Deputatlar diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini qabul qildi

Fuqarolar hamda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida Konsepsiyaning 10 dan ortiq bandlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi va u bilan tasdiqlanayotgan Konsepsiya loyihasi joriy yilning 31-yanvar kuni quyi palata majlisida birinchi oʻqishda qabul qilinib, 10-fevralga qadar palata rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.

Konsepsiya loyihasi boʻyicha muhokamalarda barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Jamoatchilik muhokamasi jarayonida aholidan 400 tadan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushdi.

Shuningdek, 3-fevral kuni Qonunchilik palatasida OAV vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazilib, tashabbuskor deputatlar tomonidan jurnalistlarning loyihaga oid savollariga javoblar berildi. 6-fevral kuni esa Qonunchilik palatasida yurtimizdagi 16 ta konfessiya vakillari bilan konsepsiya loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda barcha konfessiyalar vakillari Konsepsiya loyihasini qoʻllab-quvvatlab, uning qabul qilinishi yurtimizda dinlar va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlashga, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Loyiha yuzasidan ilmiy-tadqiqot muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan Parlament tadqiqotlari instituti, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Kelib tushgan izohlar, taklif va tavsiyalar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, aksariyat fuqarolarimiz mazkur Konsepsiya oʻz vaqtida ishlab chiqilganligini hamda uni qabul qilish yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishini alohida eʼtirof etib, uni qoʻllab-quvvatlashmoqda.

Kelib tushgan izoh, taklif va tavsiyalar atroflicha oʻrganib chiqildi. Ushbu takliflarning muhokamasi hamda konsepsiya loyihasini maromiga yetkazishga bagʻishlab ishchi guruhi va masʼul qoʻmitaning yigʻilishlari oʻtkazildi.

Majlisda Konsepsiya loyihasi keng jamoatchilikning taklif-mulohazalari asosida yanada takomillashtirilgani alohida qayd etildi. Xususan, fuqarolarimiz Jahongir Safoyev, Ahmadjon Oripov, Amirullo Toʻxliboyev, Shahnozaxon Gʻoffarova hamda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida Konsepsiyaning 10 dan ortiq bandlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida loyihaga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar: turli konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro muloqotni oʻrnatish, konfessiyalararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston xalqining dinlarga oid madaniyati hamda islom sivilizatsiyasining yorqin yutuqlari sifatida tan olingan buyuk mutafakkir va olimlarning diniy-falsafiy merosini, qoʻlyozma manbalarni oʻrganish boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarning taʼlim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish kabi masalalarga qaratilgani taʼkidlandi.

Majlisda qonun loyihasi hamda Konsepsiya loyihasi bandma-band muhokama etildi. Deputatlarning savollariga atroflicha javoblar berildi.

Muhokamalar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari soʻzga chiqib, Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilganligini hamda koʻpmillatli va koʻpkonfessiyali Oʻzbekistonda umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida oʻzaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni taʼminlashga qaratilganligi alohida qayd etdilar.

Shundan soʻng mazkur konsepsiya va uni tasdiqlash haqidagi qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech