BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini bajarish: O‘zbekiston tajribasi

20-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40-yilligi: tarix, hozirgi kun va kelajak” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Akademik A.Saidov “BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini bajarish: O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi ma’ruzasida e’tirof etganidek, ushbu Konvensiyaning qabul qilinishi inson huquqlari, adolat va har bir shaxsning qadr-qimmatini himoya qilish ishiga umumbashariy sodiqlikning beqiyos timsoli hisoblanadi. Konvensiya qiynoqlar hech qachon va hech qayerda oqlanishi mumkin emasligini butun jahon miqyosida shoyon etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 22-fevralda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish borasida ibratli tajribaga ega. Bu haqda fikr yuritganda, xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 26-moddasida: “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa  shafqatsiz,  g‘ayriinsoniy  yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”, degan norma mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Fuqarolik kodeksi kabi qonunchilik hujjatlariga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yana bir muhim jihat – institutsional islohotlar bilan bog‘liq. Gap shundaki, O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etish joylarini monitoring qilishning ko‘p pog‘onali tizimiga asos solingan. Bu o‘rinda 2016-yildan boshlab Yangi O‘zbekistonda qiynoqlarga qarshi kurash bo‘yicha mexanizmlarni tubdan takomillashtirishga kirishilganini qayd etish maqsadga muvofiq.

Bunda, ayniqsa, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzurida “Qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan milliy preventiv mexanizm” yaratilgani juda muhim.  Ushbu mexanizm bugungi kunda ayni muammoga qarshi tizimli kurash olib borishning hal qiluvchi vositasiga aylandi.

Qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan milliy preventiv mexanizmning asosiy vazifasi bu borada mavjud tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat bo‘lib, uning faoliyatiga xos mustaqillik va shaffoflik tamoyillari bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni mexanizm faoliyatiga fuqarolik jamiyatining jalb etilayotgani ham diqqatga loyiqdir.

Mamlakatimizdagi ozodlikdan mahrum etish joylarini monitoring qilish huquqi Bolalar Ombudsmani, Biznes-Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga ham berilgan. Bunday yangicha yondashuvlar qiynoqqa solish, zo‘ravonlik, boshqa  shafqatsiz,  g‘ayriinsoniy  yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazoni qo‘llashga qarshi kurashish tizimini imkoniyati hamda salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Yanada muhimi, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va qiynoqlarga qarshi kurash borasida o‘qitish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bunda, jumladan, 2023-yilda  Inson huquqlari sohasidagi ta’lim milliy dasturi qabul qilingani muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda qiynoqlarga qarshi kurash borasida parlament monitoringi va jamoatchilik nazorati mexanizmlari yanada mustahkamlanmoqda. Bu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik munosabatlari ham o‘z natijalarini bermoqda.

O‘zbekiston hukumati o‘tgan davrda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga beshta davriy hisobot taqdim etgan bo‘lib, eng oxirgi milliy ma’ruza 2023-yilda taqdim etildi. Ayni vaqtda ushbu yo‘nalishda xalqaro hamjamiyat bilan amaliy muloqotni izchil davom ettirish maqsadida BMTning Qiynoqqa solish, zo‘ravonlik, boshqa  shafqatsiz,  g‘ayriinsoniy  yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazoni qo‘llashga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi mamlakatimizga tashrif buyurishi uchun rasmiy taklifnoma yuborilgan.

 

 Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech