Axborot globallashuvi jarayonida hayotimizni ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etishimiz juda qiyin. Ayniqsa, har bir sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar, imkoniyatlar bugun ushbu jarayonda axborot tezlashuvini, o‘zaro fikr almashishni talab etadi. Bunda esa albatta jurnalistikaning o‘rni va roli beqiyos.
Chunki har bir inson bugun o‘ziga kerakli bo‘lgan ma’lumotni ommaviy axborot vositalari orqali topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Televidenie, gazeta, radio, ijtimoiy tarmoqlar deysizmi, barchasida ma’lumotlar tezkorlik bilan nashr etilib, aholiga vaqtida yetkazilmoqda.
Ta’kidlash lozim, insoniyat “globallashuv” deb atalgan yangicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va bu aloqalar jadal sur’atlarda kengayib, chuqurlashib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga chiqdi. Buning natijasida “globallashuv” so‘zi iqtisodiygina emas, balki ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa qariyb barcha sohalardagi umuminsoniy jarayonlarni qamrab oluvchi tushunchaga aylanib ulgurdi.
Endilikda davlatlarning qudrati, salohiyati nechog‘lik ko‘p axborotga egaligi bilan o‘lchanmoqda. Eng muhimi, axborotga egalik qilish tevaragida raqobat har qachongidan kuchayib bormoqda. Mazkur jarayonning o‘zi jurnalistikaning qaror topishini, rivojlanishini, pirovard natijada butunjahon jurnalistikasi xususiyatlarining umumiylashuvini jadallashtirmoqda.
Fuqarolik jamiyati o‘zi nima? Fuqarolik jamiyati – konstitutsiyaviy huquq nazariyasida huquq va demokratiyaga asoslangan ijtimoiy hayotning zarur oqilona usuli; insonga uning iqgisodiy, siyosiy va madaniy hayoti shakllarini erkin tanlash kafolatlanadigan, qonun ustuvorligi va inson huquqlari hamda erkinliklari qaror topadigan, ko‘p partiyaviylik, siyosiy intlar, mafkura va fikrlarning xilma-xilligi ta’minlanadigan hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavqei baland bo‘lgan ijtimoiy tuzum.
Fuqarolik jamiyatini qurish kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari bosqichma-bosqich o‘tish orqali ro‘y beradi. Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi shiddatli davr insonlarda siyosiy ong va huquqiy savodxonlikni, ma’naviy yuksalishni, umuman, har tomonlama shakllanib borishni talab etmoqda. Keng miqyosdagi yangilanishlar jarayonida ularning daxldorligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni shunday vaziyatda jurnalistika sabab inson omili rivojlanadi, o‘ziga kerakli ma’lumotni ola bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Asosiysi, kerakli axborot bilan ta’minlashga erishiladi.
Albatta, fuqarolk jamiyatida jurnalistikaning o‘rnini yana bir jihat bilan tilga olsak bo‘ladi, ya’ni uning mavjudligi sabab inson har tomonlama kuchli fikrldash qobiliyatiga ega bo‘ladi, siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy jihatdan shakllanadi. Birgina siyosiy qarashlarning shakllanishini olaylik. Bu shakllanish avvallari asosan gazetalar orqali ta’sir qilar edi, bugun esa barcha ommaviy axborot vositalari orqali o‘z ta’sirini o‘tkazib kelmoqda.
Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot” — gazetalar sharhi o‘tkazilar edi. Katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab bo‘lgandir, balki. Zero, har doim siyosiy tuzumning o‘zgarishi va qayta qurish jarayonlari odamlarga islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish orqali kechgan. Bunda bosh rolni aynan matbuot o‘ynagan. Tarixga nazar solsak, bunga yetarlicha misollarni ko‘rish mumkin.
Jurnalistika deganda bugun ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida aynan ijtimoiy tarmoqlar yoxud internet jurnalistikasi keladi. To‘g‘ri, bugun ular butun hayotni qamrab olganligini, ammo ba’zan noto‘g‘ri axborotlar tarqatilayotganining ham guvohi bo‘lib kelyapmiz. Jumladan, gazetalarni olaylik. Gazeta nafaqat bugungi kun panoramasini to‘liq ko‘rish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam berishi kundek ravshan!
Gazeta xuddi darslik singari barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab oladi. Undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning o‘zigina emas. Maqolaga har doim qaytish mumkin. Kerak bo‘lganda, yana boshdan mulohaza qilasan, muhim joylarini belgilab, o‘qiganlarni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qo‘yish mumkin.
Shu bilan bir qatorda, matbuotda ishlashning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Bitta maqola yoki axborot tayyorlanguncha necha kishining ko‘z nuri to‘kiladi, keyin sahifalanadi, har bir sahifa musahhihlar qo‘lidan o‘tkazilib, bosmaxonaga yuboriladi va tonggacha to‘liq bosmadan chiqariladi, oxirida tayyor mahsulot — gazeta o‘quvchilar qo‘liga yetib borishi uchun butun mamlakat bo‘ylab yuzlab odamlar jon koyitadi. Mas’ullar tun-allamahalgacha, yanayam aniqrog‘i, tongotargacha qolib ishlaydi. Eng qizig‘i, shu hol har kun takrorlanadi.
Izlasak, yurtimizda ham zamon talabiga ko‘ra faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar ko‘p. Keyingi yillarda gazetalarimizda muntazam ravishda iqtisodiy sharhlar berib borilyapti, ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, islohotlar qanday borayotgani, Prezident farmon va qarorlari odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani keng yoritilmoqda. Tahlil va sharhlar tayyorlash uchun milliy va xorijiy ekspertlar, siyosatchilar, turli soha mutaxassislari jalb etilyapti.
Gazetalarimizga katta mas’uliyat yuklatilgan — u ham bo‘lsa, vatandoshlarimizga ertangi yorug‘ kunlar sari borayotgan yo‘lida hamqadam bo‘lish, ta’bir joiz bo‘lsa, hamrohi, sirdoshiga aylanishdir.
Jamiyatning madaniyati yuksalishida ham gazetaning o‘rni salmoqli. Negaki, aynan gazeta til sofligini, uning adabiy-badiiy xususiyatlarini, so‘z yuki va qudratini nafaqat saqlab qoladi, balki oshirib ham boradi.
Bosma nashrda har bir so‘z chuqur va keng ma’no-mazmunga ega. Gazeta adabiy til qoidalariga to‘liq amal qilgani uchun ham qadrli. Aynan bosma nashrlarda ishlovchi jurnalistlar shu bois ham axborot maydoni elitasi hisoblanadi. Ular o‘z o‘quvchilari oldidagi yuksak mas’uliyatni his etgan holda, mulohazakorlik, haqqoniylik, halollik va burchga sodiqlikni faoliyatining asosiy tamoyillari deb bilishadi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash uchun ochiq maydon yaratildi. Bunday imkoniyatdan foydalanish yo‘lidagi turli g‘ovlar: ma’muriy, norasmiy cheklovlar deyarli olib tashlandi. Jamiyatda har kim o‘z fikrini bemalol bildirishi, murojaat va e’tirozlari, taklif hamda shikoyatlarini erkin ifoda etishi uchun zarur huquqiy baza yaratildi va u takomillashtirilmoqda.
Fuqarolar, jurnalistlar, blogerlarga katta minbarlar berildi. Bular internet, undagi ijtimoiy tarmoqlar, portallar, gazeta-jurnallar, TV va radio, xullas, axborot yetkazishning barcha vositasini, onlayn va oflayn, an’anaviy va noan’anaviy instrumentlarni qamrab oldi. Shunga yarasha insonning so‘z va axborot olish erkinligi, jurnalistik faoliyat erkinligi kafolatlari tubdan mustahkamlandi, bunday huquqlarga daxl yoki qarshilik qilganlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Pirovardida yurtimizda shaffof va tezkor axborot maydoni vujudga keldi. Turli axborot saytlari rivojlana boshladi, blogerlik harakati keng quloch yozdi. Bugun har kim va har bir tashkilot, xoh u matbuot sohasi bo‘lsin, xoh boshqa soha o‘z sayti, “Telegram” kanali, “Facebook”, “Youtube”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yuritishi oddiy holga aylandi. Tabiiyki, bunday holatda axborot olish va yetkazish jabhasida ham raqobat keskin kuchayib ketdi.
Bugungi kunda jamiyatda auditoriya qamrovi bo‘yicha, umuman, kontent reytinglarida nodavlat ommaviy axborot vositalari, xususan, internet saytlari, shuningdek, blogerlar yuritayotgan onlayn kanallar yetakchi o‘rinlarda turadi. Biz ularning bu yutuqlaridan faqat xursand bo‘lamiz.
Yaxshi tomoni shundaki, mazkur holat plyuralizm mavjudligini anglatadi. Bunday voqelik esa axborot tarqatishda raqobatni kuchaytirib, so‘z va fikr erkinligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati qurishning asosiy talablaridan biridir.
Boshqa tomondan, plyuralizmni boshboshdoqlik, o‘zbilarmonlik deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday qarash davlat axborot xavfsizligi, ijtimoiy barqarorlik hamda sotsial kayfiyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin.
Shuning uchun bu boradagi oltin o‘rtaliqni ta’minlash bugun har qachongidan muhimdir. Binobarin, oxirgi paytlarda aytilayotganidek, nafaqat Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA kabi rasmiy axborot yetkazib beruvchilar, balki davlat hokimiyati organlari matbuot nashrlari, veb-saytlari faoliyati, salohiyati, moddiy-texnika bazasi, kadrlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Fuqarolik jamiyatida jurnalistikaning o‘rnini belgilab berishda jurnalistning ham muhim o‘rni bor. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jurnalist kadrlar tayyorlaydigan o‘quv dargohlari soni ko‘paydi. Shunday ekan, bo‘lg‘usi jurnalistlarning davlat organlari muassisligida faoliyat yuritadigan tahririyatlar va telekanallarda amaliyot o‘tashini tashkil qilish ham dolzarb masalalardandir. Bu yerda ular haqiqiy jurnalistik materiallar qanday tayyorlanishini o‘rganadi, sohaning negizini tashkil etuvchi bilim va malakalarini oshiradi.
Aslida, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida jurnalistlarning obro‘si anchayin baland bo‘ladi. Chunki ular haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat, davlat va xalq o‘rtasidagi o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy ko‘priklardan biri hisoblanadi.
Binobarin, jurnalist har bir so‘zi uchun mas’uliyatni his etadi, xalq, jamiyat oldida javobgar va hisobdor bo‘ladi. Blogerda esa mutlaqo boshqacha yondashuv. U ko‘p hollarda o‘zining shaxsiy fikrini ifodalaydi va bu fikr jamiyatga muayyan ta’sir o‘tkazadi. Bu yerda gap jurnalistlarni blogerlar bilan, davlat ommaviy axborot vositalarini xususiylari bilan taqqoslashda emas. Asosiysi, bugungi kunda ular o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhimdir.
Bunda jurnalistlardan davr talablariga moslashish, mehnat samaradorligini oshirish talab etiladi. Bu esa mamlakatimizning axborot xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
So‘zimizni mamlakatimiz Prezidentining fikrlari bilan xulosalaymiz. Ya’ni: “Axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak”.
Sevara Ishmuratova,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy
markazi Umumiy bo‘limi boshlig‘i
- Qo'shildi: 22.02.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish