Mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo'mitasining a'zosi bo'ldi. Shu yil 17 oktyabrda Serbiyaning Belgrad shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 141-Assambleyasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov 2020-2023 yillar oralig'idagi muddatga ushbu yuksak lavozimga saylandi.
Parlamentlararo ittifoq – xalqaro tashkilotlar orasida yoshi eng ulug'idir. 1889 yilda ta'sis etilgan mazkur tashkilot o'tgan davrda tom ma'noda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yorqin ifodasiga aylandi.
Bu nufuzli tashkilot dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro organi sifatida qariyb 178 mamlakatni o'zida birlashtirgan. Bosh qarorgohi Jenevada joylashgan.
A'zo parlamentlar va ularning deputatlari o'rtasida yuksak qadriyatlarni ilgari suradigan ushbu uyushma barcha millatlar o'rtasida hamkorlik va muloqotni rag'batlantirib kelmoqda. Ayni vaqtda tinch va hamjihat kelajakni ta'minlash uchun samarali qarorlar qabul qilish yo'lida xizmat qilmoqda.
Parlamentlararo ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni hisoblanib, uning doirasida muhokama qilinayotgan masalalar jahon hamjamiyati e'tiboriga yetkaziladi. Joriy yilda eng keksa parlament tashkiloti hisoblangan ushbu tuzilmaning 130 yilligi nishonlandi.
Parlametlararo ittifoqning 141-Assambleyasida 1 ming 700 dan ortiq parlament a'zolari, BMT hamkorlari hamda butun dunyodan fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdi. Ular orasida 140 mamlakat delegatlari, shu jumladan 70 nafar spiker, 40 nafar parlament vitse-prezidenti va 700 dan ortiq parlament a'zolari bor bo'lib, ishtirokchilarning 30 foizini ayollar va 17 foizini 45 yoshga to'lmagan yosh parlament a'zolari tashkil etdi.
Assambleya majlislarida “Xalqaro huquqni mustahkamlash: parlamentning o'rni va mexanizmi” hamda “Mintaqaviy hamkorlikning hissasi” mavzulari bo'yicha muhokamalar bo'lib o'tdi.
Shuningdek, nufuzli anjuman ishtirokchilari gender tenglikni mustahkamlash, yoshlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, parlament a'zolari huquqlarini himoya qilish hamda sog'liqni saqlash tizimi bilan barcha insonlarni qamarab olish kabi yo'nalishlarda so'nggi yangiliklarni ko'rib chiqdilar.
Bugungi kunda Parlamentlararo ittifoqning ovozi dunyo bo'ylab tobora baland yangramoqda. Mazkur tashkilot faoliyati misolida hozirgi zamon xalqaro munosabatlari mezonlarining samaradorligi baralla ko'rinmoqda.
O'tgan yillar davomida Parlamentlararo ittifoq ko'plab xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar yuzaga kelishi uchun namuna bo'lib xizmat qildi. Bunday tashkilotlarning soni ayni vaqtda 100 tadan oshadi.
Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin xamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo'llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.
Parlamentlararo ittifoqning Ijroiya qo'mitasi 18 nafar a'zodan iborat bo'lib, ular Tashkilot doirasidagi barcha, ya'ni 6 ta geosiyosiy guruhdan saylangan vakillardir. Ijroiya qo'mita ma'muriy organ vazifasini bajaradi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi A.Saidov nomzodi Parlamentlararo ittifoqning Yevroosiyo guruhi tomonidan ilgari surildi. Belgradda o'tkazilgan saylovda yurtimiz namoyandasi Tashkilotga a'zo barcha mamlakatlar tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlandi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, A.Saidovning shunday yuksak lavozimga saylangani O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimizni tom ma'noda demokratik yo'nalishda rivojlantirish, xususan, parlamentarizmni mustahkamlash sohasida amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilayotganining yana bir o'ziga xos ifodasidir.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Senatining 2019 yil 21 iyunda bo'lib o'tgan yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida mamlakat qonun chiqaruvchi organining xalqaro yo'nalishdagi faoliyatini kuchaytirish zarurligini alohida qayd etgandi.
Prezidentimiz, jumladan, parlamentimiz Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Parlamentlararo assambleyasi va O'zbekiston nomidan Oliy Majlis a'zo bo'lgan boshqa xalqaro parlament tashkilotlari bilan ishlash strategiyasini belgilaydigan, aniq va uzoq muddatni ko'zlaydigan ish rejalarini belgilab olishi lozimligini ta'kidladi.
Shu ma'noda, Parlamentlararo ittifoq bilan yanada yaqin hamkorlikning yo'lga qo'yilishi izchil va mantiqiy asosga ega. Mazkur Tashkilot Ijroiya qo'mitasiga mamlakatimiz vakilining a'zolik maqomi O'zbekistonga avvalo xalqaro parlamentlararo munosabatlarning jahoniy ko'lamdagi kun tartibidan muntazam xabardor bo'lib borish uchun sharoit yaratadi.
Yanada muhimi, biz ayni shu kun tartibini shakllantirishda bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lmoqdamiz. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “Xalqaro munosabatlarda ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli ishonchli hamkor sifatida mamlakatimizning xalqaro obro'si tobora ortib bormoqda”.
Ma'lumot uchun: Akmal Saidov parlamentarizm sohasida qariyb 30 yillik amaliy tajribaga ega. U 1990-1992 yillarda Konstitutsiyaviy komissiya a'zosi sifatida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan.
Istiqlolning o'tgan davrida 5 marotaba milliy parlament deputatligiga saylangan. 1999 yildan buyon parlamentning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi hisoblanadi.
A.Saidov, shuningdek, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2017 yil 10-11 iyul kunlari Kot d’Ivuarda bo'lib o'tgan 44-sessiyasida IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga Osiyo qit'asidan O'zbekiston vakili sifatida a'zo bo'lgan. Bir yildan so'ng IHT Komissiyasining raisi etib saylangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.10.2019
- Ko'rishlar: 5331
- Chop etish