Ilm-fan yutuqlari – barqaror iqtisodiyot va muvaffaqiyatli tadbirkorlik asosi

26 aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni

 

Tafakkur – insoniyat tamaddunini rivojlantiruvchi eng asosiy kuchdir. Jahon sivilizatsiyasini inson tafakkuri mahsuli bo'lgan g'oya, ixtiro yoki san'at asarlarisiz tasavvur etib bo'lmaydi.
Jamiyatning har bir a'zosi tabiiy va ijtimoiy qonuniyatlar asosida moddiy hamda ma'naviy ehtiyojlar qurshovida yashashini e'tiborga olsak, ixtiro yoki san'at asarlariga intellektual mulk sifatida qarash dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo'shadigan ilm va iste'dod sohiblarini qo'llab-quvvatlash, rag'batlantirish va ularga keng imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.

Bugungi kunda xalqaro miqyosda intellektual mulk huquqining kafolatlanishi va ta'minlanishi Jahon intellektual mulk tashkiloti (World Intellectual Property Organization, WIPO) tomonidan amalga oshiriladi hamda nazorat qilinadi. Ushbu nufuzli tashkilot BMTning ixtisoslashgan agentligi bo'lib, faoliyatining asosiy yo'nalishlari ishonchli va barqaror xalqaro intellektual mulk tizimini rivojlantirishga qaratilgan. Jahon intellektual mulk tashkilotining ta'sis etilishiga asos bo'lgan Konventsiya 1970 yil 26 aprelda kuchga kirgan. 2000 yildan boshlab har yili 26 aprel` – Xalqaro intellektual mulk kuni sifatida keng nishonlanadi.

Xalqaro intellektual mulk kuni har yili muayyan mavzuga bag'ishlanadi va mavzu doirasida dunyoning ko'plab mamlakatlarida konferetsiyalar, intellektual hamda ko'ngilochar tadbirlar tashkil etiladi.

Joriy yilda ushbu xalqaro sana “Bozor (iqtisodiyoti)ga o'z g'oyalaringizni taqdim eting” shiori ostida nishonlanmoqda. Bu orqali kuchli va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda intellektual mulkning ahamiyatini targ'ib etish ko'zda tutilgan.

2020 yilda jahon miqyosida mislsiz kulfatlar olib kelgan koronavirus pandemiyasi global iqtisodiy muammolarni ham keltirib chiqargani sir emas. Bunday pallada global darajada ham, milliy darajada ham iqtisodiyotni tanazzuldan asrashning eng maqbul yechimi – yangi innovatsion ishlanmalar, kashfiyotlar va texnologiyalardir. Bu esa XXI asrda davlatning kuch-qudrati uning intellektual salohiyati bilan belgilanishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ta'kidlash o'rinliki, Uchinchi Renessansga zamin hozirlayotgan Yangi O'zbekiston ham ilmiy-innovatsion rivojlanish yo'lini tanladi. Mamlakatimizda so'nggi besh yilda 28 ta ilmiy tashkilot va 4 ta innovatsion texnopark tashkil etildi. Ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini yangilash, shuningdek ilm ahlini qo'llab-quvvatlash uchun katta mablag'lar yo'naltirilmoqda. Intellektual mulk huquqining qonuniy asoslari takomillashtirilmoqda.

Jumladan, 2021 yilning 28 yanvar` sanasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi. Uning maqsadi intellektual mulk sohasini rivojlantirish, mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligidan kelib chiqib, intellektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish hisoblanadi.

Muxtasar aytganda, Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan joriy yildagi Xalqaro intellektual mulk kuni uchun tanlangan mavzu har birimizni, ayniqsa tadbirkorlarni va ushbu faoliyatga qiziquvchilarni innovatsion yondashuv orqali ish olib borishga da'vat etadi. Zero, ilm-fan yutuqlari bilan uyg'unlashgan tadbirkorlik faoliyati, hech shubhasiz, barqaror rivojlana oladi.

Nazira Raxmatillaeva,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mutaxassisi

*foto internetdan olindi

Powered by GSpeech