YANGI O‘ZBEKISTON G‘OYASI HAYOTIY VOQELIKKA AYLANMOQDA

 “Global ahamiyatga ega tashabbuslarimiz jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro maydonda O‘zbekistonning raqobatbardosh mamlakat, ishonchli hamkor sifatidagi obro‘-e’tibori yuksalib bormoqda. Hech shubhasiz, bularning barchasi diyorimizdagi barqarorlik, do‘stlik va hamjihatlik natijasidir”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida 2024-yil yakunlarini shunday e’tirof etdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal SAIDOV bilan o‘tgan yil sarhisobi mavzusida suhbatlashdik.

– Haqiqatan ham, jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, 2024-yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi, – deydi A.Saidov. – Shu ma’noda, o‘tgan yil xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasini real voqelikka aylantirish va yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni hayotga tatbiq etishning hal etuvchi davri sifatida Vatanimiz tarixiga muhrlandi.

O‘tgan yilda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilik va huquqiy amaliyot takomillashtirildi. Jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.  Inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishida bu boradagi milliy strategiyalar, davlat dasturlari va boshqa dasturulamal hujjatlarning ijrosi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash lozim.

– «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida qanday ishlar bajarildi?

– Avvalo, Davlat dasturida har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni tubdan kuchaytirish hamda katta qismini shijoatli yoshlar tashkil etadigan tadbirkorlar toifasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish imkonini berdi.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ijrosi inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Strategiya tadbirlari BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyiliga hamohang amalga oshirildi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi talablariga muvofiq hamda BMTning ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda inson huquq va erkinliklarini, xususan, bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim tadbirlar amalga oshirildi.

– O‘tgan yili ayni shu yo‘nalishda qanday qonunchilik hujjatlari qabul qilindi?

–  Bu haqda fikr yuritganda, dastavval, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”dagi chora-tadbirlarning bajarilishi Milliy markaz tomonidan har chorakda monitoring qilib borilayotganini qayd etish lozim. O‘tgan davrda “Yo‘l xaritasi” 88 foiz ijro etilgan.

Ya’ni Milliy strategiya “yo‘l xaritasi”dagi jami 78 ta banddan 69 tasi to‘liq bajarilgan, 2 band nazoratdan yechilgan, 7 bandni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Jumladan, 2024-yil davomida Milliy strategiya doirasida 13 ta qonun, Prezidentimizning 15 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 8 ta qarori qabul qilindi hamda ijroga yo‘naltirildi.

Xususan, o‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risidagi, Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi, Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunlar qabul qilindi.

Shuningdek, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari uning yangi shakllari — g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi doirasiga kiritildi.

Davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur bo‘lgan samarali choralar ko‘rishi belgilandi. Shu bilan birga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarining tegishli moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Shu negizda Vazirlar Mahkamasining “Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori kuchga kirdi.

Mamlakatimizda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. Gender tenglik va ayollar huquqlarini ta’minlash ishlari kuchaytirilib, O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetkazildi. Yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizini ayollar tashkil etmoqda. Tadbirkor ayollar safi ikki barobarga ko‘payib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi.

O‘tgan yilda yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko‘payib, talabalarning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning to‘laqonli hayot kechirishlarini ta’minlash uchun mutlaqo yangi tizimga asos solindi. Natijada davlatning nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabati, mas’uliyati yangi darajaga ko‘tarilmoqda.

 Nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek, ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi. Ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ularga moneliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini nazarda tutuvchi normalar belgilandi.

O‘zbekiston parlamenti 2024-yilning o‘zida Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Jumladan, Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi, To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi, Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi, Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi konvensiyalar ratifikatsiya qilindi. O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining jami ratifikatsiya qilingan konvensiyalari soni 25 taga yetdi.

– O‘tgan yilda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar samaralari tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga hissa qo‘shgan eng muhim omillarga muxtasar to‘xtalish mumkinmi?

Birinchidan, 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi asosida “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqadagi giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurashish bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlangan. BMT rasmiy hujjatida O‘zbekistonning yangi siyosati natijasida mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Ikkinchidan, 2024-yil 7-iyun kuni Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasida O‘zbekiston ilk marotaba Yevropa hududidan eng ko‘p ovoz to‘pladi va Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Bu yutuq O‘zbekistonning global mehnat siyosatida, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g‘oyalarning ishlab chiqilishida bevosita faol ishtirok etishiga qulay imkoniyat yaratdi.

Uchinchidan, 2024-yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston va Xitoy tomonidan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot kuni”ni belgilash bo‘yicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi. Ushbu rezolyutsiyada O‘zbekiston rahbariyatining umumiy xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash uchun hamjihatlik ruhini rivojlantirish, amaliy hamkorlikka intilish, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishga qaratilgan g‘oyalari o‘z ifodasini topgan.

To‘rtinchidan, 2024-yil iyun oyida 2025-2027-yillar uchun BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston 185 mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, EKOSOSga saylandi. Mamlakatimiz o‘z tarixida ilk bor ushbu tuzilmaga a’zo bo‘ldi. Binobarin, BMT doirasida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, shuningdek, atrof-muhitni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda EKOSOS muhim o‘rin tutadi.

Beshinchidan, 2024-yil 13-avgust kuni O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan «Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi» rezolyutsiyasini qabul qildi. Mazkur rezolyutsiya shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan O‘zbekistonning «Yashil makon» milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Rezolyutsiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, jumladan kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi hissasi alohida ta’kidlangan. Rezolyutsiya mohiyat jihatidan inson huquqlari ta’minlanishiga iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatishni ham nazarda tutadi.

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi bugungi kunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Doiraviy konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij bitimi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar jarayonining oliy organi hisoblanadi. Tomonlar konferensiyasi har yili o‘tkaziladi va unda raislik BMT tomonidan tan olingan beshta hududdan biriga navbatma-navbat o‘tadi.

Binobarin, 2024-yilda Ozarbayjon 29-Tomonlar konferensiyasi (COP29) raisi etib saylandi. Keng muloqot maydoni sifatida COP29 konferensiyasida 198 mamlakatdan 50 mingdan ortiq ishtirokchi to‘plandi.

O‘tgan yil 11-22-noyabr kunlari o‘tkazilgan COP29 konferensiyasi doirasida Iqlim o‘zgarishi sharoitida bolalarning sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarini ta’minlash mavzusida parallel tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Butunjahon bola huquqlari kuni va BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganining 35-yilligi munosabati bilan tashkil etildi.

Mamlakatimizda  2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilindi. Shu muhim omil ham O‘zbekiston Prezidenti ilgari surayotgan va izchillik bilan amalga oshirilayotgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar o‘rtasidagi uzviy hamda mantiqiy bog‘liqlikni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

– BMT Inson huquqlari kengashi Uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining yurtimizga tashrifi o‘tgan yilning muhim voqealari sirasiga kiradi. Shunday emasmi?

– Darhaqiqat, O‘zbekiston taklifi bilan BMT Inson huquqlari kengashining Uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal 2024-yil 19-30-avgust kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U mamlakat parlamenti, sudlari va hukumati a’zolari bilan uchrashdi.

Janob B.Rajagopal O‘zbekistonda so‘nggi yillarda uylarni o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yish va buzishlardan huquqiy himoyani yaxshilash, shuningdek, shaharsozlikda ishtirok etishni ta’minlashga qaratilgan bir qancha yangi qonunlar, ayniqsa, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganini olqishladi.

Bu bejiz emas. Chunki yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligini, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga esa uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishini belgilovchi norma nazarda tutilgan.

Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar qonun hujjatlari bilan yanada mustahkamlangan. Shu negizda yurtimizda xususiy mulkning va mulkdorlar huquqlarining himoya qilinishi kafolatlari kuchaytirilmoqda.

Shuni alohida qayd etish joizki, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari va inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Milliy markazga 2024-yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachilari ko‘targan masalalar va yakka tartibdagi murojaatlar bo‘yicha 20 ta hujjat kelib tushdi. Mazkur masalalar yuzasidan tegishli ma’lumotnoma tayyorlanib, Maxsus ma’ruzachilarga taqdim etildi.

O‘tgan yil davomida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha BMTning ustav va shartnomaviy organlari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 6 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilindi.

Ma’lumki, 2024-yil 22-mart kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasi doirasida Universal davriy hisobot yuzasidan O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti tasdiqlandi. Mamlakatimiz Universal davriy hisobot tavsiyalarini muntazam bajarib kelmoqda.

