Mediasavodxonlikni oshirish – raqamli davr talabi

Yangi, 2025-yil insoniyatning haqqoniy va xolis axborotdan foydalanish huquqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxl qiladigan bir qadar tashvishli yangiliklar bilan boshlandi. Gap shundaki, amerikalik media magnat, internet-tadbirkor, “Meta” platformasi raisi va ijrochi direktori Mark Sukerberg o‘zi nazorat qiluvchi aksiyadori hisoblangan internet-platformalar Amerika Qo‘shma Shtatlarida faktlarni tekshirish dasturi faoliyatini to‘xtatishi hamda “Facebook” va “Instagram”da fikrlar bildirilishiga cheklovlar bekor qilinishi haqida bayonot berdi.

Mark Sukerberg mazkur qarorini, birinchidan, axborotni tekshirish bilan shug‘ullanadigan shaxslar go‘yoki ayni jarayonda siyosiy kaltabinlikka yo‘l qo‘yishlari ehtimoli mavjudligi bilan izohladi. Ikkinchidan, u o‘z o‘zini nazorat qilish va tartibga solish, oxir-oqibat, haddan ortiq senzuraga olib kelishi mumkinligini da’vo qildi. Shuning uchun “Meta” platformalarida yana emin-erkin fikr bildirish amaliyotiga qaytishga chorladi.

Ushbu bayonot tahliliga bag‘ishlab "The wall street journal" platformasida e’lon qilingan maqolada qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar kompaniyalari o‘z platformalarida chop etilgan kontentni hech qachon tajovuzkorona nazorat qilishni istashmagan. Endilikda esa bunga hojat ham qolmayapti.

O‘z navbatida, Faktlarni tekshirish xalqaro tarmog‘i (IFCN) Mark Sukerbergning “uydirma”dan iborat da’vosini inkor qildi. Bunday qarorning tahlikali oqibatlari borligidan ogoh etdi.

Nima bo‘lganda ham, tahlilchilar haq: “Facebook” va “Instagram” kabi foydalanuvchilari va obunachilari soniga ko‘ra yetakchi o‘rinda bo‘lgan ikkita yirik platformada kontent monitoringi yuritilmasligi Internetda "feyk"lar hamda dezinformatsiya, ya’ni soxta va yolg‘on axborotning ko‘payib ketishiga olib keladi.

Muhimi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk “Meta” tomonining faktlarni tekshirishni to‘xtatishga oid qaroriga 2025-yil 10-yanvar kuni X platformasi orqali o‘z munosabatini bildirdi. BMTning bosh huquq himoyachisi qayd etganidek, ijtimoiy tarmoqlardagi nafrat va adovatga gijgijlaydigan xabarlar "tom ma’noda yomon oqibatlar"ga olib keladi va shu bois kompaniyalar kontentni tartibga solish uchun javobgardir.

Folker Tyurkning fikricha, bunday kontentni tartibga solish senzura hisoblanmaydi. Aksincha, ijtimoiy tarmoqlarda nafrat kayfiyatini qo‘zg‘aydigan chiqishlarga yo‘l qo‘yar ekan, ushbu kompaniyalar so‘z erkinligini cheklagan va o‘zlarining foydalanuvchilariga yetkazishlari mumkin bo‘lgan “naqd zarar”ni bilib-bilmaganga olgan bo‘lib chiqadi.

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar ta’kidlaganidek, ijtimoiy tarmoq platformalari odamlarni birlashtirib, jamiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatish borasida ulkan salohiyatga ega. Biroq ular nizolarni keltirib chiqarishi va foydalanuvchilar xavfsizligiga chinakam tahdid solishi ham mumkin.

"Ideal holatda ijtimoiy tarmoqlar – bu turli qarashlarga ega odamlar bir-biri bilan kelishmagan taqdirda ham o‘zaro fikr almashishi mumkin bo‘lgan joy", dedi F.Tyurk. Shuningdek, Oliy komissar raqamli makonni tartibga solishga va shunga mos ravishda ommaviy ochiq muloqotni hamda uning barcha ishtirokchilari qadr-qimmatini himoya qilishga chorlashda davom etishini bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shubhasiz, onlayn makonni doimiy ravishda kuzatib va baholab boradi. Bu haqda BMTning Jeneva bo‘limi vakili Mishel Zakkeo to‘xtaldi. Nufuzli xalqaro tashkilotning televideniye, radio va veb-translyatsiya uchun mas’ul shaxsi: "Biz uchun dalillarga asoslangan ma’lumotlarni taqdim etish hamon muhim", deb uqtirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham sog‘liq haqida sifatli, ilmiy asoslangan ma’lumotlarni taqdim etishga sodiqligini tasdiqladi. Bundan tashqari, BMT Global kommunikatsiyalar departamenti raqamli dezinformatsiya tufayli yuzaga kelgan ayni inqirozga javoban soxta ma’lumotlarga qarshi kurashish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Bunday inqiroz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli axborot sohasida izchil ilgarilab borayotgan Yangi O‘zbekiston jamiyatini ham sergak va hushyor bo‘lishga undashi tabiiy. Chunki bugungi kunda zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlari va ish joylarida, balki radio-televideniye, matbuot, Internet kabi vositalar, ya’ni medianing xilma-xil turlari orqali ham rang-barang axborotlarni olmoqda.

Globallashuv va axborot asri odamzod uchun qator mo‘jizaviy qulayliklar yaratgan bo‘lishiga qaramay, bir qancha muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Yangidan yangi kommunikatsiya texnologiyalari tomonidan behisob axborot oqimi muhim-nomuhimlik jihatidan muayyan tizimga solinmasdan, palapartish holda taklif etilayotgani kutilmagan jiddiy muammo – axborot yetishmasligini keltirib chiqarmoqda. Ya’ni, foydalanuvchilar o‘ziga kerakli axborotni topib olishi tobora murakkablashib bormoqda.

Media tomonidan ana shu ko‘p miqdordagi axborotlar orqali aks ettirilayotgan voqelik – ko‘pincha “haqiqiy” voqelik emasligining o‘zi yana bir muammodir. Yangi medialarda yagona til va yagona madaniyatning yaqqol ustunlik qilishi misolida foydalanuvchilarga axborot bosimi o‘tkazilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Afsuski, zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallagan yoshlarning aksariyati o‘zlariga taqdim etilayotgan axborotning asl ma’nosini, tub mazmun-mohiyatini xolis baholash va to‘g‘ri ilg‘ab olish uchun yetarlicha ko‘nikmaga ega emas. Qolaversa, xorijiy ekspertlarning fikricha, bugungi kunda dunyoda raqamli mediadan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan kishilar va (yoki) media mahsulotlari mazmunini tanqidiy baholash ko‘nikmasi shakllanmagan foydalanuvchilar o‘rtasida yangi sotsial portlash yuz berishi tahdidi ham mavjud.

YUNESKO yaqinda o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, inflyuyenserlar, ya’ni blogerlar 62 foiz ma’lumotni ulashishdan oldin tekshirmaydi. Bu hol, albatta, dezinformatsiya tarqalishiga va jamoatchilik ishonchining pasayishiga olib keladi. Shuning uchun ushbu xalqaro tashkilot: "Mediasavodxonlik va faktlarni tekshirish muhim, aks holda, ijtimoiy tarmoqlardagi axborot ishonchsiz bo‘lishi mumkin", degan ogohlantirish bilan chiqdi.

Shu ma’noda, xalqaro miqyosda kontentlar moderatsiyasi tanazzulga uchrayotgan hozirgi tashvishli davrda jamiyatimizda ushbu yo‘nalishda bir qator fikr-mulohazalar muhokama qilinayotgani e’tiborga loyiq. Ulardan ayrimlariga muxtasar to‘xtalamiz.

Birinchi mulohaza. Mustaqillik yillarida ta’lim, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari tizimlari faoliyatining mustahkam huquqiy asoslari yaratildi. Shu bilan birga, “mediata’lim”, “mediasavodxonlik”, “mediamadaniyat” degan tushunchalar, ularning qo‘llanishi bilan bog‘liq norma va qoidalar milliy qonunchiligimizda hali mavjud emas.

Vaholanki, bu atamalar xalqaro huquqda uzoq yillardan buyon  iste’molda  bo‘lib, ular bir qator xalqaro-mintaqaviy hujjatlarda o‘z aksini topgan. Masalan, "Gryunvald mediata’lim deklaratsiyasi" (1982-yil), "Raqamli davrda mediata’lim" (Vena konferensiyasi tavsiyanomalari. YUNESKO, 1999), Yevroparlamentning 2008-yil 16-dekabrdagi Raqamli texnologiyalar dunyosidagi mediasavodxonlik bo‘yicha qarori (2008/2129(INI)), Yevropa Komissiyasining 2007-yil 20-dekabrdagi "Raqamli texnologiyalar dunyosida mediasavodxonlikka Yevropa yondashuvi" nomli bayonoti (COM(2007)0833), "Parlament Assambleyasining Mediata’lim bo‘yicha tavsiyanomalari" (Yevropa Kengashi, 2000-yil 6-iyundagi 8753-sonli hujjat) shular jumlasidandir.

Shunday ekan, milliy qonunchilik hujjatlari “mediata’lim”, “mediasavodxonlik”, “mediamadaniyat” tushunchalari va ularga taalluqli ilg‘or normalar bilan to‘ldirilishi o‘rinlidir. Xususan, loyihasi muhokama qilinayotgan Axborot kodeksida milliy manfaatlarimiz va umume’tirof etilgan xalqaro standartlar talablariga javob beradigan bu boradagi qoidalar o‘z aksini topishi lozim, deb o‘ylaymiz.

Ikkinchi mulohaza. Yangi O‘zbekiston ta’lim tizimiga “mediata’lim”, “mediasavodxonlik”, “mediamadaniyat” tushunchalarini o‘rgatadigan maxsus o‘quv dasturi kiritilishi kerak. Bu sohadagi bilimlarni o‘qitish va o‘rgatish o‘quvchi-talabalarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali raqamli dunyoda yanada mas’uliyatli foydalanuvchi bo‘lishga yordam berishi, ularning ijtimoiy-madaniy salohiyatini kuchaytirishi va pirovardida o‘smirlar va yoshlarning to‘g‘ri axborotni tanlash qobiliyatini oshirish orqali jamiyatning umumiy axborot xavfsizligiga hissa qo‘shishi tayin.

Zero, “Mediata’lim” (media education) – medianing barcha turlari va texnologiyalari bilan bog‘liq tushuncha bo‘lib, u mediamatnlarni tahlil qilish, tanqidiy mushohada etish va mediamatnlar yaratish; mediamatnlar manbalarini aniqlash, ularning zamiridagi siyosiy, ijtimoiy, tijoriy va/yoki madaniy manfaatlarning tub mazmun-mohiyatini anglab olish; mediamatnlarni va media tomonidan targ‘ib etilayotgan qadriyatlarni to‘g‘ri talqin etishga doir bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishni anglatadi.

Uchinchi mulohaza. Internetdan foydalanishda tanqidiy fikrlash va ishonchli manbalardan foydalanishni o‘rganish jamiyatimizning hamma a’zolari uchun birdek juda muhimdir. Nega deganda, yolg‘on axborotning "qurboni"ga aylanmaslik uchun har bir ma’lumotni “faktcheking qilish”, ya’ni tekshirish talab etiladi. Aks holda, global axborot va raqamli asrda "feyklar girdobi"ga tushib qolish hech gap emas.

Shu nuqtayi nazardan, mediasavodxonlikni oshirish – uzluksiz jarayon bo‘lib, jamiyatning barcha qatlamlarini jalb etadigan darajada keng qamrovli bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, davlat institutlari, ommaviy axborot vositalari va jamiyat o‘rtasida sog‘lom tamoyillar hamda samarali muloqotga asoslangan kommunikatsiyani o‘rnatish, kontent ishlab chiqishda ommaviy axborot vositalarining professionalligini oshirish bu yo‘nalishda katta ahamiyatga ega.

Milliy ekspertlar fikricha, raqamli asrda dipfeyk (sun’iy intellekt yordamida insonning yuz ifodalari, ovozi va hatto harakatlarini soxtalashtiruvchi texnologiya), kiberjinoyat va boshqa shakllarda tobora murakkablashib borayotgan dezinformatsion oqimlarga qarshi kurashish masalasi har qachongidan-da dolzarbligi, aholi mediasavodxonligini oshirish samarali yechimlar qatoriga kiradi. Binobarin, dezinformatsiya oqibatlari ommaviy axborot vositalari doirasidan ancha chetga chiqadi va:

· an’anaviy ommaviy axborot vositalari va institutlariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi;

· ijtimoiy nizolarni keltirib chiqaradi;

· jamiyatning qutblanishini kuchaytiradi;

· odamlarning siyosat, sog‘liqni saqlash va ekologiya kabi muhim sohalarda asosli qarorlar qabul qilishiga to‘sqinlik qiladi.

Muxtasar aytganda, mediata’lim, mediasavodxonlik va mediamadaniyat nafaqat to‘g‘ri axborot manbalarini tanlashga yordam beradi, balki jamiyatning sog‘lom va mas’uliyatli fuqarolarini tarbiyalashda ham qo‘l keladi. Binobarin, xolis, dalillarga asoslangan, ishonchli axborotni tezkor yetkazishda ijtimoiy tarmoqlardan, sun’iy intellektdan oqilona va unumli foydalanish jamiyat farovonligi hamda mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridandir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech