O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘lgan gender tenglik va mahalla institutini rivojlantirish masalalari mamlakatimizda keng qamrovli ijtimoiy islohotlarning asosiy omillaridan hisoblanadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning fundamental huquqlarini ta’minlash masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilmoqda. Mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jamiyatdagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga va vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalalariga oid 40 dan ziyod normativ- huquqiy hujjat, xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston xotin-qizlarni kamsitish va ta’qib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlari alohida o‘rin egallaydi. Xususan, Konstitutsiyaning 42 va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlarini yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishi nazarda tutilgan.
Bu borada 2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Ushbu qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda «gender» tushunchasiga ta’rif berilgan.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi.
Respublikada oila va xotin-qizlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning muammolariga tizimli yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etildi.
Har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Natijada kambag‘allik darajasi so‘ngi 2-yilda 17 foizdan – 11 foizga tushdi.
Xotin-qizlarni kasbga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish orqali ularning bandligini ta’minlash hamda salomatligini mustahkamlash ishlarini eng quyi bo‘g‘in – mahallalarda tizimli tashkil etish maqsadida 1 ming 600 dan ortiq mahallada Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Birgina 2023-yilda mazkur yo‘nalishda namunali deb topilgan 35 ta mahallada shunday markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga jami 1 milliard 689 million so‘m davlat granti mablag‘lari ajratildi.
Shu bilan birga olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida har yili har birining qiymati 50 million so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha alohida boshqarma, hududiy ichki ishlar organlarida rahbarlik lavozimlari hamda shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimlari joriy etildi.
Mazkur lavozim joriy etilishi O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan bir qancha ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi.
Birinchidan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davlat siyosatining samaradorligi oshdi. Bu lavozim orqali xotin-qizlarga oid muammolar tizimli ravishda o‘rganilib, ularga kompleks yechimlar topilishiga erishilmoqda.
Ikkinchidan, ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda ishtirok etish darajasi ko‘tarildi. Chunki inspektorlar xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning liderlik salohiyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor bermoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati gender tenglikni ta’minlash maqsadida o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, xalqaro tashkilotlar va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlangan.
Ushbu Dastur tadbirlarini ijro etish doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilindi. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan 2024-yilda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 45-yilligi keng nishonlanmoqda. Binobarin, mazkur tadbirlar dasturi O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaning 2024-yil 15-apreldagi yig‘ilishida muhokama qilindi va tasdiqlandi.
O‘tgan davrda ayni yo‘nalishda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazildi. Inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlar takomillashtirilib, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlar tayyorlash ishlari kuchaytirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, gender tenglik ta’minlanishi va mahalla instituti faoliyati Yangi O‘zbekiston jamiyatining barqaror rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Bu omillar, ayniqsa, qashshoqlikni kamaytirish, sog‘liqni saqlash va ta’limni yaxshilash, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikni oshirishga yordam beradi.
Dilnoza Rahmatjonova,
Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi
ta’lim va ma’rifat bo‘limi mas’ul xodimi
- Qo'shildi: 26.12.2024
- Ko'rishlar: 528
- Chop etish