Dunyoda faqat Markaziy Osiyo xalqlarigagina xos bo‘lgan o‘zini o‘zi boshqarishning noyob instituti mavjud. Tarixan mingyilliklarga tutashib ketgan, milliy mentalitet va qadriyatlar asosida shakllangan bu ijtimoiy tuzilma mahalla deb ataladi. Bugungi kunda mahalla Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining eng faol bo‘g‘ini hisoblanadi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, mahalla institutining maqomi va ahamiyati yanada yuksaldi. Mahalla xalq va davlat o‘rtasidagi aloqani ta’minlovchi mustahkam ko‘prikka aylandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan demokratik va insonparvar islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonda katta vakolatlar hamda imkoniyatlarga ega bo‘lgan yangi mahalla tizimi tashkil topdi.
2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mahalla institutining maqomini belgilovchi alohida modda kiritildi. Ya’ni Konstitutsiyaning 127-moddasida: “Shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni saylaydi”, deya aniq belgilandi.
Ushbu moddaning davomida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlari, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlari, milliy qadriyatlar, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal qilishi qayd etilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyamizda davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashishi kafolatlangan.
Mahalla tizimini isloh etish va uning ijtimoiy munosabatlardagi o‘rnini yuksaltirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etdi. Unga muvofiq, mahalla tizimi tuzilishi, maqomi, vazifa hamda vakolatlariga ko‘ra tubdan o‘zgardi.
Birinchidan, respublika, viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va tuman (shahar) mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari shakllantirildi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi.
Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida “Mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi ochildi.
“Mahalla yettiligi” jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat bo‘lib, ularning har biri muayyan vazifaga mas’ul hisoblanadi.
Masalan, profilaktika inspektori mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni ta’minlash, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashsa, ijtimoiy xodim og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar hamda oilalarni aniqlaydi, ularning ehtiyojlariga qarab, ijtimoiy yordam berilishini tashkil etadi. Soliq inspektori esa tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish, soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish va mahalla byudjetining daromadini shakllantirishga mas’uldir.
Mahalla byudjeti Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi hisobidan shakllantirilib, uning mablag‘lari mahallaning iqtisodiy hamda ijtimoiy darajasini oshirishga yo‘naltiriladi.
Bugungi kunda “mahalla yettiligi”ning jamoaviy qarorlari asosida “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
“Mahalla yettiligi” a’zolarining faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga muvofiq tegishli mezon bo‘yicha baholanib, shunga ko‘ra ularga moddiy rag‘bat ajratilmoqda. Albatta, ularga asosiy ish joyidan beriladigan ish haqi ham saqlab qolingan.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda yangicha tizim asosida faoliyat olib borayotgan mahallalar xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish, mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Mahalla tinch bo‘lsa – yurtimiz tinch, mahalla obod bo‘lsa – butun mamlakatimiz obod va farovon bo‘ladi”.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 27.12.2024
- Ko'rishlar: 737
- Chop etish