19 sentyabr kuni Diego Garsiya-Sayan boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi delegatsiyasi a'zolari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda avvalo Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining faoliyati haqida qisqacha ma'lumot berildi. Keyingi davrda mamlakat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan shiddatli demokratik islohotlar doirasida Markazning huquq va vakolatlari tubdan kengaygani ta'kidlandi.
Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonda odil sudlovni amalga oshirish sohasidagi islohotlarning borishi bilan qiziqdi. Sud`yalar qabul qiladigan qarorlarning xolisligi, bu jarayonlarning korruptsiyalashuvdan xoliligi, fuqarolarning sud-huquq tizimidagi o'zgarishlardan manfaatdorligi, mamlakatda investorlarga taqdim etiladigan huquqiy kafolatlar haqida fikr yuritildi.
Mamlakatimizda keyingi uch yilda sud-huquq tizimini isloh qilishga nihoyatda katta e'tibor qaratilayotgani qayd etildi. Binobarin, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari
ta'minlanmasa, bir tomondan, xalq farovonligiga erishib bo'lmaydi, ikkinchi tomondan, xorijiy investorlar mamlakatga sarmoya kiritishdan o'zini tortadi.
Sud va prokuratura tizimlaridagi korruptsiya holatlariga nisbatan qat'iy choralar ko'rilmoqda. Bu haqda so'z borganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat boshqaruviga kelib imzolagan dastlabki qonun hujjati – “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun ekanini alohida ta'kidlash lozim.
Davlat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017 yili tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”da korruptsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro'-e'tiborini oshirish maqsadida bir qator muhim vazifalar belgilangan.
Shu asosda o'tgan davrda 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlandi. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining tarkibi tubdan yangilandi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo'yicha qo'mitalar tashkil etildi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini inobatga olgan holda tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda mazkur yo'nalishdagi funktsiyalarni maqbullashtirishda yagona va ilg'or yondashuvlarni joriy etish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Eng muhimi, O'zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari aniq va ravshan belgilab olingan. Bunda, jumladan, sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sud`yalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta'sir o'tkazish shart-sharoitlarini istisno etish ko'zda tutilgan.
O'zbekiston Konstitutsiyasi 11-moddasiga muvofiq, mamlakatimiz davlat hokimiyati tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishi printsipiga asoslanadi. Shu ma'noda, sud tizimining faoliyatiga qonun chiqaruvchi hokimiyat ham, ijro etuvchi hokimiyat ham aralashishi mumkin emas.
Bu, o'z navbatida, sud`yalarning mustaqilligini ta'minlashga xizmat qiladi. Zero, sud`yalar o'z qarori, hukmi va ajrimlarini mustaqil va xolis tarzda, qonun va adolat talabi hamda o'z xohish-ixtiyori asosida qabul qilishi juda muhimdir.
“O'zbekistonga tashrifimdan maqsad mamlakatingiz hukumati bilan sud-huquq tizimidagi islohotlar masalasi bo'yicha amaliy muloqot o'rnatishdan iborat, – dedi Diego Garsiya-Sayan. – Bunday muloqot bizga ana shu yangilanishlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga, xususan, sud hokimiyatining mustaqilligi va hokimiyatning bo'linishi printsiplariga qanchalik mutanosibligini baholash imkonini beradi”.
Muloqotda BMTning inson huquqlarini ta'minlash sohasiga mas'ul institutlari, jumladan BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining tavsiyalari bilan ishlash borasida O'zbekistonda ijobiy tajriba shakllangani qayd etildi. Bu yo'nalishda keyingi davrda 10 ta “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi va ularda belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv yakunida janob Diego Garsiya-Sayan taqdim etadigan amaliy tavsiyalar bo'yicha mamlakatimiz sud`yalari, prokurorlari va advokatlarining bevosita ishtirokida alohida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilishi bildirildi. Bu hujjat milliy parlament tomonidan tasdiqlanadi va amalda tatbiq etiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.09.2019
- Ko'rishlar: 5567
- Chop etish