ketgan, sevimli hofizlarimiz tomonidan kuyga solingan ushbu samimiy satrlarni o‘qishimiz bilan, ko‘z oldimizda beixtiyor ardoqli shoirimiz Abdulla Oripov timsoli gavdalanadi.

Abdulla Oripov – ulkan iste’dod sohibi va tug‘ma shoir. Tasodifni qarangki, u yangilanish va yasharish faslida kun va tun tenglashgan sanada tavallud topgan. Bu kunni xalqimiz azal-azaldan “Yangi kun”, ya’ni “Navro‘z” deya katta shodiyona bilan qarshi oladi. 1999 yildan boshlab esa 21 mart – Butunjahon she’riyat kuni sifatida ham e’tirof etilib, xalqaro miqyosda nishonlanmoqda.

Butunjahon she’riyat kuni  YuNESKO Bosh konferensiyasining 30-sessiyasida belgilangan bo‘lib, bu orqali insoniyatga she’riyatning ahamiyatini eslatib turish, kishi qalbiga poklik, ruhiga quvvat, idrokiga teranlik baxsh etuvchi so‘z san’atini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Har yili dunyoning deyarli barcha davlatlarida ayni sanada she’rxonlik kechalari, adabiy uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Chin iste’dod sohibi bo‘lgan otashnafas shoirlar yana bir bor yodga olinadi.

Mamlakatimizda esa bu sana Navro‘z bayrami hamda suyukli shoirimiz Abdulla Oripovning tavallud kuni bilan uyg‘un holda nishonlanadi.

Ha, Abdulla Oripov ana shunday shoirona sanada tavallud topgan. Uning ijodida bahor, bu faslga xos tabiat manzaralari tasviri ko‘p uchrashining boisi ham balki shundadir.

Abdulla Oripov she’riyatida bahor – bu tiriklik, bahor – bu hayot. Shoir quyoshning haroratli nurlari erkalab uyg‘otayotgan tabiat timsolida tiriklik kuchining mislsiz qudratini, hayot go‘zalligini va yashash baxtini ko‘radi hamda olqishlaydi:

 

                   Yana bahor keldi. Yana olamda

                   Ajib bir go‘zallik, ajib bir bayot.

                   Men seni qutlayman shu ulug‘ damda,

                   Ulug‘ yelkadoshim, muzaffar hayot!

 

Tabiatni uyg‘otuvchi, olamni yashillikka, insonlar qalbini quvonchga to‘ldiruvchi tiriklik kuchi nimada? Shoir bu savolga muhabbat deya javob beradi.

 

                   Bahor avval kirib kelgay yurakka,

                   Chulg‘ar dilni turfa orzu tilakka.

                   Gar insonga yordir tole, saodat,

                   Bahor bergay tengsiz shodlik, farog‘at.

                   Oshiq magar ishqda esa baxtiyor,

                   Muhabbatdir bahordagi ilk shior.

 

Mumtoz adabiyotda inson umri azaldan yil fasllariga qiyoslangan. Ushbu an’anaviy tashbeh Abdulla Oripov she’riyatida ham uchraydi. Shoir bahor faslini yoshlik davriga mengzab, qiziga atalgan she’rida shunday yozadi:

 

                  Bahor senikidir,

                   Yugur entikib,

                   Yugur adirlarning lolazoriga.

                   Men esa quvonay ko‘zimni tikib,

                   Tog‘larning hayotbaxsh, toza qoriga.

                   Bahor senikidir,

                   Tolma yelishdan.

                   Yugur, sochlaringga bargaklar taqib.

                   Men esa quvonay qahraton qishdan

                   Omon chiqa olgan ildizga boqib.

 

Abdulla Oripov ijodida bahor manzaralari mahorat bilan tasvirlangan sof lirik she’rlar ham talaygina. Ularda favqulodda teran o‘xshatishlar, nafis topilmalar uchraydi. Masalan:

 

                   Shoshqin daryolarning zangordir labi,

                   Shamollar o‘ynaydi yiroq-yiroqda.

 

Yoki

 

                   Ko‘ryapsanmi, qanday yasharmish olam,

                   Beparvo go‘dakday jilmayadi jim.

        

Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Tabiat hodisalari, olam manzaralarining inson ruhiyati bilan uyg‘unlashuvi, quyma misralar orqali falsafiy ma’no kasb etishi ham Abdulla Oripov she’riyatiga xos xususiyatdir. Shoir hech bir tabiat manzarasini shunchaki tasvirlamaydi, balki undan insonlar uchun muhim xulosalar chiqaradi. Masalan, “Bahor shamoli” she’rida ko‘klamning dilga xush yoquvchi shabbodasini zavq bilan tasvirlar ekan, taassurotlarini quyidagi to‘rtlik bilan yakunlaydi:

 

                   Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,

                   Mayli, o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.

                   Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,

                   Umring shamollari muattar bo‘lsin.

 

Umuman olganda, Abdulla Oripovning faqat bahor mavzusidagi she’rlarida emas, balki boshqa ash’orlarida ham ko‘klam bilan bog‘liq o‘xshatishlarni uchratamiz. Jumladan, “Eslash” nomli she’rida shoir:

 

                   Har tong qarshilardim seni shu yo‘lda,

                   Bilmam, qaylargadir shoshib o‘tarding.

                   Ilk bahor seliday toshib o‘tarding,

        

deya nihoyatda go‘zal tashbehni qo‘llaydi. Bu esa bahor fasli shoir uchun bemisl ilhom manbai bo‘lganidan dalolat beradi.

Xulosa qilib aytganda, Butunjahon she’riyat kunida tavallud topgan ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov ijodida bahor fasli rangin ma’nolari va betakror jozibasi bilan aks etgan. Bahoriy harorat va jo‘shqinlik shoir qalbida aks sado berib, o‘xshashi yo‘q misralarga aylangan. Ularni o‘qish, uqish va o‘rganish esa inson ma’naviyati, his-tuyg‘ulari va tafakkurining yuksalishiga xizmat qiladi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech