Jazoni ijro etish tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida IIV axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Nilufar Begmatova ma’lumot berdi:
– Mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlari ta’minlash bilan birga tarbiyaviy ishlarning samarali yo‘lga qo‘yilgani natijasida sodir etgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘layotgan, to‘g‘ri yo‘lga tushayotgan shaxslar soni oshmoqda.
Mahkumlarning qonuniy huquq va erkinliklarini takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Jinoyat-ijroiya kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, mahkumlarni saqlash sharoitlari xalqaro standart talablariga muvofiqlashtirildi va ularning huquqlari yanada kengaytirildi.
Mahkumlarga saylash va ijtimoiy sug‘urta olish kabi huquqlar berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashi bo‘yicha huquqiy kafolat mustahkamlandi hamda “Usta-shogird” maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tizimda 6 ta umumta’lim maktabi va 4 ta kasb-hunar ta’limi markazi faoliyat olib bormoqda.
Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni muassasada ishlagan davrini umumiy mehnat stajiga qo‘shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyati yaratildi. Mahkumlarga surdo-tarjimon xizmatidan foydalanish huquqi berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga nisbatan qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda belgilandi.
Birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turarjoylarni maxsus vositalar va moslamalar (pandus) bilan jihozlash yo‘lga qo‘yildi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jinsi, yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat qobiliyati va iloji boricha, ixtisosligini hisobga olgan holda ishlashi belgilandi. Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini baholovchi aniq mezonlarni belgilash orqali ularga adolatli rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmoqda.
O‘z navbatida, mahkumlarga qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar soni qariyb ikki baravarga ko‘paytirildi. Shuningdek, mahkuma ayollarga voyaga yetmagan farzandlari bilan cheklanmagan miqdorda uchrashish imkoniyati yaratildi.
2020 yil 30 iyundagi 625-son qonunga asosan mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi. Mahkumlarni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida qisqa muddatli uchrashuv, videouchrashuv va telefon orqali so‘zlashuvlarni o‘zaro almashtirish tartibi joriy etildi. Mahkumlarni jazo o‘tash davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi belgilandi. Voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onalari bilan uchrashuvlarga nisbatan cheklovlar olib tashlandi. Mahkuma ayollarni voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilandi.
Shuningdek, tergov hibsxonalari va yopiq turdagi koloniyalarda advokatlar uchun alohida 69 xona tashkil etildi. Ombudsman va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga jazoni ijro etish muassasalariga hech qanday moneliksiz kirish uchun sharoitlar yaratildi.
Barcha jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida maxsus kontingentning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun ular bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ayrim protsessual harakatlar yoki boshqa tadbirlarni amalga oshirish maqsadida videokuzatuv vositalari bilan jihozlangan 49 ta “Co‘rovxona” tashkil etildi.
Ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning saqlash sharoitlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, ularni qo‘riqlash va nazorat qilish tizimini takomillashtirish, jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, jazoni ijro etish muassasalariga 8 ming 276 dona videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Muassasalarda xizmat o‘tayotgan xodimlar 360 dona bodikamera bilan ta’minlandi. Videokuzatuv vositalari Departament Situatsion tahliliy markaziga integratsiya qilinib, muassasalar hududidagi (xodimlar va mahkumlar) harakatlarni onlayn nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
Jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlari masofadan turib videouchrashuvni amalga oshirishi uchun maxsus xonalar tashkil etildi. Departament tasarrufidagi 11 ta tergov hibsxonasi, 18 ta jazoni ijro etish koloniyasi rentgen-skaner qurilmalari, boshqalari elektron navbat apparati bilan ta’minlandi.
Jazoni ijro etish departamenti bilan davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida memorandumlar imzolanib, mahkumlarni tarbiyalash, jamiyatga moslashtirish, to‘g‘ri hayotga qaytarish borasida hamkorlikda tarbiyaviy-profilaktik ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu kabi ishlar mahkumlarni qayta tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.02.2025
- Ko'rishlar: 600
- Chop etish