YANGI O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASINI HAYOTGA TATBIQ ETISHNING HAL ETUVCHI DAVRI

(2024-yil sarhisobiga ayrim chizgilar)

 

Umr – suvdek yugurik, deydilar. Bugungi umrimizga doxil daqiqa, soat, kun, hafta, oy va yillarning o‘tish tarzi ushbu azaliy hikmatning mantig‘iga sig‘may va sur’atiga yeta olmay qolayotgandek go‘yo. Nega deganda, “yugurik” so‘zi ildam, chaqqon, chopqir, chopag‘on kabi faqat ijobiy mazmunga ega ma’nolarni anglatadi. Bugungi shiddatli davr esa nafaqat erishilgan yutuq va samaralar, balki kutilmagan tarzda hamda global miqyosda yuzaga kelayotgan turli xataru tahdidlarga ham yondosh kechmoqda.

Shu ma’noda, yakuniga yetgan yil sarhisobi xususida so‘z yuritganda, shubhasiz, agar 2023-yil – ilk bor referendum asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan yil maqomida tariximizga zarhal harflar bilan bitilgan bo‘lsa, 2024-yil – yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasini hayotga tatbiq etishning hal etuvchi davri sifatida Vatanimiz tarixiga muhrlanishi aniq, degan fikrga kelamiz.

Chunki yangilangan Asosiy qonunimizning “Muqaddima”sida e’tirof etilganidek, ushbu Konstitutsiyani jumladan, “O‘zbekistonning  jahon hamjamiyati, eng  avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini  hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”, xalqimiz qabul qildi.

 

“Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”

(O‘zbekiston Prezidentining yangi kitobi)

 

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning chinakam tashabbuskori va muallifi xalqimizdir”. Bu haqqoniy e’tirof Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli ikkinchi salmoqli mualliflik asarida alohida ta’kidlangan. Ushbu kitobda O‘zbekistonning keyingi 7-yillik islohotlari natijasi umumlashtirilgan va oldimizda turgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati chuqur ochib berilgan.

Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga yuz tutmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Yurtimiz shiddatli demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida 2024-yilda ulkan amaliy qadamlar qo‘yildi. Mustaqil yurtimizning har bir qutlug‘ odimida va bunyodkor xalqimizning har qaysi yutug‘ida Istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun, Prezidentimiz e’tirof etganidek, bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas!

Millat Sardori xalqimizni yana bir haqiqatni unutmaslikka chorlamoqda. Ya’ni: bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.

Shu nuqtayi nazardan, “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” asarining quyidagi asosiy xususiyatlarini sanab o‘tish o‘rinli:

birinchi xususiyati: O‘zbekistonning umumbashariy muammolarni bartaraf etish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan global tashabbuslariga e’tibor qaratilgan;

ikkinchi xususiyati: mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari alohida ta’kidlangan;

uchinchi xususiyati: Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyati chuqur mushohada qilingan;

to‘rtinchi xususiyati: rivojlanish strategiyalarimizning maqsadi, asosiy tamoyillari, falsafasi va mazmun-mohiyati keng ochib berilgan;

beshinchi xususiyati: hozirgi zamonda Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirishning joriy holatiga xolis baho berilgan holda, milliy taraqqiyotimiz istiqbollari haqida atroflicha fikr yuritilgan.

Kitobning e’tiborga sazovor jihati shuki, Yangi O‘zbekistondagi ko‘pqirrali siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning, mamlakatimiz va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi munosabatlarning biron-bir yo‘nalishi muallif e’tiboridan chetda qolmagan. Prezidentimiz kamtarlik bilan qayd etganidek, “Biz siz bilan birgalikda bashariyatning ajralmas qismi hisoblangan, butun dunyoda Yangi O‘zbekiston, deya e’tirof etilayotgan jonajon Vatanimizning tarixan nihoyatda qisqa, mazmunan bir necha o‘n yilliklarga tatigulik murakkab va sharafli yo‘liga yana bir bor nazar tashladik”.

Hozirgi zamonning shiddatli va ziddiyatli taraqqiyot tamoyillarini murakkab va tahlikali davr nuqtayi nazaridan tushunish, bugungi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, kelajakka katta ishonch bilan qarab, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida ongli va bunyodkor fuqaro sifatida munosib ishtirok etishda, yangi vatanparvar avlodni tarbiyalashda ushbu asarning ahamiyati beqiyosdir. Muhimi, muallif chorlaganidek, “Yangi O‘zbekiston barchamizniki ekanini, uning orzudan – haqiqatga, imkoniyatdan – voqelikka aylanishi bizga bog‘liq ekanini aslo unutmaylik”.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va saylovlar

 

Yangilangan Konstitutsiya qabul qilingani Yangi O‘zbekiston hayoti barcha sohalarining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy normalar va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida Saylov kodeksi tubdan takomillashtirildi.

Davlatimiz rahbari 2024-yil 27-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shuningdek, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarning quyidagi xususiyatlariga e’tiborni qaratdi:

birinchidan, saylov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan birinchi saylov sifatida tarixga kirdi;

ikkinchidan, O‘zbekistonda saylov ilk bor aralash tizim asosida o‘tkazildi;

uchinchidan, ushbu saylovlarda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi;

to‘rtinchidan, bu jarayonda siyosiy partiyalarning faolligi oshdi, ular o‘rtasida kuchli raqobat sezildi;

beshinchidan, saylovlar to‘laligicha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik muhitida o‘tdi;

oltinchidan, saylovning barcha bosqichlari to‘liq raqamlashtirildi, “E-saylov” axborot tizimi joriy etildi. Ilk bor elektron ovoz berish tartibi sinovdan o‘tkazildi. Ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish imkoni yaratildi;

yettinchidan, saylovda milliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etdi;

sakkizinchidan, Markaziy saylov komissiyasining mustaqilligi oshdi, professional saylov organlari tashkil etildi;

to‘qqizinchidan, saylovda 15 milliondan ziyod saylovchi qatnashdi. Bu natija islohotlarimizga ishonch ortganligini ko‘rsatadi va xalqimiz Yangi O‘zbekistonni qurish borasidagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlayotganligining yaqqol dalilidir.

Saylov kampaniyasida ishtirok etgan siyosiy partiyalarning shiddat-shijoati ham bir qator yangicha jihatlari bilan e’tiborni tortdi. Xususan:

· siyosiy partiyalar saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganligi yaqqol sezildi;

· partiyalar saylovga aniq g‘oya va dasturlari bilan chiqdi;

· har bir partiya o‘z a’zolari va elektorati talablariga asoslangan amaliy takliflarini ilgari surdi.

Shunday qilib, 2024 yilgi saylovlar, bir tomondan, yakuniga yetgan yilning eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqeasi; ikkinchi tomondan, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini amalga oshirish yo‘lidagi yana bir salmoqli amaliy qadam hisoblanadi.

Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, Prezidentimizning 2023-yil 8-mayda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilganini ta’kidlash lozim.

Bundan tashqari, 2023-yil 7-noyabrda Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan davlat rahbarining 10 ta farmoni va 4 ta qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 19-fevralda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Shu asosda bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shuningdek, 2024-yil 17-oktyabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlarning hamda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bularning barchasi bejiz emas. Prezidentimiz 2024-yil 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisidagi nutqida e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishganimizga  sakkiz  yil  bo‘ldi.  Bu  davrda  xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi”.

Prezidentning parlament haftaligi

 

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yilda Oliy Majlisga taqdim etgan “Murojaatnomasi” ham avvalgilaridan butunlay farqli va o‘ziga xos bo‘ldi. Bu o‘rinda Murojaatnoma parlamentga yaxlit va yagona dasturiy hujjat sifatida taqdim etilmasdan, balki davlatimiz rahbarining 2024-yil 18, 19 va 20-noyabr kunlari Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarida hamda har ikki palataning ilk qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqlari – “Murojaatnoma” maqomida e’lon qilingani haqida so‘z bormoqda.

Ushbu “Murojaatnoma”da, birinchi navbatda, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ta’siri va ilk amaliy natijalari chuqur tahlil etildi. Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasini hayotimizning barcha sohalariga teran tatbiq etish istiqbollari belgilab berildi.

Xalqimiz 2023-yilda tariximizda birinchi marta referendum asosida qabul qilgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasida quyidagi muhim norma bor: “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi”.

Parlamentga taqdim etilgan beshinchi “Murojaatnoma” timsolida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi normalarini hayotga tatbiq etishda  davlatimiz rahbari qanday o‘rnak va namuna ko‘rsatganligiga e’tibor qaratish ayni muddaodir. Chunki, dunyoning ba’zi mamlakatlarida davlat boshlig‘i goh sud hokimiyati, gohida ijro etuvchi hokimiyat – Hukumat bilan o‘zaro nizoda bo‘lsa, ba’zan qonun chiqaruvchi hokimiyat, ya’ni parlamentdan cho‘chib turishi holatlari uchraydi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 11-moddasida belgilab qo‘yilgan davlat hokimiyati tizimidagi uch tarmoq – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini nechog‘lik muvaffaqiyat bilan ta’minlab kelayotganligi tahsinga sazovor. Buni Prezidentning yangi “Murojaatnoma”si taqdim etilishi bilan bog‘liq quyidagi omillar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Birinchi omil, yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yangi tayinlangan Hukumat o‘rtasida kelishilgan holda faoliyat yuritish amaliyoti muvofiqlashtirildi. Buning uchun o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydigan eng maqbul takliflar olg‘a surildi.

Ikkinchi omil, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi va Bosh vazir lavozimlariga eng munosib nomzodlar itaklif etildi. Parlament palatalari tomonidan ushbu kadrlarning bir ovozdan ma’qullangani, o‘z navbatida, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida kelgusidagi samarali hamkorlikni kafolatlaydi.

Uchinchi omil, Yangi O‘zbekiston milliy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari va eng asosiy vazifalari belgilab berildi.

To‘rtinchi omil, istiqboldagi qonun ijodkorligi dasturi doirasida yaqin yillarda parlament qabul qilishi hamda Hukumat amalga oshirishi kerak bo‘lgan eng muhim qonunlar ro‘yxati taklif etildi.

Beshinchi omil, aholining ma’naviy-ma’rifiy va siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarni davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyatda konstitutsiyaviy vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.

Oltinchi omil, davlatimiz tashqi siyosatining tinchlik, barqarorlik va o‘zaro manfatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan ustuvor sohalari rivojini ta’minlashga e’tibor qaratildi.

Saylov yakunlari asosida Qonunchilik palatasiga 63 nafar deputat qayta, 87 nafar deputat esa yangi saylandi. Quyi palata deputatlarining 38 foizi yoki 57 nafari ayollardir. Bu natija mintaqamizdagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Deputatlarning 11 nafari, ya’ni 7,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan navqiron yurtdoshlarimizdir.

Qonunchilik palatasiga ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxs saylandi. Deputatlar safida turli millat vakillari borligi ham muhim ahamiyatga ega. Natijada quyi palata tom ma’noda inklyuziv organga aylandi.

O‘z navbatida, Prezidentimiz yangi tarkibdagi Senatning o‘ziga xos xususiyatlariga ham alohida to‘xtalar ekan, yuqori palata a’zosiga nisbatan yangicha ta’rif berdi. Ya’ni, “Senator degan nom – yuksak va sharafli maqom”.

Aslida ham, senator Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun xizmat ko‘rsatadi. Senatning yangi tarkibi sifat jihatidan yuqori darajada shakllandi. Senatorlarning intellektual salohiyati juda baland – har uch senatordan biri ilmiy darajaga ega. Senat a’zolarining 27 foizi yoki 16 nafari xotin­qizlardir.

Mahalliy Kengashlar faoliyatida ham yangi davr boshlandi, chunki aksariyat senatorlar bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengash deputati hamdir. O‘tgan davrda “Senat – hududiy vakillik palatasi” degan ta’rifning mohiyati yanada aniq ahamiyat kasb etishiga erishildi. Ya’ni, avvalo, Senatning mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi kengaydi.

Bugungi kunda mahalliy Kengashlar 15 tadan ko‘proq masala bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega. Ammo ularni tayyorlash, kelishish va tasdiqlash bo‘yicha yagona tartib yo‘q. Shu munosabat bilan mahalliy Kengashlarning maqomi va vakolatlarini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgan bo‘lishiga qaramay, mahalliy Kengash deputatlari tajriba almashadigan, malaka va ko‘nikmalarini oshiradigan tizim yo‘lga  qo‘yilmagan. Shu nuqtayi nazardan, mahalliy Kengashlarning eng yaxshi tajribalarini ommalashtirish, namunali Kengashlar faoliyatini e’tirof etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish taqozo etiladi.

Keyingi davrda Yangi O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanmoqda. Yangi O‘zbekiston Prezidenti nufuzli xalqaro minbarlardan katta­katta tashabbuslarni olg‘a surmoqda. Bu tashabbuslarning mazmun­mohiyati va ahamiyatini xalqqa yetkazishda deputatlar va senatorlar faol bo‘lishlari kerak.

O‘z navbatida, Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisida so‘zlagan nutqida yangi Hukumat faoliyatining quyidagi muhim yo‘nalishlariga, ya’ni:

·  makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga oid vazifalar;

· “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish istiqbollari;

· iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlarini rivojlantirish hamda sanoat kooperatsiyasi masalalari;

· kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish borasidagi asosiy vazifalar;

· oziq­ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan ta’sirchan chora­tadbirlar;

· sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarishga e’tiborni qaratdi.

Shu bilan bog‘liq holda, Vazirlar Mahkamasining quyidagi ustuvor vazifalari belgilab berildi.

Birinchi ustuvor vazifa: ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtirish lozim.

Ikkinchi ustuvor vazifa: ijroiya organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni ta’minlashi shart. Hozirda esa qonunosti hujjatlarni jamoatchilik bilan maslahat qilishga rioya etilmayapti. Hukumat taqdim etayotgan qonun loyihalarining sifati pastligicha qolmoqda. Zotan, xitoy faylasufi Shan Yan aytganidek, “Yaxshi qonun xallqa hurmat ifodasidir”.

Uchinchi ustuvor vazifa: Hukumat va vazirliklar joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Nazorat organlari hisobotlarini parlament qo‘mitalarida muhokama qilish kerak. Bundan keyin vazir o‘rinbosarlaridan biri Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan hamkorlik uchun mas’ul bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Parlament nazorati – bu, avvalo, xalq nazorati, xalq so‘rovi”. Shu ma’noda, parlament va deputat so‘roviga har bir rahbar shaxsan javob berishi shart.

To‘rtinchi ustuvor vazifa: samarali tashqi siyosat olib borish uchun, jumladan, Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish kerak bo‘ladi. Markaziy Osiyo beshligi doirasidagi har tomonlama hamkorlikka ko‘maklashish ham doimiy e’tiborda turishi darkor.

Beshinchi ustuvor vazifa: davlatimiz suvereniteti, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash; milliy g‘urur va vatanparvarlikni kamol toptirish; yoshlar tarbiyasi kabi sohalardagi vazifalarni o‘zida qamraydi.

Prezidentimiz yangi saylangan deputat va senatorlarni haqli ogohlantirganidek, xalq xizmatchisining mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganidan so‘ng beg‘am­beparvo, loqayd  bo‘lib  yurishga,  huzur­halovatga  berilib  yashashga  ma’naviy haqqi yo‘q. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, Sohibqiron  Amir  Temur  bobomizning “Saltanat to‘nini kiygach, tanimdan halovat ketdi”, degan ta’sirchan so‘zlarida davlatchilik ishiga, el­yurt xizmatiga bel bog‘lagan inson amal qilishi zarur bo‘lgan oliy mezon nazarda tutilgan.

 

Inson qadri va inson huquqlarini ta’minlash

 

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston inson huquqlari sohasiga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatga qo‘shildi va ularni ratifikatsiya qildi. So‘nggi 8-yilda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasi hamda turli sohalarni rivojlantirishga oid 60 dan ziyod strategiya, konsepsiya va dasturlarga insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning rivojlanishi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, ijtimoiy tenglik kabi tamoyillar, g‘oyalar to‘liq singdirildi.

O‘zbekiston Prezidenti “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Agar dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo‘lsa, bu huquqlarning 90 tasi endilikda mamlakatimizning Asosiy qonunida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.

Konstitutsiyamizning 20-moddasiga binoan: “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat  organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiqdir.

E’tiborli jihati shundaki, «O‘zbekistan – 2030» strategiyasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur Strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi.

Xususan, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ushbu sudyaga “xabeas korpus” institutini qo‘llash borasida bir qator vakolatlar berilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.

O‘z navbatida, 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.

Mamlakatimizga 2024-yil avgust oyida BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopal tashrif buyurdi. BMT Maxsus ma’ruzachisi bilan tegishli davlat tashkilotlari va turli muassasalarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mamlakatimizda aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash sohasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga milliy ma’ruzalar o‘z vaqtida taqdim etib kelinmoqda.

O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etish lozim. Ayni xalqaro tashkilot ko‘magida mamlakatimizda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, 24 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi.

Inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy ta’lim samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim milliy dasturi izchil amalga oshirilmoqda.

Yana bir muhim tadbir: 2024-yil iyun oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi forum “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Prezidentining Forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida 2018-yilda tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, 2024-yilda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45-yilligi, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya qabul qilinganining 40-yilligi va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 35-yilligini nishonlashga qaratilgan ko‘lamdor tadbirlar o‘tkazildi.

 

Yoshlar tarbiyasi va tadbirkorlik rivojiga

alohida e’tibor

 

Bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash g‘oyasi davlatimizning butun ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga hamda ushbu ezgu sa’y-harakatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim omilga aylandi. Bu sa’y-harakatlarni rivojlantirish yo‘lida O‘zbekiston Konstitutsiyasining “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish va inson huquqlariga taalluqli normalari 3,5 barobar oshirildi.

Shu ma’noda, 2024-yilda Yangi O‘zbekiston fuqarosi, jamiyati, davlati, davlat rahbarining diqqat-e’tibori ana shu muhim konstitutsiyaviy prinsiplarni ro‘yobga chiqarishga qaratildi. Bunda, ayniqsa, Prezidentimizning nihoyatda tig‘iz kun tartibi doirasidagi qizg‘in amaliy faoliyati va uning samaralari alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezident Matbuot xizmatining har oyda e’lon qilib borayotgan ma’lumotlarini umumlashtirganda, davlatimiz rahbari 2024-yilda 115 ta qonun, 193 ta farmon, 373 ta qaror va 52 ta farmoyish imzolagani ayon bo‘ladi. Shuningdek, Prezidentimiz ishtirok etgan 126 ta selektor yig‘ilishi va taqdimotlarda eng dolzarb masalalar muhokama etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda yurtimiz viloyatlariga 16 marta, jumladan, mamlakat poytaxti va Toshkent viloyatiga bir necha bor safar qildi. Bu tashriflar davomida hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi va joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Yurtboshimiz aholi hayotini yanada farovonlashtirish, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va shahar-qishloqlarni obod qilishga qaratilgan yangidan yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Aholining turli qatlamlari vakillari bilan samimiy muloqotda bo‘lib, "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da yoshlar bilan tadbirkorlar muammolari yechimiga alohida e’tibor qaratdi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan hal qilingan davlat boshqaruvining joriy va strategik masalalari ko‘lami juda keng ekanligini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Bunday tig‘iz kun tartibiga yil bo‘yi – har bir oy, hafta va kun davomida qat’iy amal qilinganidan keng jamoatchiligimiz Internet hamda oynayi jahon orqali muntazam xabardor bo‘lib turdi.

