Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik Kengashining navbatdagi 4-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaz huzuridagi Jamoatchilik Kengashining navbatdagi 4-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga qaratilgan ikkita muhim Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishi ustidan olib borilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.
Muhokamada Milliy markaz xodimlari, Jamoatchilik Kengashi a’zolari, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishning asosiy qismi Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining bajarilishiga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining Milliy markazning yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining bajarilishi ham ko‘rib chiqildi.
Ushbu muhokamalar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga sodiqligini va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda ishlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi faoliyatiga qo‘shgan salmoqli hissasi, inson huquqlarini himoya qilish va aholining huquqiy ongini yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun fuqarolik jamiyatining eng faol vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Marosim davomida Jamoatchilik Kengashining faoliyatida alohida namuna ko‘rsatgan, jumladan, quyidagi yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishgan bir guruh faol a’zolar tantanali ravishda Tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Kengashning taqdirlangan a’zolari, o‘z navbatida, Markaz rahbariyatiga ko‘rsatilgan e’tirof uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarga o‘z hissalarini qo‘shishda davom etishlarini ta’kidladilar.
Ўзбекча
English
Русский