SUV – HAYOT MANBAI

Olimlar sayyoramizdagi ilk tirik mavjudotlar suvda paydo bo'lganini ta'kidlashadi. Million yillardan buyon suv tiriklik evolyutsiyasiga ham, Yer sayyorasining geografik shakliyu, iqlim o'zgarishlariga ham beqiyos ta'sir ko'rsatib kelmoqda. Suvsiz hayot yo'q. Uni insoniyat ko'z qorachig'idek asrashga majbur.

Sayyoramizdagi toza ichimlik suvi zaxirasini asrash, undan oqilona foydalanish, sanoat va ishlab chiqarish jarayonini tabiatga zarar yetkazmaydigan tarzda “ekologik toza” innovatsion uslublar bilan yo'lga qo'yish va turli ta'lim usullaridan foydalanib, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish kabi dolzarb muammolarga insoniyat e'tiborini qaratish maqsadida har yili 22-mart – Butunjahon suv zaxirasi kuni sifatida dunyoning deyarli barcha davlatlarida nishonlanadi.

“Butunjahon suv zaxirasi kuni”ni nishonlash taklifi dastlab 1992 yilda BMTning “Atrof-muhitni himoya qilish va rivojlanish” mavzuidagi xalqaro konferentsiyasida ilgari surilgan. 1993 yil 22 fevralda esa BMT Bosh Assambleyasining bu haqdagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

Rezolyutsiyada barcha ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat suv va uning sifatiga sezilarli darajada bog'liq bo'lgani holda, ushbu masalaga yetarlicha e'tibor qaratilmayotgani, aholi sonining o'sishi, shuningdek, ko'plab davlatlarda iqtisodiy faoliyatning kengayishi natijasida isrofgarchilikka yo'l qo'yilayotgani, suv zaxiralarini asrashga, undan tejamkorlik bilan foydalanishga jamiyatni mahalliy, milliy, mintaqaviy va xalqaro darajada ogohlikka chaqirish zarurati vujudga kelgani qayd etilgan.

Shundan so'ng har yili 22-martda suvning ahamiyati va undan oqilona foydalanish bo'yicha dunyo miqyosida turli tadbirlar o'tkazish yo'lga qo'yildi. Tadbirlar har yili muayyan dolzarb mavzuga bag'ishlanadi. 2014 yilda “Suv va energiya”, 2015 yilda “Suv va barqaror rivojlanish”, 2016 yilda “Suv zaxirasi va aholi bandligi”, 2017 yilda “Nima uchun oqova suvlar?”, 2018 yilda “Tabiat va suv”, 2019 yilda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” mavzularida keng ko'lamli anjumanlar o'tkazilgan bo'lsa,  joriy 2020 yil uchun BMT tomonidan “Suv va iqlim o'zgarishlari” mavzusi tanlandi.

Albatta, uchdan ikki qismi suvdan iborat sayyoramizda global isish, “issiqxona effekti”, cho'llanish kabi iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq muammolarni hal etishda suvning ahamiyatini va ta'sirini chetlab o'tib bo'lmaydi. Iqlim o'zgarishiga doir muammolarning kelib chiqishi suvning ifloslanishi va sho'rlanish darajasi bilan chambarchas bog'liq. Bir so'z bilan aytganda, suv sayyoramizdagi iqlim barqarorligini belgilab beradi.

Ta'kidlash o'rinliki, sayyoramiz ekotizimida beqiyos ahamiyatga ega bo'lgan suv zaxiralariga insoniyatning salbiy ta'sirini cheklash orqali nafaqat iqlim o'zgarishi bilan bog'liq, balki boshqa ko'plab global muammolarni ham hal etish mumkin. Ammo sanoat va ishlab chiqarishning kengayishi natijasida bu salbiy ta'sir yildan yilga kuchaymoqda. BMT ma'lumotlariga ko'ra hozirgi kunda deyarli 80 foiz oqova suvlar tozalanmasdan daryo va dengizlarga, hatto chuchuk suv havzalariga oqizilmoqda.

Bu esa shundoq ham cheklangan chuchuk suv zaxirasining yanada qisqarishiga olib kelmoqda.

Bugungi kunda dunyo aholisining 29 foizi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekayotganini, har kuni mingga yaqin bolalar toza ichimlik suvi iste'mol qilmaslik va yomon sanitar-gigienik sharoitlarda yashash natijasida vafot etayotganini ko'z oldimizga keltirsak, oldimizda turgan muammoning ko'lamini yanada teranroq anglaymiz.

Suv havzalariga yetkazilgan salbiy ta'sir natijasida butun ekologik tizim izdan chiqishini Orol dengizi fojiasi misolida ham ko'rishimiz mumkin. XX asrning birinchi yarmida maydoni deyarli 68 ming , suv hajmi 1000 dan ortiq bo'lgan ulkan dengiz maydoni qishloq xo'jaligi uchun yangi yerlarni o'zlashtirish va tejamkorlik bilan ishlamaydigan gidrotexnika vositalari tufayli deyarli 80 foizga qisqarib, o'rnida qum-tuzli Orolqum cho'li paydo bo'ldi. Natijada dengiz flora va faunasi halokatga uchradi, unumsiz sho'r tuproq quruqlikda yashovchi o'simlik va hayvonot dunyosining qirilib ketishiga, chang-tuzli bo'ronlar esa atmosferaning ifloslanishiga olib keldi. Orolbo'yi mintaqasining sanoat, qishloq xo'jaligi va chorvachilik kabi iqtisodiy tarmoqlari katta talofat ko'rdi. Mintaqa aholisining salomatligiga jiddiy xavf tug'ildi. Ma'lumotlarga ko'ra har yili 15 – 75 mln tonna tuz, kimyoviy o'g'itlar va zaharli moddalardan iborat chang atmosferaga ko'tariladi. Buning ta'sirida mintaqada atmosferaning ifloslanishi 3 marotaba, havodagi o'rtacha chang miqdori 6-7 marotaba ortdi. Aholi orasida sil bilan kasallanish darajasi juda yuqori.

Hozirda mamlakatimizda Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, chang bo'ronlari muammosini hal
qilish uchun Orol dengizi o'rnidagi 1 mln gektar maydonga 2030 yilga qadar tuzga chidamli daraxt ko'chatlarini ekish ishlari reja asosida olib borilmoqda.

Muxtasar aytganda, bugun atrofimizda ro'y berayotgan suv bilan bog'liq ekologik muammolar barchamiz uchun ogohlik qo'ng'irog'i hisoblanadi. Bundan har birimiz tegishli xulosa chiqarib, suvni tejash va isrof qilmaslik tamoyilini kundalik mezonimizga aylantirishimiz zarur. Zero, global muammolar, aslida, kichik e'tiborsizliklardan kelib chiqishini unutmaylik. Bugun bizga hayot va zavq ulashayotgan toza ichimlik suvidan kelajak avlod ham bizdek bahra olishga haqli.

 

Azizbek Ramazonov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri

Powered by GSpeech