Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «YO‘L XARITASI»ning 2026-yil 1 yarim yillik  holati ijrosi yuzasidan MA’LUMOT

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning 2026-yil 1 yarim yillik holati amalga oshirilishi yuzasidan monitoring natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi:

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 78 bandidan 69 bandi (88 %) to‘liq bajarildi, 2 band (3 %) nazoratdan yechildi, 7 bandni (9 %) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

2. 2026-yil 1 yarim yilligi davomida  Milliy strategiya doirasida

4 ta  qonun, 8 ta Prezident farmon va qarorlari hamda 4 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.

 3. “Yo‘l xaritasi”ning 4-bandi hamda O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi ijrosini ta’minlash doirasida 2026-yil davomida davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

Jumladan, 2026-yil 1 yarim yilligida  Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent shahri

 (27–28-fevral), Toshkent (12–13-mart), Xorazm (13–14-aprel) Buxoro

(16–17-aprel) viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi onlayn va oflayn formatdagi maxsus o‘quv kurslari o‘tkazildi. Ushbu o‘quv kurslarida har bir hududdan sudyalar, ichki ishlar, prokuratura tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 268 nafar xodimlari ishtirok etdi.

Shu bilan bir qatorda, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishdagi ishlar davomida, 2026-yil 15-iyun – 31-iyul kunlari oralig‘ida respublikaning barcha hududlarida ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari uchun “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusidagi seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotlarda respublikaning barcha 14 ta hududidan jami 5255 nafar profilaktika inspektori ishtirok etib, ulardan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlariga Milliy markazning sertifikatlari, yuqori natija ko‘rsatgan  221 nafariga esa Faxriy yorliqlari topshirildi.

Shuningdek, ushbu band ijrosi yuzasidan quyidagi tadbirlar tashkil etildi:

2026-yil 21-22-aprel kunlari Termiz shahrida hamda 24-25-aprel kunlari  Farg‘ona shahrida  “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi.

Mazkur treninglarda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot mutaxassislari hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlaridan iborat jami 45 nafar mutaxassis ishtirok etdi.

Treninglarda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari, ayniqsa qiynoqlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro va milliy miqyosda qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan turli mexanizmlar haqida ma’lumot oldilar. Qiynoqlar va shafqatsiz munosabatni hujjatlashtirish usullari va vositalari, jumladan, jabrlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va psixologik qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

4. “Yo‘l xaritasi”ning 6-bandini amalga oshirish hamda inson huquqlari sohasida ta’lim, axborot tarqatish, huquqiy madaniyatni oshirishda va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

Xususan, Milliy markazning 2026-yil 1 yarim yilligida «Inson huquqlari uyi»da hozirgi kunga qadar jami 16 ta turli mavzulardagi tadbirlar o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlardan 4 tasi kitob taqdim etish marosimi, 8 tasi inson huquqlariga oid o‘quv mashg‘ulotlari, 4 tasi esa turli mavzularga oid davra suhbatlari, hamkorlik memorandumini imzolash marosimi va xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlari, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarini aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va sohaviy axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida hozirgi kunga qadar jami 111 nomdagi 784 nusxa adabiyot beg‘araz asosda foydalanish uchun taqdim etildi.

5. “Yo‘l xaritasi”ning 24-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2026-yilning birinchi yarim yilligida Oliy Majlis palatalari a’zolarining BMTning shartnomaviy organlari faoliyatidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, 2026-yil 11-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida «BMTning inson huquqlari mexanizmlarida parlament ishtirokini kengaytirish: individual murojaatlar taqdim etish tartib-taomillarini o‘z ichiga olgan fakultativ protokollarni ratifikatsiya qilish» mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbir Oliy Majlis a’zolari uchun maxsus formatda, Milliy markaz tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, uning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi, Parlamentlararo Ittifoq hamda Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi bilan hamkorlikda gibrid shaklda o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Milliy markaz vakillari, BMT tizimi, Parlamentlararo Ittifoq va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi ekspertlari ishtirok etdi.

Seminar davomida parlament a’zolarining BMT inson huquqlari tizimida qonun chiqaruvchi hokimiyatning o‘rni to‘g‘risidagi bilimlarini chuqurlashtirish, BMT xalqaro shartnomalariga doir fakultativ protokollar va ularda nazarda tutilgan individual murojaatlar tartib-taomillari bilan tanishtirish, shuningdek mazkur fakultativ protokollarning ehtimoliy ratifikatsiyasi O‘zbekiston uchun qanday huquqiy, institutsional va amaliy ahamiyatga ega bo‘lishini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, shartnomaviy qo‘mitalarda milliy ma’ruzalarni ko‘rib chiqish jarayonida Oliy Majlis a’zolarining bevosita ishtiroki ta’minlandi. Jumladan, 2026-yil 11-mart kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiyaning 70-sessiyasi (CSW70) vazirlar segmenti doirasida tashkil etilgan «Barcha xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash va mustahkamlash» mavzusidagi yuqori darajadagi davra suhbatida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlis Senati a’zolari ishtirok etdi.

Shuningdek, 2026-yil 21–22-aprel kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining 117-sessiyasida O‘zbekistonning Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha tayyorlangan davriy ma’ruzasi muhokama qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari D. Muratova boshchiligidagi delegatsiya tarkibiga Oliy Majlis Senati vakillari, shuningdek Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari kiritildi. Majlis yakunida Qo‘mita tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar mamlakatimizda irqiy kamsitishning oldini olish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va tenglik tamoyillarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi islohotlar uchun muhim yo‘nalish sifatida baholanmoqda.

6. Yo‘l xaritasi”ning 71-bandini amalga oshirish doirasida  Milliy markaz xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va tuzilmalari bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni davom ettirdi. Markaz rahbariyati va xodimlari BMT Inson huquqlari qo‘mitasi (Jeneva), BMT Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi (Jeneva), Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiya (Nyu-York), MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi (Minsk) sessiyalarida, shuningdek Lissabon, Boku, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Pekinda o‘tkazilgan yirik xalqaro forum va anjumanlarda ishtirok etdi. Toshkentda «Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026» inson huquqlarini rivojlantirish forumi o‘tkazilib, unda Xitoy Jamg‘armasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, Human Rights Watch, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, BMT Qochoqlar ishlari boshqarmasi vakillari va boshqa xorijiy delegatsiyalar bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Umuman, mazkur davr mobaynida Milliy markaz xodimlari tomonidan AQSH, Portugaliya, Shveysariya, Xitoy, Rossiya va Ozarbayjonga jami 9 ta amaliy tashrif amalga oshirildi hamda xorijiy diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar va hamkor institutlar bilan 11 ta uchrashuv o‘tkazildi.

Milliy markazning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan izchil va maqsadli strategiyasini aks ettiradi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur jarayonda nafaqat Birlashgan Millatlar Tashkilotining shartnomaviy organlari bilan hamkorlik, balki mintaqaviy (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Markaziy Osiyo) hamda ikki tomonlama formatdagi hamkorlikka e’tibor qaratilmoqda. Erishilgan ushbu natijalar kelgusida mamlakatning xalqaro majburiyatlarini yanada samarali bajarishiga, shuningdek inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro miqyosdagi nufuzi va obro‘-e’tiborini mustahkamlashga xizmat qiladigan mustahkam zamin yaratadi.