Mamlakatimiz keng jamoatchiligi tomonidan Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, uni yanada takomillashtirish va targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar bildirilmoqda.
Mazkur hujjat asosida, birinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi, ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, uchinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha milliy komissiya tarkibini tasdiqlash ko‘zda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ushbu muhim hujjat loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari
Akmal SAIDOV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:
– Avvalambor, loyihasi muhokama qilinayotgan asosiy tarixiy hujjatning nomi – “Yangi O‘zbekiston tarraqiyot strategiyasi” deyiladi. Prezidentimiz inauguratsiya nutqida qayd etganidek, o‘tgan saylov davomida davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” nomli yangi kitobi birinchi navbatda Tadbirkorlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi elektorati o‘rtasida o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazildi.
Yangi O‘zbekiston strategiyasida 2017 yil fevralida Prezidentimizning Farmoni bilan tasdiqlanib, 5 yil davomida hayotga izchil tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar, xususan, asosiy natijalarga oid dalil va raqamlar ham keltirilgan.
Bitta raqamga e’tibor qarataylik: Harakatlar strategiyasini ijro etish uchun 300 dan ortiq qonun va kodeks, Prezidentimizning 4 mingdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilingan. Shu tariqa Harakatlar strategiyasi yakuniga kelib, Yangi O‘zbekiston poydevorining huquqiy asoslari yaratildi.
Yangi hujjat – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi endi Yangi O‘zbekistonning poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan. Bu buyuk bunyodkorlik jarayoni 2026 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va yilma-yil amalga oshirib boriladi.
Konstitutsiyaviy islohotlar – davlat va jamiyat taraqqiyoti talabi
Mirzatilla TILLABOEV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari:
– Ma’lumki, Harakatlar strategiyasi doirasida Asosiy qonunimizga so‘ngi 5 yilda 9 marotaba, 21 moddaga 32 ta o‘zgartirish kiritilgan. Konstitutsiyamizning 128 ta moddasining uchdan bir qismi, ya’ni 37 ta moddasi 79 ta o‘zgartirish hisobiga imkon qadar yangilangan. Eng ko‘p o‘zgartirishlar Oliy Majlis, Prezident va Hukumat vakolatlariga oid moddalarga taalluqlidir.
Huquqiy davlatda Konstitutsiya bilan jamoatchilik rivojlanishida uzilish bo‘lmasligi kerak. Bu umume’tirof etilgan qoidadir. Dunyo mamlakatlari rivojlanishi tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, albatta, davlat taraqqiyoti bilan uzviy ravishda konstitutsiyaviy qonunchilik ham muttasil takomillashib boradi.
O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi yangi bosqichida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini ta’minlash ko‘p jihatdan konstitutsiyaviy asoslarni mustahkamlash, davlat boshqaruvi sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish bilan uzviy bog‘liqdir.
So‘ngi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalasi eng ustuvor yo‘nalishga aylandi. Buni qabul qilinayotgan qonunlar, sud mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar samaralarida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Eng asosiysi, bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etildi. Xalqaro va milliy hamkorlar bilan paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring tizimi yaratildi. Buni jahon hamjamiyati tan olmoqda.
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish konstitutsiyaviy islohotlarning ajralmas qismi bo‘lib, bir qator davlatlar Konstitutsiyalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy shartnomalar normalari talablarini o‘ziga singdirgan.
Inson huquqlarini himoya qilishning samarali tizimini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga barham berish, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini himoya qilish masalalarini mustahkamlab qo‘yish, shuningdek inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xususan, Inson huquqlari milliy markaz, parlament Ombudsmani, Bolalar ombudsmani, Biznes-ombudsman maqomi va vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalar o‘z aksini topishi kerak.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasining 19-maqsadi – advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirishdan iborat. Bunda:
advokatura institutini to‘laqonli o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish, tizimga yosh malakali kadrlarni jalb qilish;
advokatlar malakasini oshirish tizimining zamonaviy va samarali mexanizmlari va institutsional asoslarini shakllantirish;
advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
bepul huquqiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, notariat va fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlarining xizmatlaridan ovoragarchiliksiz, shu jumladan masofadan turib va “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanishni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir muhim jihat: Loyihaning 90-maqsadida BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish haqida so‘z boradi.
