Jamoatchilik kengashi majlisining 3-sonli bayonnomasi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining majlisi

3-sonli BAYoNNOMASI

2025 yil 29 iyul                                                             Toshkent shahri

 

Raislik qildi:                       Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashini raisi D. Ashurov

 

Ishtirok etdilar:                 

(onlayn va oflayn)                  Jamoatchilik kengashi a’zolari (ro‘yxat bo‘yicha), Milliy markaz xodimlari.

 

KUN TARTIBI:

  1. BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 – 2025 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasining bajarilishi monitoringi muhokamasi.
  2. BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024 – 2027 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasining bajarilishi monitoringi muhokamasi.

 

I

BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 – 2025 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasining bajarilishi monitoringi muhokamasi to‘g‘risida

(D.Ashurov, A. Saidov, F.Xayitboev, O.Ilmuradova, D.Kabulova, G.Yuldasheva.)

 

Birinchi masala yuzasidan BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 – 2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishi yuzasidan 2025 yil 15 aprel holatidagi monitoring natijalari bo‘yicha axborot berildi:

Xususan, Milliy harakatlar rejasi 24 yo‘nalish, 69 (43 kichik band) banddan iborat bo‘lib, shundan 65 ta band (58.2%) bajarilgan, 43 ta band (38.3%) bajarilmoqda, 4 ta band (3.5%) bajarilmagan yoki bajarilgani bo‘yicha ma’lumot taqdim etilmagan.

2025 yilning aprel oyiga qadar Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida 2 ta qonun va 4 ta Prezident qaror va farmonlari qabul qilinib, 1 ta Dastur tasdiqlandi. Shuningdek, 2 ta monitoring, 3 ta tanlov va aksiyalar, 3 ta ijtimoiy so‘rovnomalar, 26 ta o‘quv-trening mashg‘ulotlari hamda 20 ta seminar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Monitoring davomida mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ma’lumot taqdim etishda bir qator xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Milliy harakatlar rejasining 18.1-18.2-bandlari ijrosi bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan 2024-2025 o‘quv yilining noyabr oyida vazirliklar va davlat organlari matbuot xizmati rahbarlari uchun jami 31 nafar tinglovchiga “Inson huquqlari va gender tengligi” mavzusida ma’ruza va seminarlar, dekabr oyida tuman (shahar) sektor rahbarlari uchun jami 824 nafar tinglovchiga “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida ma’ruza va seminarlar, fevral oyida Davlat boshqaruvi akademiyasida vazirliklar va davlat organlari matbuot xizmati rahbarlari uchun jami 30 nafar tinglovchiga “Inson huquqlari va gender tengligi” mavzusida ma’ruza va seminarlar, mart oyida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi davomida 45 nafar tinglovchiga “Inson huquqlari va gender tengligi” mavzusida ma’ruza va seminarlar o‘tkazildi.

Milliy harakatlar rejasining 63-bandi ijrosi bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 2025 yil mart oyi davomida xotin-qizlar o‘rtasida erta turmush – keltirar tashvish”, “Voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta nikoh va erta tug‘ruqning salbiy oqibatlari” kabi mavzularda mutaxassislar ishtirokida 2693 marotaba tushuntirish ishlari va profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Majlis ishtirokchilari ushbu hisobotni ma’lumot uchun qabul qilishdi va Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishi yuzasidan tavsiyalarini bildirishdi.

Shuningdek, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 – 2025 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasining bajarilishi monitoringi natijalari bo‘yicha kamchiliklar yuzasidan savollar berildi.

Milliy harakatlar rejasining tegishli bandlarida ijro etuvchi vazirlik va idoralar uchun aniq vazifalar yuklatilib, ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizmlar belgilangan. Biroq, bir qator ijrochilar tomonidan vazifalar ijrosi yuzasidan yuborilgan ma’lumotlar mazmuni aniq bo‘lmagan, umumiy tarzdagi ma’lumot yoki hisobotlar taqdim qilish bilan cheklanilganligi ma’lum bo‘ldi (Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agenligi, Madaniyat vazirligi). Shuningdek, aksariyat ijro etuvchilar tomonidan Milliy harakatlar rejasida ko‘zda tutilgan vazifalarni to‘la tushunmaslik oqibatida tegishli bandlarga nomuvofiq bo‘lgan ma’lumotlar taqdim qilingan (Surxondaryo viloyati hokimligi, Fanlar akademiyasi).

 

II

BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024 – 2027 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasining bajarilishi monitoringi muhokamasi to‘g‘risida.

(D.Ashurov, A. Saidov, O‘.Ochilov, O.Ilmuradova, T.Tursunov.)

 

Ikkinchi masala yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024 – 2027 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi amalga oshirilishi bo‘yicha axborot berildi:

Milliy harakatlar rejasi jami 100 ta banddan (shundan 144 tasi kichik bandni tashkil qiladi) iborat. Vazirlik, idora va tashkilotlardan olingan ma’lumotlarga asosan Milliy harakatlar rejasining jami 144 ta kichik bandidan 24 ta kichik band (17 %) bo‘yicha ishlar bajarilgan, shundan, 80 ta kichik band (55 %) bo‘yicha topshiriqlar bajarilmoqda, 9 ta kichik bandni (6 %) amalga oshirish bo‘yicha ma’lumotlar vazirlik, idoralar tomonidan taqdim etilmagan. 31 ta (22 %) kichik bandning bajarish muddati kelmagan.

2025 yilda Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida bola huquqlarini takomillashtirishga oid 1 ta strategiya loyihasi (O‘zbekistonda bola huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha 2025 – 2030 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya) va 1 ta Prezident qarori (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-2030-yillarda Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab quvvatlash hamda chaqaloq va yosh bolalar uchun ovqatlanishni optimallashtirishning chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror) loyihasi tayyorlandi. Shuningdek, bola huquqlariga oid 4 ta o‘quv-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

2025 yil I chorak davrida Milliy harakatlar rejasining “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik”, “Nogironligi bo‘lgan bolalar”, “Bolalar salomatligi va sog‘liqni saqlash xizmatlari”, “O‘smirlarning salomatligi” yo‘nalishlarida topshiriqlar amalga oshirildi.

Milliy harakatlar rejasining 45-bandi ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va YuNISEF bilan hamkorlikda bola huquqlarini takomillashtirishga oid 3 ta tadbir tashkil etildi hamda ushbu tadbirlarning 2 tasida Markaz vakillari tomonidan ma’ruza qilindi.

Yig‘ilish davomida har bir sohada ekspertlar ishtirokini ta’minlash, NNTlar bilan hamkorlikda keng muhokamalar uyushtirish, shuningdek har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq maqsad va ko‘rsatkichlar belgilash lozimligi aytildi.

Majlis ishtirokchilari ushbu hisobotni ma’lumot uchun qabul qilishdi va Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishi yuzasidan tavsiyalarini bildirishdi.

Shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024 – 2027 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik yo‘nalishi bo‘yicha olib borilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berishni so‘radi.

Milliy harakatlar rejasining 5-bandi ijrosi doirasida 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan ta’lim, tarbiya, tibbiyot muassasalariga, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga, tergov hibsxonalariga va tarbiya koloniyalariga 31 marotaba monitoring tashriflari o‘tkazildi. Bunda muassasalardagi bolalarning yashash
va ovqatlanish, ular bilan muomalada bo‘lish shart-sharoitlari o‘rganildi. Monitoring davomida muassasa tarbiyalanuvchilari hamda xodimlari bilan 100 marotaba umumiy, muassasada saqlanayotgan bolalar bilan 450 dan ortiq yakka uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agenligi tizimidagi bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda jismoniy jazo qo‘llanganligini o‘rganish bo‘yicha savolnomalar tashkil etildi. Hozirda to‘plangan ma’lumotlarni umumlashtirgan holda jismoniy jazoni taqiqlash bo‘yicha qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Yig‘ilish yakunida majlis ishtirokchilari tomonidan Milliy harakatlar rejasi doirasidagi islohotlarni davom ettirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va aholi o‘rtasida inson huquqlariga nisbatan huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish lozimligi alohida qayd etildi. Shu bilan birga, Milliy harakatlar rejasida qolgan vazifalarni bajarish jarayonini jadallashtirish va amalga oshirilayotgan choralar sifati hamda samaradorligini muntazam nazorat qilib borish muhim ekanligi ta’kidlandi.

I

Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilib, Jamoatchilik kengashi tomonidan

QAROR QILINDI:

  1. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Milliy harakatlar rejasining monitoringi yuzasidan taqdim etgan axborotlari ma’lumot uchun qabul qilinsin.
  2. BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 – 2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi hamda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024 – 2027 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi doirasida qolgan bandlarni bajarish bo‘yicha tegishli idoralar bilan yaqindan hamkorlik qilish tavsiya etilsin.
  3. Milliy markaz, mutasaddi vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

 

Kengash raisi                                                               D. Ashurov

 

 

 Kengash kotibi                                                             G. Yuldasheva

Powered by GSpeech