 

Faol va tashabbuskor tashqi siyosat

 

O‘zbekiston Prezidenti dunyodagi va mintaqamizdagi vaziyatga g‘oyat sinchkovlik bilan aniq va xolis baho berar ekan, zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama, mintaqaviy va global darajalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini alohida ta’kidlagani juda muhim. Davlatimiz rahbari haqli qayd etganidek, “Bunday murakkab sharoitda hech bir mamlakat yakka holda barcha zamonaviy xavf-xatarlarni chetlab o‘tib, ularning sabab-oqibatlarini bartaraf etishga qodir emasligi ayni haqiqatdir”.

Yangi O‘zbekiston dunyoning 156 ta davlati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Yurtimizda 46 ta chet el elchixonalari, 3 ta bosh konsullik, 13 nafar faxriy konsul, 24 ta xalqaro va 27 ta xorijiy tashkilot vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonning 59 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. Mamlakatimiz 100 dan ortiq xalqaro tashkilot a’zosi bo‘lib, turli xil ko‘p va ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yildagi faol va tashabbuskor tashqi siyosatining geografiyasi qanday keng va samaralari qanchalik qamrovdorligini mana bu raqamlar ham yaqqol tasdiqlab turibdi. O‘tgan yil davomida Prezidentimiz do‘st va hamkor mamlakatlarga 18 marta davlat, rasmiy va amaliy tashriflarni amalga oshirgan. Xorijiy tashriflar chog‘ida nufuzli davlat arboblari bilan 47 ta uchrashuv o‘tkazgan.

O‘z navbatida, 2024-yilda mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, shuningdek, Belarus, Qozog‘iston, Malayziya, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston, Germaniya kabi davlatlarning boshliqlari va hukumat  rahbarlari tashrif buyurdi. O‘zbekiston Prezidenti yil davomida mamlakatimizga tashrif buyurgan turli xalqaro va xorijiy delegatsiyalar bilan 90 marta uchrashdi.

Yana bir e’tiborli tashabbus: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosiy muloqot sohasiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “telefon diplomatiyasi” amaliyotini tatbiq etdi. Davlatimiz rahbari 2024-yilda hamkor davlatlar boshliqlari va hukumatlar rahbarlari hamda taniqli davlat arboblari bilan telefon orqali 49 marta muloqot qildi.

Bu muloqotlar avvalo o‘zaro manfaatli hamkorlikning joriy holati va istiqbollari bilan bog‘liq eng muhim mavzular muhokamasiga bag‘ishlandi. Shu bilan birga, Prezidentimiz o‘z hamkasblarini tug‘ilgan kuni yoki saylovda erishgan g‘alabasi bilan tabrikladi. Ba’zan qaysidir hamkor mamlakatda yuz bergan fojea munosabati bilan ta’ziya izhor qilib, ko‘ngil so‘rashdek insoniy burchga rioya etildi.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan chuqur siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar davrida yakuniga yetgan yil Yangi O‘zbekiston jamiyati va davlati uchun barakali keldi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyati uchun umumiy muammolarni o‘zaro muloqot, madaniy-sivilizatsiyaviy, millatlararo va dinlararo o‘zaro hamkorlik orqali hal etishga astoydil intilmoqda.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 29-dekabr kungi 265 (1326)-soni

Powered by GSpeech