Inson huquqlari va Brayl alifbosi

4-yanvar – Butunjahon Brayl alifbosi kuni

 

Xalqimizning “To‘rt muchang sog‘ bo‘lsin!” degan ezgu duosi bejiz emas. Sog‘liq bilan bog‘liq muammolar orasida, ayniqsa, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish anchayin qaltisligi bilan ajralib turadi. Chunki ayni muammoga duchor bo‘lgan ko‘pchilik uchun bu holat hayotda mavjud imkoniyat va qulayliklardan mahrumlikni anglatadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda bir milliardga yaqin odam ko‘rish qobiliyatining biron-bir buzilishi bilan yashaydi. Biroq yaqinni yoki uzoqni ko‘ra olmaslikni ko‘zoynak, kontakt-linzalar yoki jarrohlik amaliyoti yordamida osongina tuzatish mumkin bo‘lsa, ko‘rish bilan bog‘liq jiddiy buzilishlar yoki to‘liq ko‘rlik ba’zan mustaqillikni va o‘z hayotini nazorat qilishni butunlay yo‘qotishga olib keladi.

Yanada tashvishli jihat shuki, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi odamlar ko‘pincha yakkalanib qoladilar, tashqi yordamga muhtoj bo‘ladilar, ta’lim olish va ish topish borasida to‘siqlarga duch keladilar. Shu nuqtayi nazardan, bunday insonlarga to‘laqonli hayot kechirishda yordam beradigan asosiy vositalardan biri Brayl alifbosidir.

Brayl alifbosi nima? U bo‘rtiq nuqtalarga asoslangan maxsus alifbo bo‘lib, ko‘zi ojiz insonlarning savod chiqarishi uchun 1824-yilda fransuz tiflopedagogi Lui Brayl tomonidan yaratilgan.

Olti nuqtadan iborat turli kombinatsiyalar alifboning barcha harflarini, raqamlarni, musiqiy, matematik va ilmiy belgilarni ifodalashga imkon beradi. Ular yordamida ko‘zi ojiz odamlar kitob va gazetalardan tortib, yuridik hujjatlar va saylov byulletenlarigacha bo‘lgan turli manbalardan ma’lumot olishlari va har qanday materiallar bilan tanishishlari mumkin.

BMT Bosh Assambleyasining 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasida Brayl alifbosi ko‘z ojizlar va zaif ko‘ruvchilar uchun asosiy yozma muloqot vositasi ekanligi qayd etilgan.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 2-moddasiga ko‘ra, Brayl alifbosi ko‘zi ojizlar uchun muloqot vositasi bo‘lib, ularning ijtimoiy integratsiyasini ta’minlashga yordam beradi hamda ta’lim olish, fikr bildirish erkinligi va axborot olish huquqini amalga oshirishda katta ahamiyatga ega.

O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasi 2018-yilda qabul qilgan qarorga muvofiq, har yili 4-yanvarda Butunjahon Brayl alifbosi kuni nishonlanadi. Mazkur xalqaro sana Brayl alifbosining ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar o‘rtasida savod chiqarish, ta’lim olish, ma’rifiy savodxonlikni oshirishdagi ahamiyatini xalqaro miqyosda e’tirof etish, bu yozuvda o‘quv, ilmiy, siyosiy va badiiy adabiyotlarni nashr qilishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida nishonlab kelinmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda ham Brayl alifbosida turli nashrlar, jumladan huquqiy adabiyotlar chop etilmoqda. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi muhim huquqiy hujjatlar matni Brayl alifbosida nashr etilib, tegishli kutubxonalarga beg‘araz taqdim qilinganini ta’kidlash lozim.

Bularning barchasi O‘zbekistonda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning savodxonligini oshirish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari jamiyatimiz hamda davlatimizning doimiy e’tiborida turganidan dalolatdir.

Bunda, xususan, 2022-yil 20-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligi alohida diqqatga sazovor. Bu hujjat «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Prezident qaroriga ko‘ra, o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

· o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish;

· o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosida o‘qitiladigan ta’lim dasturlariga qo‘yiladigan davlat talablarini takomillashtirish;

· o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosiga o‘qitishda zamonaviy axborot texnologiyalar, innovatsion vositalar va usullarni keng qo‘llash;

· ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda bo‘lishini, shu jumladan surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishini ta’minlash;

· ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-mehnat ko‘nikmalarini hosil qilishiga va jamiyatga uyg‘unlashuviga ko‘maklashish.

Shu negizda 2023-yil 1-yanvardan boshlab, talablardan kelib chiqqan holda, yurtimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda «Ishga marhamat» monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Bu maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar — bepul, qolgan shaxslar — pullik asosda o‘qitiladi.

Bundan tashqari, davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki «yuguruvchi satrlar» bilan namoyish etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga o‘qishga qabul qilishda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatni taqdim etish talab etilmaydi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashayotgan eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar majburiy tartibda surdotarjimon xizmatlari bilan ta’minlanadi.

Bugungi kunda, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bino va inshootlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-mehnat ko‘nikmalarini hosil qilishga va jamiyatga uyg‘unlashuviga ko‘maklashuvchi vositalar, jumladan, Brayl alifbosidagi ma’lumotlar aks ettirilgan stendlar, video va fotosuratlar, ma’lumotlarni bir vaqtning o‘zida matn ko‘rinishida taqdim etadigan video- va audiomateriallar hamda boshqa vositalar bilan ta’minlash majburiy hisoblanadi.

 

G‘ulom MIRZO

O‘zA

Powered by GSpeech