“Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Shavkat Mirziyoev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Natijada oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabatimiz tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylandi.
Bugun O‘zbekiston ayollari barcha jabhalarda o‘z o‘rni va munosib mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Keyingi saylovlarda yurtimiz tarixida birinchi marta milliy parlament tarkibidagi xotin-qizlar soni dunyo miqyosida namunali ko‘rsatkichga ko‘tarilgani ham bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Gap shundaki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan
150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Senatda bu ko‘rsatkich qariyb 25 foizga yetdi. Mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi ham jonkuyar, faol ayollardir. Ana shunday natijalar tufayli O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, milliy parlamentimiz ayol deputatlar va senatorlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-pog‘onaga ko‘tarildi.
Shuningdek, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi – 27 foizga, siyosiy partiyalarda – 44 foizga, oliy ta’lim tizimida – 40 foizga, tadbirkorlik sohasida esa 35 foizga yetdi.
Bularning barchasi so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasidagi tizimli ishlarning samaralaridir. Ayni sohadagi ishlar, xususan:
- ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
- ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish;
- aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
- huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilmoqda.
So‘nggi yillarda milliy qonunchiligimiz va xalqaro konvensiyalar orqali bu yo‘nalishda zimmaga olingan majburiyatlarni bajarish yuzasidan amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar natijasida yigirmadan ortiq normativ-huquqiy hujjat imzolandi. Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq
va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, Prezidentimizning xotin-qizlar huquqlarini va gender tenglikni ta’minlash, ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ularning tadbirkorlik maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari shular jumlasidandir.
Gender tenglikni ta’minlash strategiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi esa mamlakatda inson huquqlariga nisbatan hurmat bilan qarashni shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Gender tenglik haqida so‘z borganda, ushbu tushuncha faqat ayollar manfaatlarini ifodalash bilangaina cheklanmasligiga e’tibor qaratish lozim. Aksincha, gender tenglik tamoyili har ikki jins vakillarining o‘z orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ko‘zda tutadi.
Rivojlangan huquqiy davlat va demokratik jamiyat talablaridan biri – erkak va ayol huquqlari tengligining ta’minlanishidir. Binobarin, gender tenglik, ya’ni erkaklar va xotin-qizlar tengligi insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning ham negizidir. Mutaxassislarning fikricha, faqat erkaklardan iborat jamoaga nisbatan 50/50 foiz erkak va ayollardan iborat mehnat jamoalari, ayniqsa agar ular aqliy mehnat bilan band bo‘lsa, o‘z ish faoliyatida bir necha barobar yuqori natija ko‘rsatar ekan.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish
va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ayni muddao bo‘ldi. Qaror ijrosi doirasida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash alohida e’tibor markazida turibdi. Shu maqsadda «Ayollar daftari» tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning ana shunday natijalari xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani muhim ahamiyatga ega. Jumladan, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-o‘rinni egalladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Yangi O‘zbekistonda bu borada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
O‘z navbatida, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarma ijrochi direktori Gada Valining so‘ziga ko‘ra, dunyoda har 11 daqiqada bir ayol yoki qiz o‘z oila a’zosi tomonidan o‘ldirilmoqda. Shu tariqa 2020 yilda dunyo bo‘ylab 47 ming ayol va qiz yaqin sheriklari yoki oila a’zolari qo‘lida halok bo‘lgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda ayollarning huquq va erkinliklarini har tomonlama ta’minlash yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yildi. Davlatimiz rahbari yaqinda e’lon qilgan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli muhim konseptual hujjatda ana shu islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibidan joy oldi.
Avvalo, O‘zbekiston Prezidentining yangi strategik dasturiga bu borada alohida Milliy dastur qabul qilish rejasi kiritilgani diqqatga sazovor. Bo‘lajak Milliy dastur mamlakat xotin-qizlari bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, navqiron yoshlarimizni, ayniqsa, qizlarimizni sog‘lom va yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish ishlari bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibor markazida bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi vaqtda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan, farzandlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan ayollarimiz barcha islohotlarimizda faol ishtirok etmoqdalar. Bu, o‘z navbatida, hurmatli onalarimiz, opa-singillarimizga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining uzviy qismi bo‘lib kelayotganining yorqin dalolatidir.
Jamiyatning demokratik o‘zgarishlar yo‘lidan nechog‘lik ilgarilab ketgani – shu jamiyatning ayollarga munosabati, bu boradagi madaniy-ma’naviy saviyasi bilan belgilanadi. Zero, oqila, go‘zal ayollar o‘zlarining g‘amxo‘rligi, mehribonligi, qalbi daryoligi bilan oilalardagi, qolaversa, butun jamiyatdagi muvozanatni, poklik, halollik, samimiyat va adolat muhitini saqlab turadilar.
Oydin Ibrohimova
- Qo'shildi: 08.01.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish