Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li

24-yanvar – Xalqaro ta’lim kuni

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida mamlakatimiz ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarida salmoqli va ko‘lamdor ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni omil, shubhasiz, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori Yangi O‘zbekistonda ham ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralayotganidan, yanada muhimi, ushbu yo‘nalishda izchil natijalarga erishilayotganidan dalolat beradi.

BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 24-yanvar – Xalqaro ta’lim kuni deb e’lon qilingan. Bu muhim qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyati nechog‘lik yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir. Bundan ko‘zlangan maqsad:

  • insoniyatning ilm-ma’rifatga tashnaligini e’tirof etish;

  • dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari e’tiborini ta’lim sohasida mavjud muammolarga qaratish;

  • jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit ta’lim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi ustuvor masalalardan iborat.

Aslida, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.

Afsuski, keyingi davrda Internet orqali ijtimoiy tarmoqlarda tobora keng tarqalayotgan nafrat tili kaltabinlik va kamsitish kabi illatlarga tayangan holda, odamlarni tajovuzkorlikka gijgijlamoqda hamda zo‘ravonlikni odatiy voqelik sifatida qabul qilishga ko‘ndirish uchun urinmoqda. Butun dunyoda turli nizo va ziddiyatlarning kuchayib borayotgani esa nafrat tili yoqayotgan tajovuzkor gulxanning yanada alangalanishiga turtki bo‘lmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, o‘tgan yilgi Xalqaro ta’lim kuni nafratomuz ifoda uslubi bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlangani muhim ahamiyat kasb etdi. Binobarin, nafrat tili va nafratomuz ifoda uslubi bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashning eng samarador vositasi – ta’limdir.

Shuning uchun ham, jahon jamoatchiligining e’tibori ta’lim insoniyatga nafrat tilining yanada chuqur ildiz otib ketishiga barham beradigan bir qator muhim imkoniyatlarni taqdim etishiga qaratilmoqda. Xususan, oflayn va onlayn ta’lim yordamida necha millionlab o‘quvchi-talaba yoshlarimizni nafrat tilining ziyonkorligi va uning har xil usul hamda turlaridan o‘z vaqtida voqif etish mumkin.

Yanada muhimi, ta’lim navqiron insonlarning shaxs sifatida shakllanishi va o‘zga madaniyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiya olishi uchun xizmat qiladi. Binobarin, YUNESKO tomonidan 2023-yilda chop etilgan “Ta’lim vositasida nafrat hissini gijgijlashga qarshi kurashish” nomli rahbariy qo‘llanmada ayni sohada davlat siyosatini yanada mustahkamlash yuzsidan mamlakatlar hukumatlariga muhim amaliy tavsiyalar berilganini ta’kidlash ayni muddaodir.

Shu nuqtayi nazardan, butun dunyoda pandemiya inqirozi oqibatlari tufayli ta’lim sohasida ko‘plab muammoli vaziyatlar kuzatilayotgan murakkab bir davrda O‘zbekistonda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida diqqatni tortadi. Mamlakatimizda bolalar va yoshlarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish hamda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish jarayonlari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashtirilayotgani bu fikrning amaliy ifodasidir.

O‘zbekiston Prezidenti e’tirof etganidek, “Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz”.

Ayni mas’uliyatli jarayonda, bir tomondan, BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani diqqatga sazovor. Ikkinchi tomondan, 2023-yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani har birimizga faxru iftixor bag‘ishlaydi.

 Bularning barchasi bejiz emas. Chunki davlatimiz va jamiyatimiz butun e’tiborini Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratmoqda. Prezidentimiz uqtirganidek, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”.

Shu negizda, avvalambor, yurtimizda maktabgacha ta’lim muassasalarida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, u bilan g‘ururlanish hissini uyg‘otish, dunyoqarashini kengaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Zero, biz farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Shu negizda o‘tgan 2024-yil davomida mamlakatimiz miqyosida 4 ming 644 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi va buning natijasida qo‘shimcha 170 mingdan ortiq bola o‘rni yaratildi. Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 96 foizga yetkazildi.

Yanada muhimi, 2023-yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlandi. Bu ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy  maktablar qurilmoqda, yangi darsliklar nashr etilmoqda, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil etilmoqda.

Butun dunyoda iqtisodiyotni rivojlantirishda professional ta’lim alohida o‘rin tutadi. Bu muhim voqelikni birgina raqam – taraqqiy etgan davlatlarda o‘quvchilarning 75 foizigacha kasbiy ta’lim bilan qamrab olinganligi  ham aniq tasdiqlab turibdi.

Shu jihatdan, 2024-yilda kasb-hunarga o‘qitish amaliyoti joriy etilgan maktablar soni 289 taga, yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 1 ming 500 taga, ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar soni 354 taga yetkazilgani juda muhim.

Maktablarda xorijiy tillarni ommalashtirish maqsadida xorijiy davlatlardan 500 nafar chet tili fani o‘qituvchilari jalb etildi. Til bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega xorijiy til o‘qituvchilarining soni 29 ming nafardan oshirildi.

Inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 947 taga yetkazilib, unga 2 ming nafarga yaqin o‘quvchilar qamrab olindi. Buxoro, Namangan va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida “Mehrli maktab” filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 104 ming nafar o‘quvchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishishi asnosida qayd etilganidek, mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Ta’lim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda.

O‘tgan yili bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirilib, 1 ming 200 dan ortiq ta’lim dasturi xorijiy andozalarga moslashtirildi. Jumladan, bitiruvchilarga malaka talabi to‘liq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ochildi.

Bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq ta’lim dasturlari “TOP-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi va 45 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi. Binobarin, dual ta’lim amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan.

Ma’lumki, 2024-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari har bir hududda texnika oliygohi va ilg‘or muhandislik maktablari tashkil qilish vazifasini qo‘ygan edi. Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 8 ta muhandislik maktabi ochildi.

Yaqin istiqbolda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlari ham ish boshlaydi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.

Ha, jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tgan yil mamlakatimiz uchun qutli va barakali bo‘ldi. Yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliy o‘quv yurtlari, madaniyat va sport maskanlari qad ko‘tarmoqda. Bilimli va shijoatli, navqiron yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Mamlakatimizda Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb nomlangan 2025-yilda asosiy maqsadimiz – inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratishdir. Bunda, jumladan, farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol insonlar bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport sohalariga e’tibor yanada kuchaytiriladi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston — insonning rivojlanishi va iste’dodi qadrlanadigan mamlakat. Bugun ilm­fan, ta’lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda ilm­fansiz tasavvur etish qiyin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo‘lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an’analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda. Men ishonaman, biz bu tarixiy yo‘lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan o‘rnimiz, o‘z oldimizga qo‘yayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech