Butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning 30 yilligi keng nishonlandi. Bu Konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya — bolalar huquqlariga doir xalqaro huquq normalari kuchiga ega hamda istiqbolli eng to'liq ilk hujjatdir. Jahonning 196 ta davlati mazkur Konventsiya ishtirokchilari
hisoblanadi.
O'zbekiston Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo'shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjat mamlakatimiz uchun 1994 yil 29 iyulda kuchga kirgan. O'zbekiston BMTning mazkur Konventsiyasi talablariga qat'iy rioya etib kelmoqda.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, istiqlol yillarida mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning huquqiy asoslari yaratildi. Eng muhimi, bu huquqiy asoslarning mazmun-mohiyatiga bola huquqlari himoyasi borasidagi milliy va umuminsoniy g'oyalar bab-baravar singdirildi.
Konstitutsiyamizning 64-moddasida belgilanganidek, ota-onalar o'z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo'lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o'qitishni ta'minlaydi, bolalarga bag'ishlangan xayriya faoliyatlarni rag'batlantiradi.
Bugungi kunda O'zbekistonda “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”, “Voyaga yetmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida”, “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi qonunlar amal qilmoqda. 2017 yilda “Bolalarni ularning sog'ligiga zarar yetkazadigan axborotdan himoya qilish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyuldagi qaroriga asosan BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Tadbirlar dasturi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini bajarish yo'lida navbatdagi muhim qadam bo'ldi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori haqida so'z borganda, bu hujjat, bir tomondan, O'zbekistonda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi ekanini amalda namoyon etgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, uning normalari Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga har tomonlama mutanosib ekanini ta'kidlash lozim.
O'zbekiston Prezidentining qarori Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish jarayonida bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod bo'lib yetishishini ta'minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan tizimli islohotlarga shiddat va shijoat bag'ishladi.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya dunyoning barcha mintaqalaridagi xalqlar uchun teng ahamiyatga ega. Uning asosiy maqsadi bolalar manfaatlarini imkon qadar himoya qilishdan iborat.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning 1-moddasiga ko'ra, agar milliy qonunlarda balog'at yoshi birmuncha erta belgilangan bo'lmasa, 18 yoshga to'lmagan har qanday shaxs bola hisoblanadi. Bu 18 yoshga to'lmagan har bir inson Konventsiyada qayd etilgan barcha huquqlarga ega deganidir.
O'zbekistonda ham 18 yoshgacha bo'lgan shaxslar bola deb tan olinadi. Lekin ma'lum yoshdagi bolalar ayrim huquqlarni mustaqil amalga oshirishlari mumkin.
Jumladan, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqish kafolatlangan. Bola to'liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko'rmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi.
Yana bir misol: aytaylik, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarga aliment to'lash haqida ota-ona o'rtasida kelishuv bo'lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to'lanmaganda ota-onadan birortasi ham aliment undirish to'g'risida sudga murojaat qilmagan.
Bunday hollarda, 14 yoshga to'lgan bola o'zining ta'minoti uchun ota yoki onadan yoxud ota-onasi bilan birga yashamayotgan bo'lsa, bir vaqtning o'zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to'g'risida da'vo qo'zg'atishga haqli.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning 2-moddasiga binoan jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy qobiliyatlari va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, mazkur Konventsiya har bir bolaga nisbatan qo'llaniladi.
Mamlakatimizda 18 yoshga to'lmagan 12 million 200 ming nafardan ortiq bola bor. Ammo, bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha ixtisoslashtirilgan institut yaqin vaqtga qadar mavjud emasdi. Shu ma'noda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimining joriy etilishi ma'qullangani nihoyatda muhimdir.
Konventsiyaning 3-moddasida bolani ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, sud, ma'muriy boshqaruv va qonunchilik organlari tomonidan qarorlar qabul qilishda bolaning eng ustun manfaatlari ko'zlanishi tavsiya qilingan. Sodda qilib aytganda, bolalar bilan ish olib boradigan barcha tashkilotlar har bir bola uchun barcha yaxshiliklarni qilishga intilishi kerak.
YUNISEF tavsiyasiga ko'ra, bola manfaatlarida sudlarga kiritilgan da'volar boj va boshqa to'lovlardan ozod qilinishi maqbul hisoblanadi. Shu ma'noda, yurtimizda bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda da'vogar davlat boji va to'lovlardan ozod etilishi bilan bog'liq yangi imtiyoz ham xalqaro andazalarga to'la mutanosibdir.
Yaqin vaqtgacha qonunchiligimizda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo'lmagan bola ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir qilsa, uning ota-onasi O'zbekistonda qonuniy asosga ko'ra yashab turgan bo'lsa-da, huquqbuzar bolani mamlakatdan chiqarib yuborishga doir norma mavjud edi. Ushbu normani bekor qilish yo'lida muhim qadamlar qo'yildi.
Binobarin, Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaning 8-moddasiga binoan, ishtirokchi davlat bola o'z ota-onasidan bolaning xohish-irodasiga zid tarzda ayrilishiga yo'l qo'ymaydi. Bolaning eng ustun manfaatlari shunday ayrilishni talab qiladigan hollar bundan mustasno.
Konventsiyaga ko'ra, bola o'zining kamol topishida o'zi faol ishtirok etish, o'z fikrini bayon qilish huquqiga ega. Bu esa bola hayotiga oid masalalarni hal etishda uning fikri hisobga olinishini ta'minlaydi.
Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya bolaning yashash va sog'lom rivojlanish huquqiga, farzandlikqa olish bilan bog'liq huquqqa, noraso bolalar va qochoq bolalar, shuningdek huquqbuzarlik sodir etgan bolalarning huquqlariga oid qoidalarni o'z ichiga oladi.
Bolalarga g'amxo'rlik qilish va ularni himoya qilishda oila va ota-onaning birinchi darajali roli, bolalarga yordam ko'rsatish borasidagi majburiyati ham Konventsiyada munosib e'tirof etilgan.
Bolalarni kamsitmaslik – Konventsiyaning muhim tamoyillaridan hisoblanadi. Bolalar irqi, tanasining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e'tiqodi, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, sog'lig'ining ahvoli ota-onasi yoki qonuniy vasiysi yoxud qandaydir boshqa holatlardan qat`i nazar, biron-bir kamsitishlarsiz o'z huquqlaridan foydalanishlari lozim.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Tadbirlar dasturiga asosan 20 noyabr` kuni mamlakatimiz ta'lim muassasalarida Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganining 30 yilligiga bag'ishlangan umummilliy dars o'tkazildi.
Jumladan, bizning 307-maktabda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi G'ulom Mirzaev o'tkazgan darsda maktab rahbariyati, o'qituvchilar va 2-4-sinf o'quvchilari qatnashdi.
Mashg'ulotda Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilinishi tarixi, ushbu xalqaro huquqiy hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati, Konventsiya talablarini bajarish bo'yicha O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma'lumot berildi. O'z navbatida, o'quvchilar Konventsiya moddalarini yoddan aytdiva mazmunini sharhladilar.
Maktab kutubxonasiga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan chop etilgan inson huquqlariga doir nashrlar to'plami taqdim etildi. Bolalarga badiiy-adabiy kitoblar sovg'a qilindi. Tadbir maktabimiz jamoasi va bolalarda katta taassurot qoldirdi.
Xulosa qilib aytganda, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya normalari yurtdoshlarimiz o'rtasida keng targ'ib qilinayotgani bejiz emas. Ayniqsa, bola huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar haqida joylardagi bolalar manfaatlari yo'lida ishlayotgan tegishli davlat va jamoat tuzilmalarini maqsadli, yalpi va tizimli xabardor qilishni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilayotgani juda muhim.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «Biz uchun jamiyatda begona bola yo'q va bo'lmasligi kerak. Hammasi o'zimizning, O'zbekistonimizning bolalari. Vaqtida mehr ko'rsatsak, ishga, ilmga, kasbu hunarga, ezgu fazilatlarga o'rgatsak, ularning yo'lini ochib bersak, ertaga foydasi o'zimizga, jamiyatimizga tegadi».
Rahima KARAEVA,
Toshkent shahridagi 307-maktab
boshlang'ich sinf o'qituvchisi
- Qo'shildi: 20.11.2019
- Ko'rishlar: 9222
- Chop etish