6-fevral – Butunjahon mobil
telefondan voz kechish kuni
XX asr boshlarida yashab o‘tgan amerikalik yozuvchi Ambroz Birs: “Telefon – sizga yoqmaydigan kimsalarni eshitmaslik imkoniyatidan mahrum qilgan shayton qurilmasidir”, degan ekan. Ushbu ta’rif misolida keyingi bir asr ichida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuz bergan yuksak taraqqiyot tufayli telefonning insoniyatga foydali tomonlari qanchalik oshgan bo‘lsa, uning ziyonli jihatlari ham shunchalik ko‘payganini bemalol tasavvur etish mumkin.
Bundan 30-yilcha burun Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining bir guruh jurnalistlari safida Malayziyadagi kasbiy malaka oshirish safarimiz chog‘ida Kuala-Lumpur shahrining dunyodagi eng baland teleminoralar ro‘yxatiga kirgan noyob inshootini tomosha qilish imkoniyati tug‘ilgandi. Mezbonimiz yakuniga yetayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan mashg‘ul navqiron ishchilarning bir qo‘lida – andava, ikkinchisida – antennali ixcham qurilma tutgan holatiga e’tiborimizni qaratgani yodimda.
Biz – mintaqa jurnalistlari uchun mobil telefon mutlaqo yangi voqelik edi o‘shanda. Binobarin, mezbonimiz “Osiyo yo‘lbarslari” qatorida taraqqiyot sari shaxdam odimlayotgan o‘z mamlakatining yoshlari duch kelgan qandaydir “adikofoniya”ni qanchalik yomonlamasin, biz bunday illatdan ham hali bexabar edik.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Ya’ni, 2001-yil 6-fevralida Butunjahon mobil telefondan voz kechish kuni ilk bor nishonlandi. Endi o‘zimizda ham Internet tarmog‘i va uyali aloqa tizimi rivojlanish pallasiga o‘tgandi. Shuning uchun ushbu xalqaro sana tashabbuskori ham, qolaversa, “adikofoniya” tushunchasini insoniyat shevasiga olib kirgan kashshof ham aynan bir kishi ekanidan xabardor bo‘ldik.
Bu o‘rinda SMS tilidagi dastlabki roman muallifi – fransuz yozuvchisi Fil Marso haqida so‘z bormoqda. Adibning uqtirishicha, adikofoniya – telefon va Internetga ruhiy qaramlik, virtual dunyodan uzilib qolishdan qo‘rquv, deganidir.
Kamina ham bir necha yil ilgari shunga o‘xshash kechinmalarga duch kelgan. Natijada “Telefonsizlikda” nomli mana bu she’rni bitgandim:
Qo‘l telefondan
voz kechdim, go‘yo –
mendan kechgan kabi
bu dunyo.
Moyil-zoyil
sadolar tindi.
“Sim-karta” ham
“jim-karta” endi.
Yetim kabi
saf-saf raqamlar
bo‘zlab qoldi, sag‘ir –
“otam”lab.
Qo‘ng‘iroqdosh
tanishlar xunob
savoliga
ololmay javob.
Qo‘l telefondan
voz kechdim
go‘yo...
Fil Marsoning aynan shunday xalqaro sanani taklif etishdan asosiy maqsadi ham odamlarga zamonaviy jamiyatda adikofoniya ehtimoli ortib borayotganini eslatish va hushyorlikka chorlashdan iborat bo‘lgan. Agar hozirgi paytda zamondoshlarimiz har biri kuniga o‘rtacha 6 soatu 37 daqiqa vaqtini Internetga sarflayotgani (2023-yildagi ma’lumot) hisobga olinsa, bu muammo chindan ham dolzarb ekani oydinlashadi.
Qolaversa, endilikda qo‘l telefoni faqat ko‘chma so‘zlashuv vositasigina bo‘lib qolmay, balki uning faoliyat doirasi tubdan kengaygan. Bugungi kunda mobil telefon yordamida o‘zaro xat yozishamiz, foto va video xizmatlaridan foydalanamiz, qo‘shiq va musiqa tinglab, filmlar tomosha qilamiz, savdo-sotiq bilan shug‘ullanamiz, hatto masofadan ishlashimizda ham ular qo‘l keladi.