Milliy markaz 2024-yilda xalqaro tashkilotlarning hamda hamkor xorijiy davlatlarning inson huquqlari to‘g‘risidagi hisobotlarida taqdim etilgan ma’lumotlarga sharhlar tayyorlash ishini ham davom ettirdi. Xususan, AQSH Davlat departamentining “2023-yil uchun Inson huquqlari bo‘yicha hisoboti” va “Human Rights Watch” xalqaro nohukumat tashkilotining 2023-yil uchun hisoboti bo‘yicha sharhlar tayyorlandi.

– Inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikning yana qaysi jihatlariga to‘xtalishni istardingiz?

– Albatta, 2024-yil 13-14-iyun kunlari Samarqand shahrida “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror yechimlar topish” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Forum BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi, BMTning O‘zbekistondagi jamoasi, BMTning Taraqqiyot Dasturi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, F.Ebert va K.Adenauer jamg‘armalari ko‘magida tashkil etildi.

Anjumanda 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari, mustaqil ekspertlar of-layn hamda on-layn formatlarda ishtirok etdi. Forum yakunida “Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilindi.

O‘tgan yil davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 7 ta tadbir tashkil etildi. Yevropa Kengashi Hamkorlik dasturlari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun “Qonun ustuvorligi” bo‘yicha HELP dasturi doirasida esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.

Yil davomida inson huquqlari sohasida xalqaro tajriba almashish hamda mazkur sohada samarali hamkorlikni davom ettirish maqsadida Milliy markazga xalqaro hamkorlarning 20 ga yaqin tashrifi amalga oshirildi. O‘z navbatida, Milliy markaz vakillari Varshava, Jeneva, Moskva, Sankt-Peterburg, Bangkok, Nyu-York, Boku, Parij, Doxa, Strasburg, Jidda, Ar-Riyod, Pekin, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turli forumlarda qatnashdi.

O‘tgan yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalari talablari, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini ro‘yobga chiqarishga doir milliy harakatlar rejalari bajarilishini monitoring qilishda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan bir qatorda 80 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti ham ishtirok etdi. Monitoringlar davomida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning mamlakatimiz hududlaridagi ijrosi atroflicha o‘rganildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha inson huquqlariga oid qonun ijodkorligi faoliyati haqida qanday fikr bildirasiz?

– O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etilishi izchil amalga oshirilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari inson huquqlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Xususan, 2024-yilda 69 ta normativ-huquqiy hujjat mazkur ekspertizadan o‘tkazildi.

Milliy markaz tomonidan 2024-yilda 9 ta Kodeksni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi. Shuningdek, 20 dan ortiq qonun loyihasi ekspertizadan o‘tkazilib, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga taklif va tavsiyalar tayyorlandi hamda tegishli tartibda taqdim etildi.

Milliy markaz tomonidan o‘tgan yilda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ham ishlab chiqildi. Jumladan, “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlanib, kelishish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborildi.

Ayni vaqtda “Fuqarolarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqini ta’minlash munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.

O‘tgan yilda inson huquqlari sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qanday ahamiyat kasb etdi?

– Milliy markaz 2024-yil davomida davlat organlari bilan xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan 6 ta milliy harakatlar rejasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish borasida yaqin hamkorlikda ish olib bordi. Yil davomida birgalikda 10 ga yaqin tadbir tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan milliy ma’ruzalar, milliy harakatlar rejalarini tayyorlash, ularning ijrosini monitoring qilish, joylarga chiqib o‘rganish, inson huquqlarini tiklash borasida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash yuzasidan tuzilgan ishchi guruhlarning faoliyati bevosita mas’ul davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Milliy markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish yuzasidan takliflarni, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorladi. Qonunchilik hujjatlarini inson huquqlarini ta’minlashga muvofiqligi nuqtayi nazaridan ekspertizadan o‘tkazdi.

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, aholining inson huquqlari sohasidagi xabardorligini oshirish, inson huquqlari masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish tadbirlarini o‘tkazishda Milliy markaz tegishli davlat organlari, ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Milliy markaz BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan davriy ma’ruzalarni, milliy harakat rejalari loyihalarini tayyorlash, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi holatini joylarga chiqib o‘rganishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan birga ishlamoqda.