Ya’ni, O‘zbekistonni BMT tuzilmalari orqali dunyo hamjamiyatiga keng tanitish; O‘zbekiston rahbariyatining BMT doirasidagi tashabbuslarini amalga oshirishni ta’minlash; BMT va uning muassasalari bilan iqtisodiy-moliyaviy va konsultativ hamkorlikni rivojlantirish bunda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish; BMTning “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish uchun barcha sheriklar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish istiqbollari ko‘rsatib berilmoqda.
Istiqboldagi strategik qadamlar
Dilnoza MURATOVA, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari:
– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasida kuchli demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish bo‘yicha mamlakatimiz oldida turgan istiqboldagi strategik qadamlar belgilab berilgan.
O‘tgan besh yilda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi natijalarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, shu jumladan, inson huquqlari sohasida ham o‘z taraqqiyotining "yangi davri"ga kirib bormoqda.
Ayniqsa, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishi, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida BMT Bosh Assambleyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tegishli rezolyusiyalarining qabul qilinishi – bularning barchasi O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida turgan muammolarni hal etishga bo‘lgan yondashuvi xalqaro hamjamiyat va ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.
O‘z navbatida, kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston tarraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sinovdan o‘tgan yo‘ldan, ya’ni izchillikka amal qilish yo‘lidan borilayotgani alohida e’tiborga loyiq. Men bu o‘rinda Prezident Farmoni loyihasida Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash ham ko‘zda tutilgani muhimligini aytmoqchiman.
Joriy yilda amalga oshirish belgilangan mazkur “Yo‘l xaritasi” o‘zida 407 ta banddan iborat keng qamrovli chora-tadbirlarni mujassam etgan. Xususan, 46-bandda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmlarni takomillashtirish haqida so‘z boradi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu vazifaning asosiy ijrochilaridan biridir. Shuning uchun ayni masalaning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalish maqsadga muvofiq.
Bunda, birinchidan, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha tegishli xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish taqozo etiladi. Ikkinchidan, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv milliy mexanizmning qonuniy asoslarini rivojlantirish kerak bo‘ladi.
Hamkor tashkilotlar bilan har ikki masala bo‘yicha ham o‘zaro hamjihatlikda ish olib boramiz. Buning uchun zarur imkoniyat, salohiyat va tajribamiz yetarli.
Mazkur “Yo‘l xaritasi”, umuman, Taraqqiyot strategiyasining tasdiqlanishi va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ulkan maqsad va vazifalarimizga erishish imkonini beradi.
So‘z erkinligi va ta’sirchan jamoatchilik nazorati
G‘ulom MIRZAEV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi:
– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasida jami 94 ta maqsadning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati aniq bayon etilgan. Xususan, 12-maqsad “Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan.
Ushbu maqsad faoliyatim doirasiga bevosita bog‘liq masalalar bo‘yicha istiqboldagi vazifalarni o‘zida qamrab olgan. Shuning uchun bu haqda muxtasar fikr yuritaman.
Ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini o‘rganishda ijod ahli mehnatidan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, yurtimizda ta’sirchan jamotchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Bu haqda so‘z yuritishdan avval, Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» mamlakat hayotining boshqa sohalari qatori jamiyatda so‘z, fikr, axborot erkinligini yanada ta’minlash yo‘nalishini rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berganini alohida ta’kidlash lozim.
Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyati qonunchilik negizida tubdan kuchaytirilgandi. Taraqqiyot strategiyasida ana shu tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish ko‘zda tutilgani yangi davr talabidir.
Shu nuqtai nazardan, Taraqqiyot strategiyasi loyihasining 83-maqsadi “Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash” deb atalgani hamda unda bir qator muhim vazifalar ko‘zda tutilgani ham katta hamiyatga ega.
Avvalambor, bu o‘rinda axborot sohasini tartibga solishga qaratilgan mavjud qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Axborot kodeksi shaklida unifikatsiya qilinishi haqida so‘z bormoqda. Shuningdek, fuqarolarning axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyati oshiriladi.
Turli yosh toifasi uchun mo‘ljallangan o‘quv kurslari hamda onlayn dasturlar ommalashtiriladi. Xalq ta’limi va professional ta’lim tizimining tegishli darsliklariga media savodxonlik bo‘yicha mavzular joriy qilinadi.
Shaxsiy va sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni internet tarmog‘ida oshkor qilish bilan bog‘liq daxlsizlik huquqlari buzilishining oldini olish ham ko‘zda tutilgan. Bunda Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning daxlsizlik huquqlari bilan bog‘liq moddalariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlanadi.
Binobarin, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, ommaviy axborot vositalaridan ham ijtimoiy mas’uliyatni anglashni taqozo etadi.
Ijtimoiy mas’uliyat – juda muhim mezon. Bu ommaviy axborot vositlarining, har bir jurnalistning ommaga taqdim etayotgan axborotga nisbatan javobgarligi, axborotning xolis, haqqoniy va ishonchli bo‘lishiga mas’ulligidir.
Adolat va qonun ustuvorligi
Otabek NORBOEV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i:
– Farmon loyihasi va shu asosda tasdiqlanadigan boshqa muhim hujjatlar bilan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish belgilab qo‘yilgani alohida e’tiborni tortadi.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvni cheklash;
qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash;
davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish;
jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga xizmat qilishga yo‘naltirish;
sud va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash;
advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish;
faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish kabi bajarilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilayapti.
Go‘zal NAZAROVA, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i:
– Eng asosiysi, mazkur hujjatlar loyihalarida xalqimizni bugungi kunda qiynab kelayotgan masalalar:
qonunlarning amaliyotda qo‘llanishi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi prinsipi;
korrupsiyaga qarshi kurash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish;
barcha davlat organlari kabi huquqni muhofaza qilish organlarining asosiy faoliyatini xalq manfaatini himoya qilishga qaratish;
bajarilishi majburiy bo‘lgan sud hujjatlari ijrosini to‘liq ta’minlash;
inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashda sud va advokatura institutining rolini yanada kuchaytirish;
qonun ustuvorligiga erishish uchun hamda mamlakatimizni adolatli, demokratik davlatga aylantirishda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning qonunlarni hurmat qilishlari va og‘ishmay amal qilishlarini ta’minlash;
har bir qabul qilinayotgan va kundalik hayotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonun hujjatini aholiga oddiy tilda yetkazish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligidan kelib chiqqan holda belgilab berilayotgani bejiz emas.
Birgina misol: sudlarning chinakam mustaqilligini, advokatura institutining huquqni qo‘llovchi boshqa organlar bilan tengligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa bir qator masalalar Harakatlar strategiyasida ham kun tartibiga qo‘yilgan edi. Ushbu masalalar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham belgilangani ular hali ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini, demakki bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami kengligini ko‘rsatadi.
Yangi O‘zbekiston qurilishida hal qiluvchi davr
Komila OLIMOVA, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i:
– Haqiqatan ham, Farmon loyihasi va shu asosda tasdiqlanadigan boshqa muhim hujjatlarga kiritilgan masalalarning aksariyati mamlakatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida va saylovoldi dasturida ilgari surilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoev olib borayotgan ichki va tashqi siyosatda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Shu sababli Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgani e’tiborga sazovor.
O‘tkir OCHILOV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi halqaro shartnomalar implementatsiyasi bo‘limi boshlig‘i:
- Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasi negizida bir qancha yangi dasturlar, yangi konsepsiyalar, yangi qonun hujjatlari qabul qilinishi nazarda tutilmoqda. Bu bilan mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik rivojlanishining keyingi bosqichida amalga oshiriladigan islohotlar keng qamrab olinmoqda.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasining muhim jihati shundan iboratki, unda belgilangan islohotlar o‘zining mazmun-mohiyati bilan inson huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmini taraqqiyotning yangi bosqichi talablaridan kelib chiqib takomillashtirishga qaratilgan.
Loyihada ayollar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, migrantlar, kam ta’minlanganlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlari himoyasiga salmoqli o‘rin ajratilgan.
Mazkur Strategiyaning amalga oshirilishi taraqqiy etgan va farovon Yangi O‘zbekiston qurilishida muhim davr bo‘ladi.
Taraqqiyot dasturi: taklif va mulohazalar
Aziz RAMAZONOV, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi davriy nashri – “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari:
– Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ushbu muhim hujjatlar loyihalari bo‘yicha Milliy markaz va jurnalimiz tahririyati xodimlari o‘z taklif-mulohazalarini bildirmoqda. Men ham shu haqda muxtasar fikr yuritmoqchiman.
Birinchidan, Farmonning 2.b-bandida “nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash” belgilangan.
Taklif: Ushbu bandda bolalikdan tug‘ma nogironligi bo‘lgan bolalar nazarda tutilgan. Ammo nogironlik baxtsiz hodisalar tufayli hayotda orttirilgan bo‘lishi ham mumkin. Shuni inobatga olgan holda, tug‘ma nogironligi bo‘lmagan, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra nogiron bo‘lib qolgan bolalarga ular 18 yoshga kirguniga qadar qaralgan davrni ham pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash taklif etiladi.
Ikkinchidan, Farmonning 4.b-bandida o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida ko‘riladigan chora-tadbirlar sanab o‘tilgan. Ushbu bandga yana ikkita qo‘shimcha kiritish taklif etiladi.
Birinchi qo‘shimcha: umumta’lim maktablarida birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish ham o‘rgatilishi lozim. Maktab bitiruvchilari hamshiralik malakasini maktabda o‘rganib chiqishlari ma’qul. Bu ularga butun hayot davomida foydali bo‘ladi.
Ikkinchi qo‘shimcha: umumta’lim maktablarida avtomashinalarni boshqarishni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bitiruvchilar maktabning o‘zidan haydovchilik guvohnomasini olib chiqishlari tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, “Yo‘l xaritasi” loyihasidagi 50-maqsadga qo‘shimcha kiritishni taklif etamiz. Zero, bugungi kunda xorijiy oliy ta’lim muasasalarida tahsil olgan o‘zbekistonliklar yurtimizga qaytib, ishlashlari uchun diplomni nostrifikatsiyadan o‘tkazishlari talab etiladi.
Afsuski, nostrifikatsiya imtihonlari faqatgina test asosida amalga oshiriladi. Testlarning darajasi esa murakkab. Nostrifikatsiya testidan o‘tolmagan yurtdoshlarimizda mamlakatimizda ishlash xohishi pasayib ketadi va ularning ko‘pchiligi xorijiy davlatlardan ish topishga o‘tadi.
Natijada jamiyatimiz yaxshi bir mutaxassisdan ayriladi. Shu nuqtai nazardan, nostrifikatsiya imtihonlarini shaffoflashtirish, test sinovidan voz kechib, imtihonning boshqa shakliga o‘tish tavsiya etiladi.
O‘z navbatida, “Yo‘l xaritasi”dagi 75-maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish vazifasi belgilanganiga ham to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Har yili 200 million tup daraxt ekilar ekan, uning parvarishiga ham mas’ul tashkilot aniq belgilanishi kerak. Chunki aksariyat ekilgan daraxtlar qarovsiz qolgani oqibatida qurib qolayotgani bugungi kunda kuzatilmoqda. Ushbu o‘rinda ekilgan daraxtlarni parvarishlashga ms’ul tashkilot ham aniq ko‘rsatilishi tavsiya etiladi.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasi muhim konseptual hujjat bo‘lib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan shiddatli, qamrovdor hamda samarali islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Eng asosiysi, “Inson qadri uchun” tamoyili negizida hayotimizning barcha sohalariga tatbiq etilayotgan tub yangilanishlar mamlakatimiz fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat ekanini amalda namoyon etishda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom MIRZO yozib oldi.
- Qo'shildi: 13.01.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish