Alvis Eglitis
Latviyaning «LETA» axborot agentligining xalqaro yangiliklar muharriri:
- O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangilanishi mamlakatda so‘nggi yillar davomida amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar jarayonining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Konstitutsiyani yangilashda hujjat muqaddimasida qayd etilganidek, xalqaro huquqning tamoyillari asos qilib olingani ayniqsa muhim jihatdir.
Inson huquqlari va erkinliklari bo‘limi sezilarli darajada kengaytirilgan. Unda mazkur huquq va erkinliklar batafsilroq bayon etilgan. Fuqarolarning davlat tomonidan kafolatlangan ko‘plab ijtimoiy huquqlari ta’minlanishi ham muhim jihatdir. Ayniqsa, davlat ommaviy axborot vositalarining erkinligini - ularning ma’lumot to‘plash, olish va tarqatish huquqini kafolatlaydigan me’yorni ta’kidlashni istar edim.
Shu tariqa, taklif etilayotgan Asosiy qonun loyihasining 1-moddasida qayd qilinganidek, yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonning demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida yanada ravnaq topishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.
Aldona Mixalyak
Polsha ayollar ligasi boshqaruvi raisi:
-Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ilk bor O‘zbekiston xalqining ochiq, barkamol va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish istagi mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, «fuqarolik jamiyati» atamasi ilk marotaba qo‘llanilmoqda, uning institutlari to‘g‘risida alohida bo‘lim joriy etilmoqda. Siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari, boshqa nodavlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi qayd etilmoqda.
Bundan tashqari, davlatning konstitutsiyaviy-huquqiy majburiyati qayd etilgan. Ya’ni fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirokini ta’minlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, davlat tomonidan amalga oshirilishini kafolatlash choralarini ko‘rish va jamoat nazoratini kafolatlash Asosiy qonunda mustahkamlanmoqda
Ushbu o‘zgartishlar mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish, fuqarolarning bu jarayonda faol ishtirok etishiga kuchli turtki beradi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlarning inklyuzivligi, shaffofligi va samaradorligini ta’minlaydi, davlat va jamoat qurilishining tarixan yangi bosqichini boshlanishiga mustahkam zamin yaratadi.
Asushi Ogixara
Vaseda universiteti dekani o‘rinbosari, professor:
- Ta’lim - davlat va jamiyatning ravnaq topishi hamda barqarorlikka erishishida juda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yaponiyada ta’lim, ilm-fan, tadqiqotlarga davlat darajasida katta e’tibor qaratilishi natijasida Yaponiya barcha sohalarda dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassalalari faoliyatini erkinlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Shu nuqtai nazardan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi
52-modda alohida e’tiborga molik.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 52-moddasi o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishiga g‘amxo‘rlikni kafolatlaydigan me’yor hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘qituvchilar bilan bog‘liq modda kiritilayotgani - jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan juda katta qadamdir, deb hisoblayman.
O‘zbekistonda o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda, o‘qituvchilar majburiy mehnat – paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmaydigan bo‘ldi. Bu katta siyosiy irodaning hosilasi, deb hisoblash mumkin.
Bunday o‘zgarishlar o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘z ustida ishlash, ta’lim berishning yangi usullarini ishlab chiqishga qulay sharoit yaratadigan tizimni yo‘lga qo‘yish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
«Dunyo» AA
- Qo'shildi: 29.03.2023
- Ko'rishlar: 4069
- Chop etish