Tarix - haqiqatdir

Bugun bashariyat, shuningdek O'zbekiston xalqi fashizim ustidan qozonilgan g'alabaning 76 yilligini nishonlash arafasida turibdi. Ushbu sana har yili fashizimga qarshi kurashga hissa qo'shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, oramizdagi barcha faxriylarga hurmat-ehtirom ko'rsatish maqsadida umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

1941- 1945 yillardagi dahshatli urushning asoratlari unutilmaydi, unitishga haqqimiz ham yo'q. Urush hech bir o'zbek xonadonini chetlab o'tgani yo'q. Ayrim faktlarga murojaat qilaylik:

Yurtimizdan 1 million 951 mingga yaqin kishilar urushga safarbar etildi, 538 mingdan ziyod o'zbekistonlik fuqarolar halok bo'ldilar, 158 mingdan ko'prog'i bedarak yo'qoldilar. 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovor davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar, jumladan o'zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 nafar, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi “Shon-sharaf” (“Slava”) ordeniga sazovor bo'ldilar. 1,5 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar urush bo'layotgan hududlardan O'zbekistonga ko'chirib keltirildi.

O'zbekiston urush ketayotgan hududlarga katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog', dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat yetkazib beradigan muhim tayanch markazidan biriga aylandi, 300 ga yaqin korxonalarda harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod ko'chirib keltirilib, qisqa fursatlarda ishga tushirildi.

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlar daryodan bir tomchidir. Hali ham o'rganilmagan tarixiy manbalar juda bisyor, ularni o'rgansh va keng jamoatchilikka yetkazish ishlari davom etmoqda.

1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni e'zozlash, ularga hurmat – ehtirom ko'rsatish, halok bo'lganlarni xotirasini yod etish bilan bir qatorda, 1545 nafar baynalmilal jangchilar hamda  mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog'ida jangovor harakatlarda halok bo'lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotiralari ham yod etilmoqda. Ularning nomlari Mustaqillik maydonidagi xotira kitobiga kiritilgan. Jumladan,O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan 16 nafar O'zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo'riqlash va himoya qilish bo'yicha jangovar-xizmat vazifalarni bajarishda qahramonlarcha halok bo'lgan chegarachilarning nomlari ham Xotira kitobiga kiritilgan. Ularning  oila a'zolari esa  har jihatdan davlatimiz tomonidan qo'llab-quvvatlanib kelinmoqda.

Bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilganlarning muqaddas xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish va qadrlash bag'rikeng va olijanob xalqimizga xos qadriyat hisoblanadi.

Tariximizni chuqur o'rganish, qadrlash va kelajak avlodga yetkazish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Qahramonlarimizning xotirasi abadiy, ziro tarix – haqiqatdir.

A.K.Pulatov
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech