27-dekabr – Xaqaro epidemiyaga tayyorgarlik kuni

Insoniyat tarixida epidemiyalar va pandemiyalar faqat salomatlikka emas, balki iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlikka ham jiddiy ta’sir qilgan hodisalardir. Tarixan, bu turdagi global ofatlar nafaqat minglab insonlarning hayotiga ziyon yetkazgan, balki mamlakatlarning rivojlanishiga, iqtisodiy o‘sishga, ishlab chiqarish va savdo zanjirlariga, shuningdek, davlatlararo munosabatlarga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Qadimiy zamonlardan beri o‘lat (vabo), chechak, qizamiq va boshqa yuqumli kasalliklar ulkan hududlarda aholi sonining kamayishiga sabab bo‘lgan. XIX va XX asrlarda tibbiyot sohasidagi yutuqlar tufayli yuqumli kasalliklar ustidan nazorat kuchaygan bo‘lsa-da, globallashuv sharoitida virus va bakteriyalar cheklovsiz tarqalish imkoniga ega bo‘ldi.

2020-yilda boshlanib, butun dunyoga tarqalgan COVID-19 pandemiyasi, avvalgi epidemiyalarga qaraganda, o‘zining global miqyosdagi ta’siri, shuningdek, texnologik va ijtimoiy sohalarda yuzaga kelgan o‘zgarishlar bilan ajralib turdi. Bu pandemiya xalqaro tizimning salomatlik sohasidagi zaif tomonlarini, shuningdek, tibbiyot infratuzilmasining yetarli darajada tayyor emasligini ochib berdi.

Bundan tashqari, pandemiya vaqtida iqtisodiy inqiroz, ishsizlikning ortishi, savdo oqimlarining buzilishi va davlat byudjetlarining keskin qisqarishi kuzatildi. Bunday sharoitda faqat alohida davlatlar emas, balki barcha davlatlarning birgalikda harakat qilishi zarurligi ayon bo‘ldi. Shu sababli BMT tomonidan epidemiyalarga tayyorgarlik masalasida jamoaviy ongni oshirish maqsadida maxsus kunni belgilash tashabbusi ilgari surildi.

Xalqaro hamjamiyat epidemiya va pandemiyalarga tayyorgarlikni kuchaytirish, ularga samarali javob berish masalalariga jiddiy e’tibor qaratishga kirishdi. Natijada 2020-yil 27-dekabrda BMT tomonidan Xalqaro epidemiyaga tayyorgarlik kuni e’lon qilindi.

Ushbu sana nafaqat epidemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish, balki ularning oldini olish, tezkor javob choralarini ishlab chiqish va dunyo bo‘ylab tibbiyot tizimlarini kuchaytirish zarurligini eslatib turadi. BMTning bu tashabbusi, davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, pandemiyalarning oldini olish va ularga qarshi kurashish uchun global miqyosda samarali choralar ishlab chiqish zaruriyatini ta’kidlaydi.  

Shu bilan birga, Xalqaro epidemiyaga tayyorgarlik kuni butun dunyo bo‘ylab, epidemiyalarning oldini olish va ularga qarshi kurashishning muhimligini targ‘ib qilish, xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish va tibbiyot sohasidagi bilim almashishning ahamiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Epidemiyalarga tayyorgarlik ko‘rishning samarali yo‘li nafaqat tibbiyot infratuzilmasini kuchaytirish, balki global sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatni ogoh qilish va davlatlararo mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashdir. Bu jarayonlar faqat salomatlik tizimi uchun emas, balki global iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy tinchlikni saqlashda ham katta ahamiyatga ega.

Pandemiyalarning oldini olish va ularga qarshi kurashish uchun global miqyosdagi harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda viruslarni kuzatish tizimlarini takomillashtirish va sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, aholining sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash amalga oshirilishi zarur.

Pandemiyalarga qarshi kurashish uchun boy mamlakatlar tibbiy vositalar zaxirasini to‘plashi va nazorat qilishi bilan bog‘liq axloqiy va tibbiy falokatning oldi olinishi muhimdir. Tashxis qo‘yish, davolash va vaksinalardan foydalanish imkoniyatlarini barcha aholiga yetkazish pandemiyalarga qarshi samarali kurashning asosiy sharti bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xalqaro miqyosdagi nufuzi va moliyaviy barqarorligini oshirish masalasi ham dolzarbdir. Bu tashkilotning salohiyatini mustahkamlash global sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Pandemiyalarga qarshi kurashda barcha davlatlarning hamkorligi va mas’uliyatni bo‘lishishi jahon hamjamiyatining umumiy maqsadiga erishishda hal qiluvchi omil bo‘ladi.

BMT tizimi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi COVID-19 pandemiyasiga tayyorgarlik ko‘rish, unga javob berish va tiklanish masalalaridagi hamkorlik pandemiya boshlanganidan buyon samarali davom etib kelgan. Ushbu hamkorlik 2020-yilning yanvar oyida JSST tomonidan O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan yaqindan ish boshlagan davrdan beri izchil amalga oshirildi.

JSSTning ushbu faoliyati davomida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari tomonidan ilgari surilgan prinsiplar muhim rol o‘ynadi. Xususan, Oliy komissar COVID-19ga qarshi tibbiy-ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirishda jamoatchilikning to‘liq ishtirokini ta’minlash muhimligini qat’iy tavsiya etdi. Oliy komissarning ta’kidlashicha: “Epidemiyaga qarshi kurashishning yagona samarali usuli – bu jamiyat ishonchini qozonishdir”.

Inson huquqlarini hurmat qilishning ahamiyati pandemiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatli jamoat salomatligi siyosatini shakllantirishda asosiy omil sifatida qayd etilgan. Bu tavsiyalar O‘zbekiston hukumati va JSST o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikda o‘z aksini topgan.

O‘z navbatida, ushbu omillar nafaqat kasallik tarqalishining oldini olish, balki jamiyatdagi ishonch muhitini mustahkamlashga ham xizmat qildi. Mazkur hamkorlik doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, aholining xabardorligini oshirish va inqirozdan keyingi tiklanishni ta’minlashga qaratilgan dasturlar O‘zbekistonning pandemiya davridagi barqarorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Pandemiya davrida O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Germaniyaning yuqori malakali shifokorlari bilan, shu jumladan teletibbiyot orqali muntazam tajriba almashish yo‘lga qo‘yildi. Ularning eng ilg‘or davolash usullari keng qo‘llanildi.

Epidemiologik vaziyat ustidan xalqaro amaliyot asosida samarali nazorat o‘rnatish maqsadida barcha zarur choralar qabul qilindi.

Birinchidan, mamlakat miqyosida karantin tizimi joriy qilindi. Shuningdek, aholining mas’uliyatini oshirish uchun qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritish choralari ko‘rildi. Xususan, soxta axborot tarqatganlik uchun javobgarlik choralari ham belgilab qo‘yildi.

Ikkinchidan, kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borildi.

Uchinchidan, ta’lim tizimining uzluksizligini ta’minlash maqsadida ushbu sohadagi barcha muassasalar o‘z faoliyatini masofadan turib, onlayn rejimda tashkil etdi va to‘liq hajmda amalga oshirdi.

To‘rtinchidan, aholini oziq-ovqat, dori-darmon, zarur tibbiy buyumlar va boshqa hayotiy muhim tovarlar bilan uzluksiz ta’minlash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan va ehtiyojmand qatlamlarga beg‘araz manzilli yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda nodavlat tashkilotlar, fuqarolik institutlari va keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.

Beshinchidan, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi. Shu maqsadda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Tadbirkorlik subyektlariga bank kreditlari bo‘yicha foizlarni "muzlatish" va soliq "ta’tillari" imkoniyati berildi. Import qilinadigan tovarlarga soliq va bojxona boji stavkalari sezilarli darajada pasaytirildi.

Oltinchidan, hujjatlar, sug‘urta polislari kabilarni almashtirish muddatlarini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish choralari ko‘rildi. Chet el fuqarolarining yashash muddatlarini buzganlik uchun jarima solmasdan qolish muddatlari uzaytirildi.

Yettinchidan, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish choralari ko‘rildi. O‘tgan davrda boshqa mamlakatlardan 11 mingdan ortiq fuqaro evakuatsiya qilindi.

Sakkizinchidan, gumanitar hamkorlik amalga oshirildi. O‘zbekiston pandemiyaga qarshi kurashda qator davlatlarga gumanitar yordam ko‘rsatilishida faol siyosat olib bordi.

To‘qqizinchidan, barcha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga qat’iy muvofiq amalga oshirildi. Bu borada 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, xususan, ularda inson huquqlarini cheklash chegaralari aniq belgilandi.

Koronavirus (COVID-19) pandemiyasi asosiy yuqumli kasalliklar va epidemiyalarning insonlar hayoti, uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga yetkazishi mumkin bo‘lgan halokatli oqibatlarining misolidir. Ushbu pandemiya, ayniqsa, sog‘liqni saqlash sohasidagi global inqirozlar va haddan tashqari yuklangan sog‘liqni saqlash tizimlari uchun ortiqcha bosim bo‘ldi.

Bu kasallik nafaqat odamlarning, balki ayollar va bolalarning tirikchiligiga ham, eng qashshoq va eng zaif mamlakatlarning iqtisodiyotiga ham nomutanosib kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Virusning salbiy ta’siri zaif guruhlarga mansub bo‘lgan yoki zaif ahvolda bo‘lgan odamlarni xavf ostiga qo‘ydi.

Shu sababli bunday guruhlarga ehtiyoj sezagan mustahkam va barqaror sog‘liqni saqlash tizimlariga alohida e’tibor qaratish zarur bo‘ldi. Zero, sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash, xususan, ayollar va bolalar kabi zaif guruhlarni himoya qilish, pandemiyalarni boshqarish uchun muhim ahamiyatga ega.

Agar xalqaro hamjamiyat pandemiyalarga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirmasa, kelajakdagi epidemiyalar oldingi epidemiyalardan ancha jiddiy va tezkor bo‘lishi mumkin. Shuning uchun mahalliy, milliy, mintaqaviy va global darajalarda epidemiyalarga tayyorgarlik, ma’lumot almashish, ilmiy bilim va ilg‘or tajribalarni o‘rganish, sifatli ta’lim va ma’rifiy dasturlarni amalga oshirish, pandemiyalarning oldini olish va ularga samarali javob berish uchun eng muhim choralardir.

Epidemiyalarga qarshi kurashda asosiy xizmatlarni to‘xtatishning oldini olish va epidemiyalarni tezkor va samarali tarzda boshqarish juda muhim. Epidemiyaga nisbatan javob berish choralarini kuchaytirish, odamlarning salomatligini muhofaza qilish, hayvonlar va o‘simliklar salomatligini ta’minlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishni o‘z ichiga olgan “Yagona salomatlik” yondashuvi zarurligini ko‘rsatadi. Bu kompleks yondashuv ham sog‘liqni saqlash tizimining barqarorligini, ham tabiiy muhitning saqlanishini ta’minlashga yordam beradi.

Bundan tashqari, epidemiyalarga qarshi kurashda gender muammolarni inobatga olish kerak. Epidemiyaga qarshi kurashning barcha bosqichlarida gender nuqtayi nazarini hisobga olgan holda, barcha odamlar, hamjamiyatlar, davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida sheriklik va birdamlikni ta’minlash zarur.

Xalqaro hamkorlik va ko‘p tomonlama yondashuv pandemiyalarni samarali boshqarish va ularga qarshi kurashishda muhim rol o‘ynaydi. BMT tizimi, xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, o‘zining mandatiga muvofiq epidemiyalarga javob choralarini muvofiqlashtirishda va 2030-yilgacha bo‘lgan davrda kun tartibini amalga oshirishda markaziy o‘rinda turadi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi global muammolarni hal qilishda hukumatlarning markaziy roli, shuningdek, tegishli manfaatdor tomonlar, ayniqsa tibbiyot xodimlarining ko‘pchiligini tashkil etuvchi ayollarning beqiyos hissasini e’tirof etish zarur. Ayollarning sog‘liqni saqlash sohasidagi mehnati, pandemiyalar davrida o‘z jonini xavf ostiga qo‘yishi va xizmatlarini davom ettirishi, butun dunyo miqyosida e’tirofga loyiq.

BMTga a’zo davlatlar, shuningdek, aholining zaif guruhlariga mansub bo‘lgan yoki epidemiya paytida yuqish xavfi eng yuqori bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratgan holda tenglik va kamsitmaslik asosida keng qamrovli ishtirokni ta’minlashga sodiqligini ta’kidlaydilar. Bunda zaif guruhlarni, jumladan, qariyalar, bolalar, nogironlar, migratsiya qilgan shaxslar va qashshoq aholi qatlamlarini himoya qilish va ularning huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilanishi kerak. Epidemiyalar davrida bu guruhlar eng ko‘p zarar ko‘radiganlar bo‘lib, shuning uchun ularga alohida ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur.

Shu munosabat bilan, BMT Bosh Assambleyasi, barcha a’zo davlatlar, BMT tizimidagi tashkilotlar, global va mintaqaviy tashkilotlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini, shu jumladan nodavlat tashkilotlar, ta’lim muassasalari, alohida shaxslar va boshqa tegishli manfaatdor tomonlarni har yili Xalqaro epidemiyaga qarshi tayyorgarlik kunini o‘tkazishga chaqirdi. Bu kunda tegishli tarzda va milliy shart-sharoitlarga muvofiq ravishda ma’rifiy ishlar va xabardorlikni oshirish tadbirlarini o‘tkazish orqali epidemiyalarga tayyorgarlikni ta’minlash va ularga qarshi kurashish uchun hamkorlik aloqalarini o‘rnatish muhimligini yoritish lozim.

Xalqaro epidemiyaga qarshi tayyorgarlik kuni global va milliy miqyosda epidemiyalarning oldini olish, ularga samarali javob berish va pandemiyalarga tayyorlik darajasini oshirishga yordam beradi. Shu bilan birga, epidemiyalarni boshqarish, ularga tayyorgarlik ko‘rish va ularga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik va ko‘p tomonlama yondashuv muhim ahamiyatga ega.

Muxtasar aytganda, bu boradagi barcha tashabbuslar, bir-birini to‘ldirgan holda va birgalikda amalga oshirilganda, epidemiyaga qarshi samarali kurash choralarini kuchaytirishga yordam beradi. Muhimi, epidemiyalarga qarshi global va milliy strategiyalarni shakllantirishda har bir mamlakat, tashkilot va jamoa o‘z hissasini qo‘shishi tpqozo etiladi.

 

Iqbolbek Abdumajidov,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

O‘zA

Powered by GSpeech