Ona va bolaning huquqlari ta’minlandi

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid yangi normalar, xususan ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab normalar o‘z aksini topgan.

O‘zbekiston Respublikasida onalik, otalik va bolalik davlat himoyasidadir. Bu kafolat Konstitutsiyamizning 78-moddasi va Oila kodeksining 4-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan.

Onaning muqaddas inson sifatida izzat-hurmatga sazovor bo‘lishi umumbashariy, axloqiy qoidalar bilan ifodalanadi. Onalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi va rag‘batlantiriladi.

Davlatimizda oila qonunchiligining asosiy tamoyillaridan biri – ona va bolaga g‘amxo‘rlikdir.

Fuqaro D.N. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga ariza bilan murojaat qilib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning hal qiluv qaroridan noroziligini bildirib, qaror bekor qilinishida va onalik huquqi himoya qilinishida amaliy yordam so‘ragan.

Sud qarori bilan da’vogar D.Z.ning (sobiq eri) javobgar D.N.ga nisbatan “Bolani o‘z tarbiyasiga olib berish haqida”gi da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Hali 5 yoshga to‘lmagan bolani javobgardan da’vogar tarbiyasiga olib berish belgilangan. Taraflarga kelgusida o‘zaro kelishuvga asosan bolaning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatmagan holda bola bilan uchrashish tartibini belgilash huquqiga ega ekanligi tushuntirilgan.

D.N.ning eri bilan birga yashashlari davomida qaynonasi doimiy ravishda kamsitib, xo‘rlab kelganligi, eri esa psixotrop moddalar qabul qilishi, bir marta narkologiya dispanseriga ham yotib davolanganligi, uning salbiy xatti-harakatlari, oilasini moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlamaganligi, ayol qaynonasining xo‘rlashlariga chidamasdan onasining uyiga ketib qolgani va birga yashamasligi, eri sudning aliment undirish bilan bog‘liq qarorini bajarmayotganligi sababli 32 mln so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi vujudga kelganligi haqidagi ko‘rsatuvlari sudda e’tiborga olinmagan.

Fuqarolik-protsessual kodeksining 3722-moddasida ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi, sud hujjatida bayon etilgan sud xulosalarining ish holatlariga muvofiq emasligi, bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan sud hujjatining qabul qilinmaganligi, moddiy va protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi sud hujjatini apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Oliy sud Plenumining 1998-yil 11-sentyabrdagi “Bolalar tarbiyasi bilan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori  3-bandiga ko‘ra, sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar o‘rtasida bo‘lgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi to‘g‘risidagi nizolarni hal etishda Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori qabul qilishi lozim.

Bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining o‘zi bolani unga olib berish uchun asos bo‘la oladigan shart hisoblanmasligini nazarga olgan holda, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog‘lanib qolganligini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan ko‘proq g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatayotganligini, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga ko‘ngil qo‘yganligini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o‘rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining ma’lumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini e’tiborga olishi ko‘rsatilgan.

Taqdim qilingan hujjatlar o‘rganib chiqilganda, qarzdor D.Z. undiruvchi D.N. foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment qarzdorligi 32.146.624 so‘mni tashkil qilganligi aniqlandi. Qisqacha aytganda, D.N.ning uzoq yillar mobaynida farzandi uchun ham otalik, ham onalik vazifasini yolg‘iz o‘zi bajargan.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Milliy markaz tomonidan 3 nafar voyaga yetmaganning onasi D.N.ning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida kafolatlangan huquqlari himoya qilinishi maqsadga muvofiq deb topildi va Toshkent shahar sudiga tavsiya kiritildi.

Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi tomonidan ish qaytadan ko‘rilib, D.N.ning bolasi uning o‘z qaramog‘ida qoldirilishini ta’minlovchi sud hujjati qabul qilindi.

 

Otabek Norboyev,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech