“IQTISODIYOTDA SUN’IY INTELLEKT ASOSLARI”

Hozirgi kunda texnologiya olamida hayratlanarli inqilobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Jumladan, butun dunyoda sun’iy intellekt va robot texnikasi keng qo‘llanila boshlanishi natijasida iqtisodiyotda va kundalik turmushda katta burilish, yangi texnologik inqilob arafasida turibmiz. Xususan, bu masala raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonini amalga oshirayotgan O‘zbekistonda alohida dolzarblik kasb etadi.

Shu jihatdan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabi hamda G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida “Iqtisodiyotda sun’iy intellekt asoslari” o‘quv fani bo‘yicha darslik yaratilishi bugungi davr talablariga mos kadrlar tayyorlash vazifasini samarali amalga oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Akademik Q. X. Abduraxmonov rahbarligida faoliyat olib borayotgan iqtisodchi olimlar tomonidan tayyorlangan bu darslikda sun’iy intellekt va robot texnikasini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy qilinishi natijasida yaratiladigan yangi imkoniyatlar hamda yuzaga keladigan muammo va tahdidlar muhokama qilingan.

Xo‘sh, “Sun’iy intellekt» iborasi qayerdan kelib chiqqan? 1956-yilda AQSHdagi Dartmut universitetida o‘tkazilgan seminarda matematik-olim professor Jon Makkarti aniq muammolarni hal qilish uchun “sun’iy intellekt”dan foydalanish usullari to‘g‘risida ma’ruza qilgan. Uning fikricha, intellekt maqsadlarga erishish qobiliyatining hisoblash komponentini nazarda tutadi. Ingliz tilidan tarjima qilinganda “intellekt” so‘zi aqlning o‘zini emas, balki “aqlli fikr yuritish qobiliyati”ni anglatadi. “Intellekt” — bu shunday texnologik tizimki, u o‘zini o‘zi o‘qitish jarayonida ma’lum bir muammolarni hal qilish uchun dasturlarni yaratish qobiliyatiga ega.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Iqtisodiyotda sun’iy intellekt asoslari” darsligi sun’iy intellektning texnik tafsilotlari yoki mohiyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishni maqsad qilmagan. Darslik asosan sun’iy intellektni jamiyat taraqqiyotining turli sohalarida keng qo‘llashning iqtisodiy oqibatlariga bag‘ishlangan. Mualliflar sun’iy intellekt tushunchasi, paydo bo‘lishi, rivojlanish bosqichlari va istiqbolini yoritib, uning biznes jarayonlarini optimallashtirish va xodimlarning ish sifatini oshirishda, davlat boshqaruvi va xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘llanilishi iqtisodiyot uchun qanday natijalarga olib kelishini batafsil bayon etganlar.

Darslikning chop etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad — bu sun’iy intellektning iqtisodiyotdagi o‘rnini tushunishga yordam berish, undan foydalanish asoslari bo‘yicha talabalar bilimlarini rivojlantirish, global va milliy iqtisodiyotda yuzaga kelishi kutilayotgan yangi sharoitlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga “sun’iy intellekt” yordamida ko‘maklashishdan iborat.

Darslik 8 ta mavzuni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, mualliflar “Sun’iy intellekt tizimi: umumiy tushunchalar, rivojlanishi”, “Sun’iy intellektda mashinali o‘qitish”, “Sun’iy intellektda chuqur o‘qitish”, “Robotlarning sun’iy intellekt tizimidagi o‘rni”, “Sun’iy intellektning iqtisodiyotda tutgan o‘rni”, “Inson kapitali va sun’iy intellekt”, “Sun’iy intellekt texnologiyalarining ijtimoiy-mehnat munosabatlariga ta’siri”, “Iqtisodiyot sohalarida sun’iy intellektdan foydalanish” kabi mavzularda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalarini batafsil yoritishgan.

Darslik sun’iy intellekt bilan bog‘liq bir qator muammolarga amaliy javob topishga yordam beradi. Undan bugun mavjud kasblar kelajakda bo‘ladimi yoki ular yo‘q bo‘lib, o‘rnida boshqalari paydo bo‘ladimi, kelajakda ishga joylashish va munosib hayot kechirish uchun qanday malakalarni egallash kerak, sun’iy intellekt va robot texnikasiga asoslangan iqtisodiyot sharoitida yashashlari uchun yoshlarga qanday ta’lim va tarbiya berish kerak, Yangi O‘zbekistonda sun’iy intellekt va robotlashtirishning rivojlanishi qanday istiqbolga ega, degan ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savollarga javob topish mumkin.

Darslik yuqori saviyada, tushunarli va ravon tilda yozilgan.  Ma’lumotlarni taqdim etishda ma’noviy g‘alizlik, noaniqlik va ortiqcha murakkablikka yo‘l qo‘yilmagan. Har bir mavzuni yoritishda fanga tegishli tushuncha va ta’riflar, atama va iboralardan lozim darajada foydalanilgan. Mualliflar tomonidan sun’iy intellekt rivojlanishini tahlil etishda jahon iqtisodiyoti va milliy iqtisodiyotga xos bo‘lgan zamonaviy tendensiyalar hisobga olingan.

Mazkur darslik keng qamrovliligi va ommabopligi bilan iqtisodiy fanlar sohasidagi “yangi avlod darsliklari” jumlasiga kiradi va, shubhasiz, sun’iy intellekt va robot texnikasining iqtisodiyot sohalariga joriy qilinishi oqibatlari to‘g‘risida fundamental bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi. U nafaqat bo‘lajak iqtisodchilar hamda sun’iy intellekt va robot texnikasi sohasida faoliyat olib borayotgan ilmiy va amaliyotchi xodimlar, balki boshqa turli soha vakillari, jumladan huquqshunoslar, umuman keng jamoatchilik uchun ham foydali manba sifatida tavsiya etilishi mumkin.

Akmal SAIDOV,

akademik.

Powered by GSpeech