Milliy markaz fuqarolik jamiyati vakillari bilan BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalari amalga oshirilishini monitoring qilish jarayonida ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, 2024-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi normalari amalga oshirilishi bo‘yicha 2 ta monitoring, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalari amalga oshirilishi bo‘yicha 1 ta monitoring, “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” o‘quv kurslarini o‘qitish sifati bo‘yicha 4 ta monitoring hamda jazoni ijro etish muassasalarida inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha 1 ta monitoring o‘tkazildi.

Milliy markaz fuqarolik jamiyati institutlari bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, huquqlari masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun o‘quv-seminarlar va treninglar tashkil etish yo‘nalishida ham o‘zaro hamkorlik qilmoqda.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha davriy ma’ruzalarini tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida fuqarolik jamiyati institutlari muqobil ma’ruzalari tayyorlanishini olqishlaydi. Chunki bu inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga doir ma’lumotlarning ishonchlilik darajasini oshiradi hamda fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat hayotidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat beradi.

Milliy markaz tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish, milliy harakatlar rejasi loyihalarini tayyorlash, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishiga bag‘ishlangan 10 dan ortiq seminar-trening tashkil etildi. Hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlarda 100 dan ziyod fuqarolik jamiyati instituti vakillari o‘z taklif va mulohazalari bilan ishtirok etdi.

– Jamiyatda huquqiy ma’rifat va inson huquqlari bo‘yicha madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarga qanday aniq misollar keltirish mumkin?

– Milliy markaz 2020–2024-yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishda faol qatnashdi. Shu munosabat bilan 2024-yilda 20 dan ortiq malaka oshirish kursi, 50 dan ziyod seminar-trening, 2 ta forum, 5 ta konferensiya hamda 80 dan ortiq axborot-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘tgan yilda Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturida aholining inson huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirish yuzasidan bir qator ta’sirchan amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 35-yilligi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 45-yilligi hamda Qiynoqlarga qarshi konvensiya qabul qilinganligining 40-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturlari doirasida ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv, ilmiy va ommabop tadbirlar tashkil etildi.

Mamlakatimizda, shuningdek, “Inson huquqlari” o‘n kunligi e’lon qilindi. Uning doirasida barcha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazildi.

Yil davomida 45 ta xalqaro hujjat davlat tiliga tarjima qilindi va qayta tahrir etilib, 4 ta to‘plam holida nashr etildi. Bu o‘rinda “BMTning jinoyatchilikka qarshi kurashish va odil sudlovga oid xalqaro shartnomalari”, “Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy shartnomalari”, “1949-yil 12-avgustdagi Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokollar”, “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (o‘zbek, qoraqalpoq, ingliz va rus tilida)” nomli to‘plamlar haqida so‘z bormoqda.

Yana bir muhim natija: 2024-yil 3-dekabr kuni Toshkentda Inson huquqlari uyining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. «Inson huquqlari uyi» nomi ostida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantirildi va rivojlantirilmoqda.

O‘tgan yil davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan 5 ming 719 ta axborot Milliy markaz rasmiy saytiga joylashtirildi. Milliy markaz matbuot xizmatining axborotlari, shuningdek, O‘zbekiston tele-radio kanallari, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va veb-saytlarda e’lon qilindi. Ingliz va rus tillariga tarjima qilingan 210 taga yaqin axborot ommaviy axborot vositalarida keng tarqatildi.

Milliy markazda BMT tomonidan belgilangan xalqaro kunlarga bag‘ishlangan maqolalar chop etish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yil davomida 265 ta maqola, intervyu va ko‘rsatuvlar tayyorlandi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.

Milliy markaz tomonidan har yili 25 dan ortiq nomdagi nashr chop etiladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davriy nashrlarni hisobga olmagan holda, nashr etilgan adabiyotlarning umumiy hajmi 363 bosma varaqni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilda 221 bosma varaq bo‘lgani inobatga olinsa, ayni sohada ham izchil o‘sish kuzatilganini ko‘rish mumkin.

Shunday qilib, 2024-yilda geosiyosiy qarama-qarshilik, harbiy mojarolar avj olishining salbiy oqibatlari va iqlim o‘zgarishi tahdidlariga qaramay, O‘zbekistonda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Binobarin, ayni soha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

 

G‘ulom MIRZO suhbatlashdi

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 9 yanvar kungi 6 (1331)-soni

Powered by GSpeech