Shu bois, bobolarimiz nosqovog‘ini hamisha yonida olib yurganidek, biz ham qo‘l telefonimizdan ajralmaymiz. Buning oqibatida insoniyat “adikofoniya”ning bir necha yangi “egizak”lariga duch kelib turibdi. Bulardan biri “nomofobiya” bo‘lsa, keyingisi – “smartfonomaniya”dir.
Nomofobiya – qo‘l telefonini yo‘qotib yoki o‘g‘irlatib qo‘yish qo‘rquvi. Bunda odam mobil telefonini qayerdadir unutib qoldirish yoxud uyidan qo‘l telefonisiz ko‘chaga chiqish ehtimolidan doim xavotirlanib yuradi.
Qizig‘i shundaki, odamlar hatto qo‘l telefonining quvvati o‘chib yo mablag‘i tugab qolishidan ham qo‘rqadi. Telefonini quvvatlantirish yoki mablag‘ o‘tkazish imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa, bunday arzimagan hollar ham ularni darhol qattiq tashvishga soladi.
Nomofobiya, aslida, jiddiy xastalik emas. Ammo, uning oqibatlari insonni vahimaga solaverib, og‘ir kasalliklarga duchor etishi mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda, Saudiya Arabistoni va Iordaniyada o‘tkazilgan tadqiqot natijasida bu ikki davlat aholisining 51 foizidan ortiqrog‘ida telefonga qaramlik tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya aholisining 53 foizi nomofobiyadan aziyat chekayotgani aniqlangan.
Smartfonomaniya – qo‘l telefonining eng yangi rusumi va unga o‘ta zamonaviy, qimmatbaho aksessuarlar – zarur jihozlar xarid qilishga bo‘lgan tiyiqsiz istak-ishtiyoqni anglatadi.
Shu ma’noda, 2004-yildan e’tiboran Butunjahon mobil telefondan voz kechish kuni bayrami mohiyatan yanada kengaygani juda muhim. Ya’ni, ushbu xalqaro sanani 6-8-fevral kunlari davomida nishonlash urfga kirmoqda.
Bunda, albatta, har kimning holi, qurbi va imkoniga qaraladi: birov uch kun ham qo‘l telefonsiz sabr qilgani holda, boshqa birov atigi bir kun chidab bersa ham mayli-da. Asosiysi, dunyo miqyosida o‘tkaziladigan bunday tadbirlarning ahamiyati katta.
Bularning barchasi, avvalo, hech bo‘lmaganda bir kun davomida qo‘l telefoni xizmatidan voz kechish yoki mobil telefon aloqasidan foydalanishni imkon qadar kamaytirish orqali insonning bu boradagi tobelikka qarshi irodasini chiniqtiradi.
Shu bilan birga, zamondoshlarimiz bir yoki bir necha kun davomida ilg‘or texnologiyalar o‘zaro mehr-oqibatli muomalaga oid odatlarini nechog‘lik izdan chiqarib yuborayotgani xususida mulohaza yuritish imkoniga ega bo‘ladi. Mehr – ko‘zda, deb bejiz aytmaydilar, axir.
Eng muhimi, ruhshunoslarning ta’kidlashicha, har gal mobil telefonni nima sababdan qo‘lga olayotganingiz haqida o‘zingizga qanchalik ko‘p hisob berishga o‘rgansangiz, shu mitti uskunaning ta’sir doirasidan chiqib, odatiy hayotdan zavqlanib yashash imkoniyatingiz shunchalik ortib boradi. Qo‘l telefoni – XXI asrning raqamli sigaretiga, inson esa uning ashaddiy kashandasiga aylanib qolmasligining eng oqilona yo‘li shu.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 04.02.2025
- Ko'rishlar: 218
- Chop etish