23 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining O‘zbekiston uchun tavsiyalarini fuqarolik jamiyati va bolalar orasida tarqatishning ahamiyatiga bag‘ishlangan maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. Senatdagi ushbu maslahatlashuv Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YuNICEF va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilarini Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari J.Injumba, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi A.Yasevich qutladi.
Maslahatlashuvda xalqaro ekspert O.Xazova, shuningdek, mamlakatimiz viloyatlari va Toshkent shahridagi ta’lim muassasalari talabalari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Qiziqarli ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan tavsiyalar asosida Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilganiga e’tibor qaratildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YuNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining texnik hamda ekspert ko‘magida tayyorlangan mazkur Harakatlar rejasini amalda tatbiq etish uchun bolalar va fuqarolik jamiyatini faol jalb etish yuzasidan bir qator takliflar bildirildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida keng ko‘lamli islohotla amalga oshirildi. Bunda Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muhim natijalarga erishilgani, xususan, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilgani, davlat va jamiyat hayotida bunday salbiy hodisalarga nisbatan murosasiz munosabat qaror topgani muhim ahamiyat kasb etadi.
YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari J.Injumba Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablarini va BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish borasida O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarni ijobiy baholadi. O‘zbekistonning ayni sohadagi ibratli tajribasi boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi A.Yasevich O‘zbekiston inson huquqlari sohasida, jumladan, bola huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro majburiyatlarini bajarishda yuksak yutuqlarga erishayotganini alohida ta’kidladi. Uning e’tiroficha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilgan tub islohotlar tufayli O‘zbekiston so‘nggi yillarda inson huquqlari sohasida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng yaqinda o‘tkazilgan U-Report so‘rovi natijalari taqdim etildi. Unda 1 ming 800 dan ortiq respondent bola huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan.
So‘rov natijalariga muvofiq, respondentlarning to‘rtdan bir qismidan ozrog‘i (22%) bola huquqlari buzilgan taqdirda, ularni qanday himoya qilishni biladi. Ba’zi bolalar o‘z huquqlari haqida gapirishdan uyaladilar (16%) yoki o‘z huquqlarini himoya qilishga harakat qilsalar, jazolanishdan qo‘rqadilar (13%). Bolalarning 60 foizidan ortig‘i, agar ularning huquqlari u yoki bu sabablarga ko‘ra buziladigan bo‘lsa, o‘z huquqlarni himoya qila olmasliklarini aytishgan.
Senat majlisining yosh ishtirikchilari bolalarning eng ko‘p buziladigan huquqlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, hukumat va parlamentga bir qator takliflarini bayon qildilar. Bolalar ham, NNT vakillari ham maktabga bormaslik, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit, bolalarning yo‘llardagi xavfsizligi, oiladagi zo‘ravonlik va o‘smirlarning ruhiy salomatligi masalalariga urg‘u berdilar.
Boshqa masalalar qatorida, ular raqamli dunyoda bolalar huquqlarini belgilovchi BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 2021 yildagi 25-son umumiy sharhini amalga oshirish muhimligini ham ta’kidladilar.
U-Report so‘rovlari shuni ko‘rsatadiki, qishloq joylarda respondentlarning 70 foizi, shahar va viloyat markazlarida yashovchi respondentlarning 85 foizi internetdan bepul foydalanish imkoniyatiga ega. Senatdagi yig‘ilishning yosh ishtirokchilari internetdagi zararli saytlarga blok qo‘yish hamda internetda bolalar xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratishni so‘radilar.
NNT vakillari va yoshlar bola huquqlari bilan bog‘liq masalalarning muhokamalarida, xususan, qonunchilik va ma’muriy qoidalarni ishlab chiqish hamda ularni amalda tatbiq etish bosqichlarida muntazam ishtirok etish istagini bildirdilar. Maktab o‘quvchilari ta’lim sohasidagi bolalar huquqlariga oid bir qator dolzarb taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.
Xususan:
- inson huquqlari bo‘yicha o‘qitiladigan soatlar sonini ko‘paytirish, bola huquqlari bo‘yicha raqamli texnologiyalardan foydalangan holda maxsus kurslar tashkil etish;
- maktab ta’limi va maktabgacha ta’lim sohasida inklyuziv yondashuvni joriy etish;
- bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini hisobga olgan holda moslashtirilgan va davlatga qarashli organlarga murojaat qilish uchun elektron platforma yaratish;
- eshitish qobiliyati past bolalar uchun xalqaro imo-ishora tilini joriy etish va chet tillarini o‘rgatish;
- maktablarda bezorilikning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;
- bolalarning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish, o‘qituvchilar va ota-onalarning raqamli va kompyuter savodxonligini oshirish, maktablarda xavfsiz internet siyosatini joriy etish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Maslahatlashuv yakunida Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.11.2023
- Ko'rishlar: 3647
- Chop etish