Joriy yilning 13 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Parlament komissiyasi a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi A.Saidov yig‘ilishni ochar ekan, xalqaro majburiyatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va oldinda turgan vazifalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, xalqimizning turmush tarzi yaxshilash, tarmoqdagi muammolarning bartaraf etilishi uchun muhim ekanligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda dastlab “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi”ning 9.d va 20.d – bandlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, milliy harakatlar rejasining 9.d-bandida kamsitishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Adliya vazirligining tahlillariga ko‘ra, milliy qonunchilik hujjatlarida kamsitishga qarshi hamda kamsitishdan jabrlanganlarning huquqlarini kafolatlovchi normalar yetarlicha ishlab chiqilgan.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada, ma’muriy, jinoiy va fuqarolik kodekslarida shaxsni kamsitish bilan bog‘liq holatlar uchun javobgarlik borligi belgilangan. Shu bilan birga, tegishli sud prosessual qonunchilik hujjatlarida ham har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan.
Komissiya a’zolari Prezidentimizning 2023 yil 12 maydagi tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi Tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan bajarilgan ishlar bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning axborotini ham eshitdilar.
Qayd etilganidek, mazkur dasturning 6 bandi bo‘yicha ijro muddati yakunlanib, ishlar to‘liq bajarilgan. Farmon ijrosini taminlash davomida 20 dan ortiq konferensiya, davra suhbatlari, seminar-treninglar va targ‘ibot ishlari olib borilgan. 24 ta bandni amalga oshirish bo‘yicha esa ishlar izchil davom etmoqda.
Shu bilan birga, “Tadbirlar dasturi”ning 22-bandi ijrosini ta’minlash doirasida joriy yilning 25-26 may kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa Kengashiining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) hamkorligida xalqaro konferensiya ham tashkil etildi. Uning doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Shuningdek, komissiya a’zolari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi” bandlarining bajarilishi yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining umumlashtirilgan ma’lumotini ham muhokama qildilar.
78 banddan iborat Milliy strategiyada 33 ta qonun hujjatlari loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Yangi qonun hujjatlari loyihalari —20 ta, amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalari – 4 ta, amaldagi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari – 9 tani tashkil etadi. Qolaversa, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasining 20 ta qonunlari qabul qilindi.
Inson sha’ni, qadr qimmati bilan bog‘liq har qanday kamsitishlarning oldini olish, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun imtiyozlar berish, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish, gender tengligiga erishish mazkur yo‘l xaritasida belgilangan vazifalarda ustuvorlik kasb etadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 25-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan tayyorlangan “Bola huquqlarini o‘rgatish” va “Bola huquqlari” qo‘llanmalari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ham muhokama qilindi.
Bugungi kungacha mamlakatimiz 80 ga yaqin inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan. Mazkur xalqaro huquqiy hujjatlar orasida bola huquqlariga oid xalqaro normalar muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur xalqaro hujjatlar o‘z navbatida bola huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilikni takomillashtirishga yordam bermoqda.
Ushbu qo‘llanmada bola huquqlari bo‘yicha asosiy tushunchalar hamda bolalarning fundamental huquq va erkinliklari, jumladan bolalarning yashash, shaxsiy daxlsizlik huquqi, ism va fuqarolikka ega bo‘lish, sog‘lig‘ini saqlashga bo‘lgan huquqi, oilaviy munosabatlarga bo‘lgan huquqi, ta’lim olish, mehnat qilish, nogironligi bo‘lgan bolalar huquqi, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqi, xususiy mulkka bo‘lgan hamda erkin ma’lumot olish va fikr bildirish huquqi yoritilgan. Shuningdek, bola huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, jumladan Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.
Yig‘ilishda kun tartibidagi ko‘rilgan masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
- Qo'shildi: 14.10.2023
- Ko'rishlar: 3727
- Chop etish