YANGI O‘ZBЕKISTON KONSTITUTSIYASI xalqimizga adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi

Yangi O‘zbekiston hayotining turli sohalarida izchil davom etayotgan keng ko‘lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu yil mamlakatimizda "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!" degan bosh g‘oya asosida nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami tadbirlarida ushbu omilga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.

Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoqlab ovoz berdi. Bu, o‘z navbatida, yangilangan Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan yaqqol dalolatdir.

O‘zbekiston Prezidentining “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.

Endilikda Konstitutsiyamizning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.

Keyingi 16 oy davomida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi doirasida mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish borasida izchil hamda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunki Konstitutsiya va qonun ustunligi barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni hisoblanadi.

Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli navbatdagi kitobini alohida ta’kidlash lozim. Chunki davlatimiz rahbari ushbu salmoqli siyosiy asarida xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan bir qator asosiy chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalgan.

Xalqimizning xohish-irodasiga binoan yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan hayotiy tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish zarur. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Biz keyingi vaqtlarda “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan ezgu tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidaga aylantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz”.

O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari hamda farmon va qarorlari, milliy taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlarida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etishning tub siyosiy-nazariy mohiyati, tashkiliy-amaliy mexanizmlari chuqur ochib berilgan.

Shu o‘rinda 2023-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini ta’kidlash maqsadga muvofiq. Unda belgilanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.

Farmon asosida o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Ushbu Farmon bilan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

Shuningdek, 2023-yil 7-noyabrda Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan davlat rahbarining 10 ta farmoni va 4 ta qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 2-fevralda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni ham qabul qildi.

Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 19-fevralda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolaganini alohida ta’kidlash zarur. Qonun bilan o‘nlab qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan mutlaq vakolatlarini hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari takomillashtirilishini, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibi amaldagi qonunchilikda belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shuningdek, 2024-yil 17-oktabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Ayni yo‘nalishda milliy parlament palatalari tomonidan ham tegishli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan 2023-yil 15-mayda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilinib, 10 mingga yaqin targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi hamda bepul onlayn kurs yaratildi.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yil 3-oktabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qaror bilan hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan muayyan nizom va reglamentlarning ayrim bandlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2023-yil 23-iyunda “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Unda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini inobatga olib, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ hujjatning mazmunini baholashi va zarur hollarda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi yuzasidan muhim tushuntirishlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2023-yil 5-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini tasdiqlash haqida”gi qarorini e’lon qildi.

Xulosa qilib aytganda, har qanday qonun avvalo uni bilish va hurmat qilish, unga so‘zsiz rioya etish orqali tom ma’noda qonuniylik hamda amaliylik kasb etadi. Konstitutsiyaning normalarini ham aynan ana shu ongli itoatkorlik harakatga keltiradi.

Bu, avvalambor, mansabdor shaxslarning ham, fuqarolarning ham Konstitutsiyani bilishlarini qat’iy talab etadi. Yuksak huquqiy madaniyatsiz Konstitutsiyaning boy salohiyatini to‘liq amalga oshirish mumkin emas. Ammo, Konstitutsiyani bilishning o‘zi bilan ham kifoyalanib bo‘lmaydi. Shu bois jamiyatda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash bilan bog‘liq xayrli an’ana Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirishga xizmat qilishini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu borada davlat rahbarining Konstitutsiya kunini nishonlashga oid farmoyishlarni tasdiqlash amaliyoti alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu kunlarda Prezidentimizning 2024-yil 17-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan joylarda qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy tadbirlar tashkil etilayotgani o‘z samarasini beradi. Jumladan, «Konstitutsiya oyligi» doirasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda o‘tkaziladigan Konstitutsiya darslari katta ahamiyat kasb etishi tayin.

 

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech