Kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisida mamlakatimiz sud tizimida tergov sudyasi lavozimini joriy etishni ko‘zda tutadigan qonun ma’qullandi. Bu o‘rinda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun haqida so‘z bormoqda.
Yalpi majlisda qayd etilganidek, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” prinsipi asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmlar ishlab chiqildi.
Senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida ushbu qonun bilan tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar qonunning hayotga tatbiq etilishi tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar, deyiladi, deyiladi Senat Axborot xizmati xabarida.
Bu haqda so‘z borganda, parlamentning Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ham inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kafolatlash, shuningdek, jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqilganini haqida ham to‘xtalish lozim.
Quyi palata deputatlari, xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 28-moddasida jinoyat sud ishlarini yuritish sohasida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi konstitutsiyaviy asoslar belgilangan. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlarini ifodalovchi normalarni boshqa qonun hujjatlarida ham aks ettirishni taqozo etmoqda.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz, deb hisoblanishi belgilanyapti.
Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi o‘z aksini topmoqda.
Bundan tashqari, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor, deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi ko‘zda tutilmoqda. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.
Muhokamalarda deputatlar ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi va mas’ullardan tegishli javoblar oldi. Qayd etildiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishiga, fuqarolarning sud orqali himoya qilinish huquqi kafolatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu ma’noda, majlisda jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘lgani tabiiydir.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritish orqali, shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilanmoqda. Tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berilishi tartibi o‘rnatilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish bilan bog‘liq qonunchilikka zid xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi. Muhokama va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi, deyiladi Qonunchilik palatasi Axborot xizmatining xabarida.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.01.2025
- Ko'rishlar: 1092
- Chop etish